BMT Maxsus ma'ruzachisi O'zbekistondagi islohotlarni qo'llab-quvvatladi

"Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida O'zbekistonda davlat institutlari va siyosatni isloh etish hamda modernizatsiya qilish bo'yicha keng qamrovli dastur ishlab chiqilgan. Hozirgi davrda odil sudlov tizimida amalga oshirilayotgan islohot ana shu dasturning tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi".

Ushbu fikrlarni BMT Sud`yalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo'yicha maxsus ma'ruzachisi Diego Garsiya-Sayan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari kengashining Jenevada bo'lib o'tayotgan 44-sessiyasi minbaridan turib aytdi. Sessiya ishi doirasida 13 iyul kuni o'tkzilgan videokonferentsiyada BMT Maxsus ma'ruzachisining 2019 yili O'zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi yakunlariga doir ma'ruzasi ko'rib chiqildi.

Avvalambor, BMT Maxsus ma'ruzachisining davlatimiz rahbari tashabbusi va bevosita rahbarligida mamlakat odil sudlov tizimida amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlarga bergan xolis bahosidan minnatdormiz. Diego Garsiya-Sayanning ma'ruzasida bugungi kunda O'zbekistonda sud hokimiyati mustaqilligini mustahkamlash va huquqshunoslarning o'z kasbiy faoliyatini yanada erkin bajarishini ta'minlash borasida bir qator amaliy natijalarga erishilgani ijobiy baholandi.

Bu o'rinda sud tizimi qayta tuzilgani, xususan, Sud`yalar oliy kengashi tashkil etilgani haqida so'z bormoqda. Bundan tashqari, sud`yalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash va tayinlashning yangi tartib-taomillari joriy etilgani hamda sud`yalar almashtirilmasligi kafolatlarini mustahkamlash bo'yicha amaliy choralar ko'rilganiga alohida e'tibor qaratildi.

BMT Maxsus ma'ruzachisi ushbu amaliy chora-tadbirlarni tom ma'noda mustaqil va xolis odil sudlov tizimini barpo etish yo'lidagi dastlabki ijobiy qadamlar deya qayd etdi.

Biz, shuningdek D.Garsiya-Sayanning "Sud hokimiyati davlat hokimiyatining boshqa tarmoqlaridan haqiqatan ham mustaqil bo'lishiga erishish hamda sud`yalar, prokurorlar va advokatlar o'z kasbiy faoliyatini hech qanday asossiz aralashuvlar va bosimlarsiz amalga oshirishlarini ta'minlash uchun hali juda ko'p ishlar qilish kerak" degan nuqtai nazarini qo'llab-quvvatlaymiz.

Bundan tashqari, biz uning "Sud tizimi islohoti sudlarning mustaqilligi va xolisligini mustahkamlashga yo'naltirilishi zarur" degan fikriga ham to'la qo'shilamiz.

O'z navbatida, D. Garsiya-Sayan ma'ruzasi yakunida O'zbekistonda sud`yalar va prokurorlar mustaqilligini yanada mustahkamlash hamda huquqshunoslar o'z kasbiy faoliyatini erkin amalga oshirishlarini ta'minlashga qaratilgan bir qator tavsiyalar ham berdi.

BMT Maxsus ma'ruzachisining mamlakatimiz sud-huquq tizimini takomillashtirish istiqbollariga taalluqli tavsiyalari haqida so'z borganda, birinchidan, sud hokimiyatining tom ma'nodagi mustaqilligini ta'minlash;       

ikkinchidan, advokatlarning maqomi va mustaqilligini mustahkamlash; uchinchidan, barchaning odil sudlov imkoniyatlari va malakali yuridik yordamdan erkin foydalanishi uchun zarur  sharoitlar yaratishga doir muhim amaliy taklif hamda tavsiyalar taqdim etilganini ta'kidlash lozim.

D. Garsiya-Sayan tavsiyalarining aksariyati mamlakatimiz tomonidan o'tgan qisqa davrda bajarilgan bo'lsa, qolgan qismi ham izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Shunday ekan, bu borada erishilgan natijalar xususida muxtasar to'xtalish maqsadga muvofiqdir.

