Barqaror rivojlanishning dolzarb vazifalari

1969 yilda BMT Taraqqiyot jamg'armasi tomonidan boshqariladigan Aholishunoslik faoliyati sohasidagi jamg'arma tashkil etildi. Jamg'arma 1971 yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan boshqarila boshlandi. 1987 yilda esa u hozirgi – BMT Aholishunoslik jamg'armasi (UNFPA) nomini oldi.

BMT Aholishunoslik jamg'armasining asosiy maqsadi har bir inson – erkak, ayol, bolaning sog'lom hayot kechirish va teng imkoniyatlarga ega bo'lish huquqlarini himoya qilishdir. UNFPA jahon mamlakatlariga kambag'allik bilan kurashish bo'yicha siyosatni o'tkazish va dasturlarni amalga oshirish, yoshlar, xotin-qizlarni himoya qilish va boshqa yo'nalishlarda aholiga doir ma'lumotlardan foydalanishda yaqindan yordam ko'rsatadi.

Jamg'arma aholi turmushini yaxshilash, barqaror rivojlanishni ta'minlash bilan bog'liq maqsadlarga erishishda xalqaro hamjamiyatga yaqindan ko'maklashmoqda. Aholi tarkibining o'zgarishi, sonining oshishi yoki kamayishi, tug'ilish va o'lim miqdori, odamlarning ko'chishi kabi hodisalar inson hayoti, mamlakatning ijtimoiy, iqtisodiy rivojlanishiga katta ta'sir ko'rsatadi. Bundan tashqari, UNFPA tomoni aniqlanadigan ayollar sog'lig'i, reproduktiv salomatligi, huquqlarining himoyalanishi kabi ko'rsatkichlar ham aholi holatiga ta'sir etadi.

2020 yilning boshiga kelib Yer aholisi soni 7,8 milliard kishiga yetdi. Kurrai zaminimizda hozir har soatda 17,8 ming, har kuni esa 427,5 ming bola tug'ilmoqda. Jahon aholisi soni 2030 yilga borib 8,6 milliard, 2050 yilda 9,5 milliard va 2100 yilda 11,2 milliard kishiga yetishi kutilmoqda.

O'zbekistonning doimiy aholisi soni 2020 yil 1 yanvar` holatiga 33905,8 ming kishini tashkil etib, 2019 yil boshidan 650,3 ming kishiga yoki 2 foiz o'sdi. Xalqaro demografik tasnifga ko'ra, mamlakatimiz aholisi yosh davlatlar qatoriga kiradi.

Xalqimizning hozirgi yosh tarkibida 30 yoshgacha bo'lgan yoshlar ulushi 62,1, 16 yoshgacha bo'lgan bolalar ulushi 33,3, 16-29 yoshdagilar ulushi 28,8 foizni tashkil etadi. Mamlakat aholisining hozirgi vaqtdagi o'rtacha yoshi 25,5 yoshga, shu jumladan, qishloqda 24,1 yoshga, shaharda esa 27,9 yoshga tengdir.

Bu demografik ko'rsatkichlar aholishunoslik sohasidagi davlat siyosati eng muhim yo'nalishlardan biri bo'lishi zarurligining amaliy ifodasidir. Shuning uchun O'zbekiston BMT Aholishunoslik jamg'armasi bilan samarali hamkorlik o'rnatgan.

UNFPA O'zbekistondagi vakolatxonasini 1993 yilda ochgan. Hozir u mamlakatimizda 2016–2020 yillarga mo'ljallangan dasturini amalga oshirmoqda. Ushbu dasturda reproduktiv salomatlik, inson huquqlarini himoyalash, aholishunoslikka doir ma'lumotlardan rivojlanish sohasidagi loyihalarda foydalanish borasida tegishli davlat idoralarining salohiyatini oshirish kabi masalalarga alohida e'tibor qaratilgan.

Chunonchi, jamg'arma yurtimizda sog'liqni saqlash tizimini takomillashtirishga yordam bermoqda. Bunda asosiy e'tibor reproduktiv salomatlik va ona salomatligini ta'minlash, sog'lom oilani shakllantirish bo'yicha xizmatlarning sifatini oshirishga qaratilmoqda.

BMT Aholishunoslik jamg'armasi onalar va bolalar o'limi darajasini kamaytirish hamda oila farovonligini oshirish bo'yicha O'zbekiston erishgan muvaffaqiyatlarni qayd etib bormoqda. Shuningdek, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini yuksaltirish, ularning davlat ishlarini boshqarishdagi rolini kuchaytirish, gender tenglikni ta'minlash, yoshlar siyosatini va Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish borasida mamlakat erishgan yutuqlar alohida e'tirof etilmoqda.

Har yili 11 iyul - Jahon aholishunoslik kuni “1 milliard o'smir”, “Tenglik kuch bag'ishlaydi”, “Siz oilani rejalashtirib, kelajakni rejalaysiz”, “Har bir shaxs muhim”, “Reproduktiv salomatlik xizmatlaridan hamma teng foydalana olsin”, “Yoshlarga investitsiya kiritib”, “Favqulodda vaziyatda nochor aholi”, “Oilani shakllantirish inson huquqi” kabi shiorlar ostida o'tadi.

Xususan, 2020 yilda bu sana koronavirus pandemiyasi sharoitida ayollarning reproduktiv salomatligi va kurrai zaminimizda gender tenglikni ta'minlashga bag'ishlandi.

Ta'kidlash joizki, O'zbekiston tarixida birinchi marta milliy parlamentda ayollar soni BMT tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetdi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan 150 nafar deputatning 48 nafari yoki 32 foizini xotin-qizlar tashkil etdi.

Bu ko'rsatkich Senatda va mahalliy Kengashlarda 25 foizdan oshdi. Mamlakatimiz parlamenti ayol deputatlar soni bo'yicha dunyodagi 190 ta milliy parlament orasida 37-o'ringa ko'tarildi. Holbuki, bundan 5 yil avval bu borada 128-o'rinda edik.

Xotin-qizlarimiz ishlab chiqarish, ta'lim-tarbiya, tibbiyot, ilm-fan, madaniyat va sport sohalarini rivojlantirishga ham munosib hissa qo'shib kelmoqda. Mamlakatimizda birgina 2019 yilning o'zida ayollar uchun jami 170 mingga yaqin ish o'rni yaratildi. Tijorat banklari hamda Xotin-qizlar va oilani qo'llab-quvvatlash jamoat fondi mablag'lari hisobidan 172 mingdan ortiq opa-singillarimizga 4,9 trillion so'm kreditlar ajratildi.

Bu yilgi Jahon aholishunoslik kunini nishonlash tadbirlari xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, qashshoqlik qamrovini kamaytirish va barqaror rivojlanishni ta'minlashda muhim rol` o'ynaydi.

Erkin ERNAZAROV,
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist

("Yangi O'zbekiston" gazetasining 2020 yil 11 iyul soni)

Powered by GSpeech