Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov 2025-yil 1-yanvaridan BMT Inson huquqlari qo‘mitasi a’zosi maqomida o‘z faoliyatini boshlagani munosabati bilan unga ushbu Qo‘mita kotibi Gabriella Xabt nomidan tabriknoma keldi.
BMTning Inson huquqlari qo‘mitasi kotibi G.Xabt akademik A.Saidovni 2024-yil 29-may kuni Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga a’zo davlatlarning 40-sessiyasida 2025-2028-yillar uchun BMTning Inson huquqlari qo‘mitasi a’zoligiga saylangani va 2025-yil 1-yanvaridan – 2028-yil 31-dekabrigacha bo‘lgan muddatga BMT Inson huquqlari qo‘mitasi a’zosi maqomidagi o‘z vakolatiga kirishgani bilan tabriklagan.
Ma’lumot uchun: Inson huquqlari qo‘mitasi – BMTning mustaqil ekspertlardan iborat organi bo‘lib, 1977-yilda ta’sis etilgan. Ushbu Qo‘mita Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga a’zo davlatlar tomonidan mazkur xalqaro hujjatning bajarilishini monitoring qiladi. BMT Qo‘mitasi faoliyati insonning barcha fuqarolik va siyosiy huquqlari to‘liq hurmat qilinishini ta’minlashga qaratilgan.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 09.01.2025
- Ko'rishlar: 891
- Chop etish