Birinchidan. O'zbekiston BMT Maxsus ma'ruzachisining tavsiyalarini amalga oshirishga ustuvor ahamiyat bermoqda. Sud hokimiyatining mustaqilligini ta'minlash va odil sudlov sifatini oshirish masalalari davlat rahbarining 3 ta ma'ruzasida alohida ta'kidlangani buni yaqqol tasdiqlaydi.

Bu o'rinda Prezidentimizning Konstitutsiya qabul qilinganining 27 yilligiga bag'ishlab 2019 yil dekabrida o'tkazilgan tantanali marosimdagi ma'ruzasi,  2020 yil yanvarida Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasi va joriy yil 30 iyunda sud`yalar korpusi bilan uchrashuvda so'zlagan nutqi ko'zda tutilmoqda.

Ikkinchidan. Barqaror rivojlanish sohasida 2030 yilgacha davrga belgilangan Kun tartibining 16-sonli Maqsadiga erishish doirasida keyingi uch yilda O'zbekiston Prezidenti tomonidan sud tizimining ustuvor masalalariga taalluqli 20 dan ortiq qonun, farmon va qarorlar imzolandi.     

Harakatlar strategiyasini 2020 yil – “Ilm-ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirish bo'yicha Davlat dasturida qonun ustuvorligini ta'minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh etish sohasida bir qancha qonunlar loyihalari ishlab chiqilishi belgilangan. Yangi tahrirda "Sudlar to'g'risida"gi qonun qabul qilinishi, sud`yalar hamjamiyati organlari faoliyatini tartibga soladigan qonun loyihalari shular jumlasidandir.

Ayni vaqtda beshta yangi Kodeks, ya'ni Jinoyat, Jinoyat-protsessual va Jinoyat-ijroiya, Fuqarolik va Ma'muriy javobgarlik kodekslarini tayyorlash bo'yicha izchil ish olib borilmoqda. Eng muhimi, sud tizimini ilg'or tajribalar va xalqaro standartlar asosida, "Bir sud - bir instantsiya" printsipi bo'yicha takomillashtirishga qaratilgan yangilanishlar amalga oshirilmoqda.

Uchinchidan. O'zbekistonda yuridik ta'lim imkoniyatlarini kengaytirish bo'yicha barcha zarur choralar ko'rilmoqda. Prezidentimizning 2020 yil 29 aprelda qabul qilingan «O'zbekiston Respublikasida yuridik ta'lim va fanni tubdan takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi farmonida, jumladan, advokatura uchun kadrlar tayyorlashni rivojlantirish yo'nalishi belgilab berilgan. Shu asosda Samarqand, Namangan va Termiz davlat universitetlarida huquqshunoslik fakul`tetlari ochildi.

Mamlakatimizda BMTning Inson huquqlari sohasida ta'lim va malaka to'g'risidagi deklaratsiyasi qoidalarini amalga oshirish bo'yicha Milliy harakatlar dasturi ishlab chiqilgan. Ayni vaqtda bu Dastur izchillik bilan hayotga tatbiq etilmoqda.

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi doimiy ravishda sud`yalar, prokurorlar va advokatlar bilan odil sudlov sohasidagi xalqaro standartlarni milliy amaliyotga implementatsiya qilish masalalari bo'yicha turli tadbirlar - seminar va treninglar, uchrashuv va munozaralar o'tkazib kelmoqda.

To'rtinchidan. Inson huquqlarini himoya qilish borasidagi mamlakatimiz pozitsiyasi BMT Nizomi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qoidalari, ulardan kelib chiqadigan xalqaro shartnomalarga asoslanadi. Ayniqsa, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 iyundagi Farmoni bilan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi tasdiqlangani mamlakatda amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlarning va inson huquqlarini himoya qilish institutsional mexanizmlarini yaratishning muhim bosqichi hisoblanadi.

