O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan Bel`giya poytaxti Bryusselda bo'lib turibdi. Bu haqda mfa.uz sayti xabar berdi.
Tashrif doirasida 11 noyabr kuni Finlyandiya Tashqi ishlar vaziri P.Xaavisto bilan uchrashuv o'tkazildi.
Shu kuni «O'zbekiston – Yevropa Ittifoqi» Hamkorlik kengashining navbatdagi majlisi bo'lib o'tdi.
Yalpi majlisda, jumladan, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov so'zga chiqib, mamlakatning adliya va ichki ishlar, inson huquqlari va qonun ustuvorligi sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar samaralari haqida gapirdi.
Majlis yakunida qo'shma matbuot anjumani tashkil etildi.
Ma'lumot uchun: Florentsiya shahrida 1996 yili imzolangan O'zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o'rtasidagi sheriklik va hamkorlik to'g'risidagi bitim doirasida «O'zbekiston – Yevropa Ittifoqi»ning 6 ta qo'shma organi tuzilgan. Bular – Hamkorlik kengashi, Hamkorlik qo'mitasi, Parlamentlar hamkorligi qo'mitasi, Savdo va investitsiyalar bo'yicha kichik qo'mita, Adliya, ichki ishlar, inson huquqlari va shu sohadagi masalalar bo'yicha kichik qo'mita, Taraqqiyot maqsadlarida hamkorlik bo'yicha kichik qo'mitadir.
Bugungi kunga qadar «O'zbekiston – Yevropa Ittifoqi» Hamkorlik kengashining 14 ta majlisi o'tkazilgan. Kengashning oxirgi majlisi 2018 yil 22 noyabrda Bryussel` shahrida bo'lib o'tgan.
Shuningdek, «O'zbekiston – Yevropa Ittifoqi» Adliya, ichki ishlar, inson huquqlari va shu sohadagi masalalar bo'yicha kichik qo'mitasining 15-majlisi 2019 yil 24 iyun` kuni Bryussel` shahrida bo'lgan. Ma'lumki, inson huquqlari bo'yicha muloqotlar ushbu organ doirasida olib boriladi. Shu vaqtga qadar bunday muloqotlarning 12 ta raundi (bosqichi) o'tkazilgan.
Bundan tashqari, «O'zbekiston – Yevropa Ittifoqi» Hamkorlik qo'mitasining 16-majlisi – 2019 yil 24 oktyabrda, Parlamentlar hamkorligi qo'mitasining 14-majlisi – 2018 yil 1 noyabrda, Savdo va investitsiyalar bo'yicha kichik qo'mitaning 14-majlisi – 2019 yil 25 sentyabrda hamda Taraqqiyot maqsadlarida hamkorlik bo'yicha kichik qo'mitaning 2-majlisi – 2019 yil 23 oktyabrda tashkil etilgan. Ushbu qo'shma majlislar Toshkent shahrida bo'lib o'tgan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 12.11.2019
- Ko'rishlar: 5180
- Chop etish