O'zbekiston Respublikasi Prezidenti 2020 yil 17 avgustda «Odam savdosiga qarshi kurashish to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonuniga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish haqida»gi qonunni imzoladi. Qonun matni matbuotda e'lon qilindi. Ushbu Qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran olti oy o'tgach kuchga kiradi.
Yangi Qonun bilan O'zbekiston Respublikasining 2008 yil 17 aprelda qabul qilingan «Odam savdosiga qarshi kurashish to'g'risida»gi qonuniga o'zgartish va qo'shimchalar kiritilib, uning yangi tahriri tasdiqlandi. Qonunning maqsadi odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Qonunda odam savdosiga qarshi kurashishning quyidagi asosiy printsiplari belgilangan:
qonuniylik;
odam savdosi bilan shug'ullanuvchi shaxslar javobgarligining muqarrarligi;
odam savdosidan jabrlanganlarning kamsitilishiga yo'l qo'ymaslik;
ijtimoiy sheriklik.
Odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo'nalishlari quyidagilardan iborat:
odam savdosiga qarshi kurashishga, shu jumladan odam savdosiga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
odam savdosining oldini olishga qaratilgan huquqiy, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, tibbiy, profilaktika chora-tadbirlarini, axborotga oid chora-tadbirlarni amalga oshirish, shu jumladan aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish;
odam savdosini o'z vaqtida aniqlash va unga chek qo'yish, uning oqibatlarini bartaraf etish, shuningdek odam savdosi bilan shug'ullanuvchi shaxslar javobgarligining muqarrarligi printsipini ta'minlash;
odam savdosidan jabrlanganlarni, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash, shu jumladan ijtimoiy himoya qilish;
odam savdosiga qarshi kurashish sohasida ilmiy-tadqiqot ishlari, konferentsiyalar, seminar-treninglar va davra suhbatlari o'tkazishga doir faoliyatni, shuningdek ushbu sohadagi faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari xodimlarini kasbga tayyorlashga, qayta tayyorlashga va ularning malakasini oshirishga doir faoliyatni rivojlantirish hamda rag'batlantirish;
odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro hamkorlik.
Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo'yicha milliy komissiya davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining, boshqa tashkilotlarning odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kollegial organdir.
Milliy komissiyaning qarorlari davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari tomonidan bajarilishi shart, nodavlat notijorat tashkilotlari uchun esa tavsiyaviy xususiyatga ega.
Milliy komissiya:
Odam savdosiga qarshi kurashish masalalari bo'yicha kichik komissiyadan;
Majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalari bo'yicha kichik komissiyadan iborat.
Milliy komissiyani shakllantirish va uning faoliyatini tashkil etish tartibi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi.
Odam savdosining oldini olishga doir chora-tadbirlar quyidagilarni o'z ichiga oladi:
fuqarolarning odam savdosidan jabrlanishining oldini olishga, ularning himoyasiz va xavf ostida qolishiga sabab bo'lgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishga qaratilgan dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishni;
odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi muammolarni aniqlash va ushbu muammolarning yechimlarini ishlab chiqish maqsadida mazkur sohadagi faoliyatning doimiy monitoringini amalga oshirishni;
odam savdosidan jabrlanganlar tushib qolishi mumkin bo'lgan xavfli vaziyatlar haqida, davlat hamda odam savdosidan jabrlanganlarga yordam ko'rsatish va ularni himoya qilish bo'yicha ixtisoslashtirilgan muassasalar tomonidan taqdim etiladigan himoya choralari to'g'risida, odam savdosiga qarshi kurashish uchun davlat tomonidan ko'rilayotgan jinoiy va ma'muriy ta'sir choralari haqida jamiyatning xabardorligini oshirishni;
turistik faoliyatni, shuningdek aholini ish bilan ta'minlashga oid faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar faoliyatiga doir talablarni belgilashni;
O'zbekiston Respublikasining davlat ta'lim muassasalarida va nodavlat ta'lim tashkilotlarida odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi ta'lim dasturlarini ishlab chiqishni va amalga oshirishni;
odam savdosiga qarshi kurashishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari xodimlarini kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish
choralarini ko'rishni.
Odam savdosining oldini olish qonun hujjatlariga muvofiq boshqa chora-tadbirlarni ham o'z ichiga olishi mumkin.
Ma'lumot uchun: Qonunni yangi tahrirda ishlab chiqish zarurati bugungi kunda odam savdosidan jabrlanganlarni himoya qilish va ularga yordam berish masalalariga doir aniq qoidalar tartibga solinmaganligi hamda voyaga yetmaganlarning savdosiga qarshi kurashishning o'ziga xos xususiyatlari, shu jumladan, indentifiqatsiya qilish, yordam berish va ximoya qilishning huquqiy maqomi belgilamaganligi kabi omillar bilan bog'liq.
Yangi tahrirdagi Qonunda ana shu jihatlar e'tiborga olingan. Jumladan, sohaga oid asosiy tushunchalar va tamoyillar, uni davlat tomonidan tartibga solishga oid normalar, vakolatli davlat organlari, Milliy komissiya, xududiy komissiyalar va Milliy ma'ruzachiga oid me'yorlar aniq belgilangan.
Hozirgi kunda mamlakatimizda 9 mingdan ortiq nodavlat notijorat tashkiloti faoliyat ko'rsatsa, ularning 100 ga yaqini odam savdosiga qarshi kurashish borasida ish olib bormoqda. Qonunda mazkur yo'nalishga doir faoliyatni amalga oshirayotgan davlat organlariga ko'maklashuvchi tashkilotlar qatorida nodavlat notijorat tashkilotlari ham belgilanib, ularning vakolat va vazifalari aniq ochib berilgan.
Shu bilan birga, yangi tahrirdagi Qonun matnida odam savdosidan jabrlanganlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashuvini ta'minlash tartibi va jabrlanganlar haqidagi ma'lumotlarning maxfiyligini ta'minlash va ularga taqdim etiladigan xavfsizlik choralari va boshqa kafolatlari yoritilgan.
Bundan tashqari, milliy qonunchilikda ilgari bo'lmagan odam savdosidan jabrlanganlarni identifikatsiya qilish va ularni qayta yo'naltirish tushunchalari alohida bobda belgilangan.
Qonunning kuchga kirishi odam savdosidan jabrlangan fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini kafolatli himoya qilishga xizmat qiladi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 24.08.2020
- Ko'rishlar: 4089
- Chop etish