Yaqinda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini tasdiqlash to'g'risidagi ma'lumotlar BMTning oltita tilida nashr etilgani va Bosh Assambleyaning 74-sessiyasi rasmiy hujjati sifatida tarqatilgani bejiz emas. Milliy strategiya Vena deklaratsiyasi va Harakatlar dasturi asosida ishlab chiqilgan bo'lib, unda BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi, YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi hamda xalqaro ekspertlar tavsiyalari hisobga olingan.

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasida, jumladan, quyidagi chora-tadbirlar ko'zda tutilgan:

sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida umume'tirof etilgan printsiplar hamda xalqaro huquq va O'zbekiston Respublikasi qo'shilgan xalqaro shartnomalar normalarining keng qo'llanishini ta'minlaydigan samarali mexanizm yaratish;

«Xabeas korpus» institutini yanada takomillashtirish orqali sudlarning mustaqilligi va xolisligini hamda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash sohasida sud hokimiyatining rolini tubdan oshirish maqsadida sud`yalar hamjamiyati organlari faoliyatining huquqiy asoslarini shakllantirish;

sud jarayonlarida tenglik va tortishuv printsiplarini tatbiq etish, advokaturani huquqni himoya qiluvchi mustaqil va ishonchli institutga aylantirish, professional yuridik yordam sifati va advokat kasbi nufuzini oshirish, inson huquqlari sohasiga ixtisoslashgan yuristlar tayyorlash tizimini takomillashtirish;

prokuratura organlari faoliyatini xalqaro standartlar talablariga muvofiqlashtirish, prokuratura organlarining faoliyati shaffofligini va jamiyat oldida hisobdorligini ta'minlash, prokuratura boshqaruv tizimida kollegial organlar rolini kuchaytirish.

Beshinchidan. BMT shartnomaviy qo'mitalari va ustav organlari, birinchi navbatda, Inson huquqlari kengashi tavsiyalari va qarorlarini ko'rib chiqish bo'yicha davlat organlarining hamkorlikdagi faoliyati tartibi to'g'risidagi Nizom tasdiqlandi.

Oltinchidan. Ayni paytda "Konstitutsiyaviy sud to'g'risida"gi qonunning yangi tahriri tayyorlandi. Unda Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz, Biznes-ombudsman va Bolalar ombudsmanining mazkur sudga murojaat qilish huquqiga egaligi nazarda tutilmoqda. Fuqarolarning konstitutsiyaviy shikoyat qilish instituti ham tatbiq etilmoqda.

Yettinchidan. Advokatlarning inson huquqlari va erkinliklarini ta'minlashdagi vakolatlari kengaytirildi. Jumladan, advokatlarga nizolarni sudgacha hal etish va tomonlarni yarashtirish yuzasidan amaliy choralar ko'rish, shuningdek hakamlik sud`yalari sifatida ish olib borish huquqi berildi.

Advokatlik faoliyatini boshlashi uchun yosh mutaxassislardan 2 yil yuridik staj talab etish bekor qilinib, talabalikdan advokat yordamchisi sifatida amaliyot o'tash tartibi joriy etilmoqda. Yuridik oliy o'quv yurtlarida “advokatlik faoliyati” mutaxassisligi bo'yicha magistrlar tayyorlash yo'lga qo'yilmoqda.

Davlat hisobidan yuridik yordam ko'rsatadigan advokatlarni elektron tanlash tizimi ishga tushirilayapti. Bundan tashqari, o'ta og'ir jinoyatda ayblanayotgan shaxslarning ishi bo'yicha, shuningdek qamoqqa olish yoki uy qamog'i tarzidagi ehtiyot chorasini qo'llash masalasi ko'rib chiqilayotgan holatlarda ham advokat ishtirokining majburiyligi belgilab qo'yiladi.

Advokatlik faoliyati jozibadorligini oshirish, bu kasb egalarining himoyasi va kafolatini kuchaytirish bo'yicha qonun hujjatlari paketi ishlab chiqilib, keng muhokama uchun e'lon qilinadi. Bu o'rinda avvalo "Advokatura institutini rivojlantirish kontseptsiyasi"ning loyihasi tayyorlanganiga e'tibor qaratish darkor.

