17 noyabr kuni Moskvada Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo'yicha vakili tashabbusi bilan tashkil etilgan Ombudsmanlarning 4-xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiyasi shu mavzuga bag'ishlandi. Xalqaro anjumanni Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo'yicha vakili Tat`yana Moskal`kova ochdi.
Anjumanning birinchi yalpi majlisi «Inson huquqlari bo'yicha Yevropa konventsiyasi qabul qilinganining 70 yilligi: uni amalga oshirish borasidagi xalqaro va milliy tajriba» deb nomlangan bo'lsa, ikkinchi yalpi majlis «Pandemiya saboqlari: inson huquqlari mezonlarining yangi voqeliklari» mavzusi doirasida o'tkazildi.
Xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiya ishida 18 ta davlat ombudsmanlari va inson huquqlari bo'yicha milliy institutlari vakillari, shuningdek BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Mishel` Bachelet, MDH Ijroiya qo'mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev hamda Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisining Federatsiya Kengashi va Davlat Dumasi qo'mitalari raislari, Rossiya Federatsiyasi sub'ektlarining Inson huquqlari bo'yicha vakillari, inson huquqlari himoyachilari, Rossiya davlat va nodavlat tashkilotlari namoyandalari, diplomatlar va olimlar - jami 80 nafar ishtirokchi qatnashdi.
Ushbu onlayn forumda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ishtirok etdi va ma'ruza qildi. A.Saidov o'z ma'ruzasida O'zbekistonning pandemiya sharoitida inson huquqlarini himoya qilish va rag'batlantirish sohasidagi tajribasi haqida to'xtaldi.
Ombudsmanlarning 4-xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiyasi yakunida mazkur anjuman qarori muhokama etildi va qabul qilindi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 17.11.2020
- Ko'rishlar: 3774
- Chop etish