Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov Jenevada bo'lib o'tayotgan BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining 42-sessiyasida ishtirok etdi va so'zga chiqdi.
O'zbekiston delegatsiyasining rahbari BMT Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari Mishel Bacheletning nutqida bayon etilgan asosiy fikrlarni ma'qullashini bildirdi. M.Bacheletning dunyodagi iqlim o'zgarishi jarayonlari bilan inson huquqlari o'rtasida bevosita bog'liqlik borligi haqidagi xulosasi e'tiborga loyiq ekani ta'kidlandi.
Haqiqatan ham, iqlim o'zgarishi – inson huquqlariga qarshi global tahdiddir. Mamlakatimiz Orol dengizi fojeasi misolida iqlim o'zgarishi oqibatlaridan yaxshi xabardor. Bu – nafaqat mintaqaviy, balki butun sayyoramiz miqyosidagi ulkan muammo.
Shu ma'noda, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi va BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning ko'magi tufayli BMT shafeligida Orolbo'yi uchun ko'p sheriklik asosidagi Trast fondi faoliyat boshladi.
A.Saidov Orolbo'yida aholi turmushi sifati va darajasini oshirish, zamonaviy uy-joy, ijtimoiy infratuzilma va sanoat ob'ektlarini qurish, umuman, Orol fojeasining salbiy oqibatlarini yumshatish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni moliyaviy rag'batlantirishga qaratilgan ushbu Fond faoliyati BMTga a'zo davlatlar tomonidan qo'llab-quvvatlanishiga ishonch bildirdi.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashiga 2021-2023 yillarga saylanishi uchun O'zbekiston nomzodi ilgari surilgani haqida ham to'xtaldi. A.Saidov qayd etganidek, O'zbekiston BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining asoschilaridan biri hisoblanadi, ammo hali ushbu Kengashga saylanmagan.
Sessiya ishtirokchilarining e'tibori O'zbekiston tomonining BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi ishida faol qatnashishga astoydil intilayotganiga qaratildi. Mamlakatimizning o'z nomzodini ilgari surish doirasida zimmasiga olgan “ixtiyoriy majburiyatlari” haqida atroflicha ma'lumot berildi.
Shu bilan birga, sessiya delegatlari joriy yilning dekabr` oyida O'zbekistonda bo'lib o'tadigan parlament saylovlari haqida xabardor qilindi. Bu galgi saylovlar BMT xalqaro standartlari implementatsiya qilingan yangi qonun hujjati – O'zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi asosida o'tkaziladi.
O'zbekiston delegatsiyasining rahbari bo'lajak saylov jarayonlarini kuzatib borish uchun bir qator xalqaro va xorijiy kuzatuvchilar taklif etilganini qayd etdi. Ular orasida BMT, YEXHT/DIIHB to'liq missiyasi, MDH, SHHT, IHT kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari bor. A.Saidov mazkur parlament saylovlari mamlakatda fuqarolar siyosiy huquqlarini ro'yobga chiqarishning muhim bosqichi bo'lishiga ishonch bildirdi.
BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining 42-sessiyasi o'z ishini davom ettirmoqda.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 16.09.2019
- Ko'rishlar: 5958
- Chop etish