Ushbu loyihada advokatlarning huquqiy maqomini xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirish bo'yicha aniq chora-tadbirlar nazarda tutilgan. Yangi, "Advokatura va advokatlik faoliyati to'g'risida"gi hamda "Bepul yuridik yordam to'g'risida"gi qonunlar qabul qilinishi ham rejalashtirilgan.

Sakkizinchidan. Insonparvarlik tamoyillaridan kelib chiqib, odil sudlov sohasida mutlaqo yangi tizim joriy etildi. Keyingi uch yilda jinoyat yo'liga bilib-bilmay kirgan 3,5 mingdan ortiq yoshlar va xotin-qizlarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo'llanmasdan, ular mahalla va jamoatchilik kafilligiga olingan. Inson huquqlarini buzganligi uchun huquq-tartibot idoralarining 60 nafar xodimi jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Mamlakatimizni har tomonlama va shiddatli rivojlantirishda fuqarolik jamiyati institutlarining o'rni va ahamiyatini tubdan oshirish doimiy e'tiborda turibdi. Ayni chog'da, Nodavlat notijorat tashkilotlari to'g'risidagi kodeks loyihasini tayyorlash ishlari boshlab yuborilgan.

Fuqarolar huquqlariga rioya etilishi va ushbu huquqlar himoya qilinishini ta'minlash hamda huquqiy tartibni mustahkamlashning muhim shartlaridan biri, bu - jamiyatda inson huquqlari madaniyatini oshirishdir. Shu munosabat bilan O'zbekistonda "Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish kontseptsiyasi" amalga oshirilmoqda. Ayni paytda Pro bone tizimi yaratilmoqda, bepul yuridik yordam ko'rsatadigan «Madad» NNT o'z ishini boshladi, Advice.uz veb-portali faoliyat yuritmoqda.

To'qqizinchidan. Sudyalar, umuman, yuristlarning xalqaro huquq sohasi bo'yicha bilimi pastligi eng katta muammolardan ekanini afsus bilan tan olishga majburmiz. Shu ma'noda, Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz Ombudsman va Toshkent davlat yuridik universiteti bilan birga "Inson qadr-qimmati – eng oliy qadriyat" maxsus o'quv modulini ishlab chiqdi.

Sud`yalar oliy maktabida esa "Inson huquqlari va xalqaro huquq" kafedrasini ochishga hozirlik ko'rilmoqda. Zero, inson huquqlarini o'qitish bu – nafaqat xalqaro majburiyatlarni bajarish, balki demokratik, insonparvar va xalqparvar sud-huquq tizimini rivojlantirishning eng muhim shartlaridan biridir.

O'ninchidan. Oliy Majlis palatalari tomonidan inson huquqlariga doir xalqaro majburiyatlarga amal qilish bo'yicha Parlament komissiyasi tuzilmoqda. Komissiya BMT Maxsus ma'ruzachisining tavsiyalari qanday bajarilayotgani ustidan parlament monitoringini amalga oshiradi.

Muxtasar aytganda, BMT Maxsus ma'ruzachisining tavsiyalari o'z mazmun-mohiyatiga ko'ra O'zbekistonda izchillik bilan amalga oshirilayotgan Harakatlar strategiyasiga har tomonlama uyg'un va mutanosibdir.

Hozirgi vaqtda mamlakatimizda BMT Sud`yalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo'yicha maxsus ma'ruzachisi Diego Garsiya-Sayan tavsiyalarini amalga oshirish bo'yicha Milliy harakat rejasi ("Yo'l xaritasi") loyihasi tayyorlanmoqda.

Bularning barchasi O'zbekiston bilan BMTning shartnomaviy qo'mitalari va ustav organlari o'rtasida mustahkam rivojlanib borayotgan keng tarmoqli hamda har tomonlama samarali hamkorlik munosabatlari ishonch, hurmat va o'zaro manfaatlarga tayanishidan dalolat beradi.

Akmal Saidov,
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori

("Yangi O'zbekiston" gazetasining 2020 yil 14 iyul soni)

Powered by GSpeech