21 oktyabr kuni Islom hamkorlik tashkilotining (IHT) Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi raisi Akmal Saidov boshchiligidagi delegatsiya AQShning N`yu-York shahriga tashrif buyurdi.
IHT Komissiyasi a'zolari BMT Bosh Assambleyasining Uchinchi qo'mitasi majlislarida ishtirok etmoqda.
Komissiya raisi, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov shu kuni IHTning N`yu-Yorkdagi Doimiy qarorgohida ham bo'ldi.
Ma'lumot uchun: BMT Bosh Assambleyasi doirasida 6 ta asosiy qo'mita faoliyat yuritadi. Mazkur qo'mitalar to'liq tarkibli ishchi organlar bo'lib, ularning faoliyatida BMTga a'zo barcha davlatlar ishtirok etadi.
Bu qo'mitalarning har bittasi BMT Bosh Assambleyasi yalpi majlisida muhokama etiladigan masalalarning muayyan yo'nalishlari bo'yicha ma'ruzalar tayyorlash va taqdim etish uchun mas'ul hisoblanadi. Xususan, BMT Bosh Assambleyasining Uchinchi qo'mitasi ijtimoiy, gumanitar va madaniy masalalar, jumladan inson huquqlari masalalari bilan shug'ullanadi.
BMT Bosh Assambleyasining Ijtimoiy, gumanitar va madaniy masalalar bo'yicha qo'mitasi, ya'ni Uchinchi qo'mita Bosh Assambleya yalpi majlisi kun tartibi bandlari bo'yicha o'zi mas'ul bo'lgan har qaysi masala yuzasidan alohida ma'ruzalar taqdim etadi. BMT Bosh Assambleyasi yalpi majlisida har bitta ma'ruza atroflicha ko'rib chiqilib, undagi rezolyutsiya va qaror loyihalari tasdiqlash uchun ovozga qo'yiladi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 22.10.2019
- Ko'rishlar: 5718
- Chop etish