10 dekabr kuni Pekin shahrida Inson huquqlari bo'yicha “Janub-Janub” doirasidagi forum o'z ishini boshladi. Ushbu tadbir Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Matbuot kantselyariyasi va XXR Tashqi ishlar vazirligi tomonidan tashkil etilmoqda.
Xalqaro anjumanda Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mintaqalarining 80 dan ortiq rivojlanayotgan mamlakatlaridan 300 nafarga yaqin mansabdor shaxslar va olimlar, shuningdek, BMT vakillari ishtirok etmoqda. Inson huquqlari bo'yicha forumda O'zbekiston vakili – Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o'rinbosari Mirzatilla Tillaboev qatnashmoqda.
Forum ochilishi arafasida ishtirokchilar uchun Sharqiy Xitoy hududida joylashgan Shanxay shahriga sayohat uyushtirildi, – dedi M.Tillaboev. – Shaharning moliya markazi, Jahon EKSPO-muzeyi, Xuanpu daryosi bo'yida yashaydigan mahalliy aholi hayoti bilan tanishdik. Shanxay megapolisining farovonligi va barqaror rivojlanayotgani e'tiborga loyiqdir.
Bugungi kunda Xitoy ham o'zi izchil taraqqiy etmoqda, ham rivojlanayotgan boshqa mamlakatlar ravnaqiga ko'maklashmoqda. Bu kabi xalqaro anjumanlar, o'z navbatida, Xitoyning yanada ochiq davlatga aylangani va inson huquqlariga doir masalalarda o'ziga ishonchi ortayotganini ko'rsatadi.
Forum tadbirlari ikki kun davom etadi.
Ma'lumot uchun: Inson huquqlari bo'yicha “Janub-Janub” doirasidagi birinchi forum 2017 yili Pekinda bo'lib o'tgan. O'shanda Pekin deklaratsiyasi qabul qilingan. Unda ishtirokchi tomonlarning mavjud bo'lish huquqi va rivojlanish huquqi eng ustuvor huquq hisoblanadi hamda bu inson huquqlari sohasidagi asosiy huquqdir, degan yakdil fikr mustahkamlangan.
“Janub-Janub” doirasidagi hamkorlik – muayyan rivojlanayotgan mamlakatning boshqa bir rivojlanayotgan mamlakatga ko'maklashishidir. Bu hamkorlik doirasi rivojlangan davlatlarning qashshoq mamlakatlarga yordam berishini nazarda tutadigan an'anaviy xalqaro hamkorlik shaklidan farq qiladi.
Bunday hamkorlik doirasida odatda rivojlanayotgan mamlakatlar o'zaro va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda ish olib boradi. Mamlakatlar o'rtasida asosan bilim, tajriba, ko'nikma, zaxiralar va turli innovatsiyalarni bevosita almashlashga ahamiyat qaratiladi. Xalqaro donorlar ishtirokidagi uch tomonlama hamkorlik moliyalashtirish, o'qitish, boshqarish, joriy etish kabi yo'nalishlarda yordam ko'rsatish omillarini ham qamraydi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 10.12.2019
- Ko'rishlar: 4790
- Chop etish