2020 yil 21 avgust kuni shu mavzuda o'tkazilgan xalqaro onlayn forumda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi mutaxassislari ishtirok etdi.
Tadbir Qozog'iston Respublikasi Ta'lim va fan vazirligining Bolalar huquqlarini muhofaza qilish qo'mitasi tomonidan tashkil etildi.
Anjuman ishida 300 dan ziyod mutaxassis qatnashdi. O'zbekiston va Qozog'istonning Bola huquqlari bo'yicha vakillari, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Qo'mitasining raisi, Rossiya Prezidenti huzuridagi Bola huquqlari bo'yicha vakil, Ukraina parlamentining Inson huquqlari bo'yicha vakili, YUNISEFning Qozog'istondagi vakili shular jumlasidandir.
Xalqaro forumda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazining Xalqaro hamkorlik bo'limi boshlig'i Oybek Ahmadov "Bola huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish: O'zbekiston tajribasi" mavzuida ma'ruza qildi.
Muhokamalar chog'ida hozirgi paytda og'ir hayotiy sharoitlarni boshidan kechirayotgan bolalarni ijtimoiylashtirish masalasi g'oyat dolzarb ekani ta'kidlandi. Xususan, qozog'istonlik ekspertlar bu borada quyidagi ma'lukmotlarga e'tiborni qaratdilar:
Bugun Qozog'istonda "yetimlar" va "ota-onasining qaramog'isiz qolgan bolalar" toifalariga mansub 23 ming 641 nafar bola yashaydi. Davlat tomonidan 19 ming 448 nafar, ya'ni ko'rsatib o'tilgan toifalarga mansub bolalarning 82 foizini o'z tarbiyasiga olgan oilalarni qonunchilik doirasida qo'llab-quvvatlash ko'zda tutilgan.
Bu o'rinda bolalarni vasiylik, homiylik, patronat (ya'ni ota-onasiz qolgan bolalarning mehnatkashlar oilalarida tarbiyalanishi shakli) asosida, asrab olgan oilalarda va oilaviy tusdagi bolalar uylarida tarbiyalash haqida so'z bormoqda. Buning natijasida bolalar uylaridagi tarbiyalanuvchilar umumiy sonining kamayishi kuzatilgan.
Xususan, 2017-2019 yillarda bolalar uylari tarbiyalanuvchilarining soni 43 foiz kamaygan, ya'ni ilgarigi 7 ming 236 nafardan - 4 ming 193 nafarga tushgan. Bolalar uylari miqdori esa 140 tadan 101 taga kamaygan - bu qisaqarish 28 foizni tashkil etmoqda.
Shuningdek, anjuman doirasida yetimlar va ota-onasi qaramog'isiz qolgan bolalarga masofadan ta'lim berish borasida mas'ul davlat tashkilotlari, ta'lim muassasalari hamda bolalar huquqlari himoyasi bilan shug'ullanadigan tashkilotlarning faoliyati samaradorligini oshirishga doir dolzarb masalalar muhokama qilindi.
So'zga chiqqanlar COVID-19 pandemiyasi davrida ish jarayonida raqamli vositalardan foydalanish bilan bog'liq samarador tajriba va uslublar haqida ham so'z yuritdilar.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 25.08.2020
- Ko'rishlar: 4204
- Chop etish