Shu yil 11 iyun kuni Parlamentlararo ittifoq Ijroiya qo'mitasining navbatdagi sessiyasi onlayn shaklda tashkil etildi.
Ushbu majlisda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari Akmal Saidov ishtirok etdi. Ma'lumki, A.Saidov 2020-2023 yillarga Parlamentlararo ittifoq Ijroiya qo'mitasi raisining o'rinbosari etib tayinlangan.
Parlamentlararo ittifoq eng keksa xalqaro parlament tashkiloti bo'lib, 1889 yilda tashkil topgan. U o'z safida dunyoning 179 ta mamlakati parlamentlari va 13 ta parlamentlararo tashkilotni birlashtirgan.
Parlamentlararo ittifoq Ijroiya qo'mitasi 18 kishidan tarkib topgan bo'lib, ular tashkilotning 6 ta geosiyosiy guruhini ifodalaydi va uning ma'muriy organ sifatidagi vazifalarini bajaradi.
Ijroiya qo'mitaning videokonferentsiya tarzida o'tkazilgan joriy majlisi kun tartibidan quyidagi masalalar joy oldi:
- Parlamentlararo ittifoq Raisi va Bosh kotibining faoliyati yakunlari bo'yicha hisobotlarini tinglash;
- 2017-2021 yillarga doir Parlamentlararo ittifoq Strategiyasini implementatsiya qilishning holati;
- BMT institutlari bilan o'zaro hamkorlikdagi munosabatlarning ustuvor yo'nalishlari;
- moliya masalalari va Parlamentlararo ittifoq faoliyati shaffofligini ta'minlash bo'yicha choralar.
Shuningdek, koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan murakkab vaziyatda Parlamentlararo ittifoq tizimi doirasida parlamentlararo hamkorlik bo'yicha istiqbolda o'tkaziladigan xalqaro tadbirlar mavzusi muhokama qilindi.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan A.Saidov so'zga chiqib, qonun chiqaruvchi organlar faoliyatini pandemiyani tiyib turish bo'yicha sa'y-harakatlarni amalga oshirishga keng jalb etish nechog'lik muhim ekaniga sessiya ishtirokchilari e'tiborini qaratdi.
Misol tariqasida Oliy Majlis tomonidan mamlakat hayotining ichki siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy sohalaridagi eng muhim ustuvor masalalar hal etilishi qatorida, xalqaro sheriklar bilan o'zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va faol rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan samarali faoliyatga e'tibor qaratildi. Xususan, O'zbekistonda koronavirus tarqalishining oldini olish va uning salbiy oqibatlariga barham berish borasida amalga oshirilayotgan ta'sirchan ishlar majlis ishtirokchilari tomonidan ijobiy baholandi.
Parlamentlararo ittifoq Ijroiya qo'mitasi raisi o'rinbosari Parlamentlararo ittifoq doirasidagi faoliyat shaffofligini oshirishga doir ishlarni davom ettirish zarurligini ham ta'kidladi. A.Saidovning fikricha, bu yo'nalishda shuningdek boshqa xalqaro tashkilotlar amaliyotida to'plangan tajribadan foydalanish maqsadga muvofiqdir.
Bundan tashqari, Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan joriy yilda Samarqandda inson huquqlari bo'yicha forum o'tkazilishi haqidagi axborot Parlamentlararo ittifoq sessiyasi qatnashchilari e'tiboriga yetkazildi. Bo'lajak anjumanning asosiy mavzusi yoshlar huquqlari va ularning BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishdagi o'rni mavzusiga bag'ishlanishiga e'tibor qaratildi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 13.06.2020
- Ko'rishlar: 4103
- Chop etish