Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi 2018 yil 24 yanvarni Xalqaro ta'lim kuni deb e'lon qilish to'g'risida rezolyutsiya qabul qildi.
Ushbu rezolyutsiyada ta'lim jamiyatni rivojlantirishda hal qiluvchi rol o'ynashi va barqaror rivojlanish sohasidagi maqsadlarga erishiga xizmat qilishi e'tirof etilgan. BMTning Bosh Assambleyasi barcha davlatlarni Barqaror rivojlanish sohasidagi 4-maqsadni amalga oshirish bo'yicha sa'y-harakatlarni qo'llab-quvvatlash uchun o'zaro hamkorlikni faollashtirishga e'tiborni kuchaytirishni tavsiya qildi.
BMT Bosh Assambleyasi Xalqaro ta'lim kunini bayram qilish bo'yicha barcha tadbirlarni tashkil etishni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta'lim, fan va madaniyat masalalari bo'yicha ixtisoslashgan muassasasi – YUNESKOga topshirdi.
YUNESKO 2020 yildagi Xalqaro ta'lim kunini “Odamlar, jahon, farovonlik va tinchlik uchun o'qitish” shiori ostida o'tkazishni belgilab berdi. Bu ta'limning insonparvarlik maqsadlari va uning jamiyatni rivojlantiishdagi hal qiluvchi rolini ifoda etadi. YUNESKO, shuningdek, Xalqaro ta'lim kunini keng ko'lamda, ustuvor vazifalarni belgilab olgan holda bayram qilishni tavsiya etdi.
Ma'lumki, ta'lim olish huquqi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyaisining 26-moddasida mustahkamlab qo'yilgan. Ushbu moddada barcha davlatlar bepul boshlang'ich ta'limni ta'minlashga da'vat etiladi. 1989 yilda qabul qilingan Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyada davlatlarning hamma uchun oliy ta'lim olish imkoniyatini ta'minlash majburiyati to'g'risidagi qoida mavjuddir.
Jahon hamjamiyati 2015 yilning sentyabr oyida 2030 yilgacha bo'lgan davrga mo'ljallangan Kun tartibini qabul qilib, ta'lim Barqaror rivojlanish sohasidagi barcha 17 maqsadga erishishning hal qiluvchi omili ekanligini e'tirof etdi. Barqaror rivojlanish sohasidagi 4-moddada esa sifatli va adolatli ta'lim bilan hammani qamrab olishni ta'minlash hamda barcha uchun butun umr davomida ta'lim olish imkoniyatini rag'batlantirish ko'zda tutilgan.
Ta'lim qashshoqlikdan qutilish va kelgusida farovonlikka erishish imkoniyatini taqdim etadi. Biroq hozirgi paytda jahonda 262 million bola va o'smir maktabga bormaydi. 617 million bola va o'smir esa o'qishni va matematikaning eng oddiy qoidalarini bilmaydi. Shuningdek, Afrika mamlakatlaridagi qiz bolalarning faqat 40 foizidan kamrog'i boshlang'ich ta'lim oladi. Qochoq hisoblangan 4 million bola va o'smir ham maktabga bormaydi. Bunday holat ularning ta'lim olish huquqini buzadi. Bunga yo'l qo'yib bo'lmaydi.
Jahondagi davlatlar inklyuziv, adolatli va sifatli ta'lim olishni ta'minlamasdan hamda fuqarolari uchun butun umr davomida ta'lim olish imkoniyatlarini taqdim etmasdan gender tengligiga erisha olmaydi. Shu bilan birga ta'lim sohasini rivojlantirmasdan millionlab yoshlarni qashshoqlikdan halos etib bo'lmaydi.
Sifatli va uzluksiz ta'limni rivojlantirish O'zbekiston siyosatining ustuvor yo'nalishi hisoblanadi. Mamlakatda amalga oshirilgan ta'lim sohasidagi islohotlar faqat uning tizimi mazmunini o'zgartiribgina qolmasdan, tarkibini ham takomillashtirdi. Keyingi yillarda ta'limning barcha darajalarida tub o'zgarishlar bo'ldi. Buning uchun ta'lim sohasiga katta miqdorda investitsiyalar kiritilmoqda. Bu intellektual rivojlangan va yuqori darajada inson kapitaliga ega bo'lgan shaxslarni tarbiyalashga xizmat qiladi.
Bu yil Xalqaro ta'lim kunini bayram qilish ta'lim insonning asosiy huquqlaridan biri ekanligini, mamlakatni taraqqiy ettirish, ijtimoiy farovonlikni ta'minlashning garovi ekanligini yorqin namoyish qilishga xizmat qilishi kerak. Bu Barqaror rivojlanish sohasidagi maqsadlarga erishishning vositasi hamdir.
Farxod Hayitboev
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasining
Milliy markazi
Inson huquqlari sohasidagi
ta'lim va ma'rifat bo'limi boshlig'i
* foto internetdan olindi
- Qo'shildi: 24.01.2020
- Ko'rishlar: 4873
- Chop etish