10 dekabr kuni bir guruh yurtdoshlarimiz 2020 yilda “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko'krak nishoniga sazovor bo'ldilar. Shu munosabat bilan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazining anjumanlar zalida bo'lib o'tgan rasmiy taqdirlash marosimi "Yangi O'zbekiston va inson huquqlari" mavzuidagi turkum xalqaro tadbirlar doirasida tashkil etildi.
“Inson huquqlari himoyasi uchun” ko'krak nishoni O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 iyunda qabul qilingan “Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi farmoni bilan ta'sis etilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 3 noyabrdagi qarori bilan “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko'krak nishoni to'g'risidagi nizom, “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko'krak nishoni va guvohnomasining tavsiflari tasdiqlandi.
Mazkur ko'krak nishonini ta'sis etishdan maqsad – inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishda katta hissa qo'shgan fuqarolar va tashkilotlarni moddiy va ma'naviy rag'batlantirish hamda taqdirlash, bu faoliyatni amalga oshirishda o'rnak bo'layotganlar namunasini, ularning tajribasini ommalashtirishdan iborat. Bu bilan davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va fuqarolarning inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi faoliyatini kuchaytirish nazarda tutilgan.
Ko'krak nishoni bilan inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishdagi xizmati, inson huquqlarini targ'ib qilishdagi faolligi, inson huquqlari sohasidagi ta'lim, yoshlar o'rtasida inson huquqlarini himoya qilish an'analarini rivojlantirishga qo'shgan hissasi, inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlarni rivojlantirish va boshqarishdagi salmoqli yutuqlari, inson huquqlari sohasidagi samarali ilmiy faoliyati uchun O'zbekiston Respublikasi fuqarolari taqdirlanadi.
Ko'krak nishoni bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo'lmagan shaxslar, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish sohasida faoliyat olib borayotgan tashkilotlar ham taqdirlanishi mumkin.
“Inson huquqlari himoyasi uchun” ko'krak nishoni to'g'risidagi Nizomga asosan, fuqarolik jamiyati institutlari, davlat organlari va tashkilotlari ko'krak nishoni bilan taqdirlash bo'yicha tavsiya etgan nomzodlar Markazning nufuzi komissiyasi tomonidan o'rganildi.
Komissiya taqdirlashga tavsiya etgan eng munosib nomzodlarni ko'krak nishoni bilan taqdirlash to'g'risida Markaz direktorining buyrug'i chiqarildi.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko'krak nishoni va uning guvohnomasini o'z sohiblariga tantanali ravishda topshirdi.
Ko'krak nishoni bilan taqdirlanganlar ro'yxati Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazining rasmiy veb-saytida va boshqa ommaviy axborot vositalarida e'lon qilinadi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 10.12.2020
- Ko'rishlar: 3979
- Chop etish