13 fevral kuni O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari Akmal Saidov Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi parlamenti Jamoatchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Byudjet bo'yicha qo'mita raisi Eleonora Leng bilan uchrashdi.
Tomonlar O'zbekiston va Buyuk Britaniya o'rtasidagi parlamentlararo aloqalar izchil rivojlanayotganini qayd etdilar. Parlamentlararo hamkorlik doirasida doimiy aloqalar va o'zaro yaqin muloqotni mustahkamlash uchun O'zbekiston parlamenti delegatsiyalarining Buyuk Britaniyaga va Buyuk Britaniya parlamenti a'zolarining O'zbekistonga tashriflarini faollashtirish zarurligiga e'tibor qaratildi. Eleonora Leng xonim Inson huquqlari bo'yicha Samarqand forumida ishtirok etish uchun O'zbekistonga taklif etildi.
Ma'lumki, O'zbekiston BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi a'zoligiga ilk bor saylanish uchun nomzodini ko'rsatgan. Shu munosabat bilan joriy yil kuzida bo'ladigan saylovda mamlakatimiz nomzodining Buyuk Britaniya tomonidan qo'llab-quvvatlanishi masalasi xususida fikr yuritildi.
*
O'zbekiston delegatsiyasi a'zolari bilan Buyuk Britaniya parlamenti Inson huquqlari bo'yicha birlashgan qo'mitasi vakillari o'rtasida amaliy muloqot bo'ldi. Katta klerk Lyusinda Maer va ekspert Ketrin Xillning qayd etishicha, Inson huquqlari bo'yicha birlashgan qo'mita tarkibi saylovdan keyin endi shakllantirilmoqda.
Qo'mita 12 nafar a'zodan iborat tarkibda Jamoatchilik palatasi va Lordlar palatasi tomonidan tayinlanadi. Qo'mita asosan Birlashgan Qirollikdagi inson huquqlariga taalluqli masalalarni ko'rib chiqadi. Hukumatning har bitta qonun hujjati loyihasi inson huquqlariga muvofiqligi nuqtai nazaridan o'rganiladi.
Qo'mita, shuningdek, hukumatning inson huquqlariga taalluqli sud qarorlariga munosabatini kuzatib boradi. Buyuk Britaniyaning tegishli xalqaro shartnomalarda qayd etilgan inson huquqlariga doir majburiyatlariga amal qilinishi holatini o'rganadi.
Parlamentlararo Ittifoq Buyuk Britaniya parlamenti Inson huquqlari bo'yicha birlashgan qo'mitasi faoliyatiga yuqori baho bergan. Keyingi vaqtda barcha milliy parlamentlar tarkibida inson huquqlari bilan bevosita shug'ullanadigan shunday qo'mitalar tuzish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Muloqot davomida tomonlar o'zaro hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar. Xususan, o'zbekistonlik va britaniyalik mutaxassislar ishtirokida inson huquqlari bo'yicha xalqaro standartlarni implementatsiya qilishning dolzarb masalalariga bag'ishlangan davra suhbati tashkil etish taklifi ko'rib chiqildi. Parlament a'zolari uchun inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha xalqaro mexanizmlarga doir treninglar o'tkazish zarurligi ta'kidlandi.
*
Ma'lumki, Buyuk Britaniya parlamentining ikkala palatasi ham muhtasham tarixiy inshoot - Vestminster saroyida faoliyat olib boradi. O'zbekiston delegatsiyasi a'zolari uchun Lordlar palatasi a'zosi baronessa Alison Satti hamrohligida parlament binosi bo'ylab sayohat uyushtirildi.
Lordlar palatasida O'zbekiston delegatsiyasi sharafiga tushlik tashkil etildi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 14.02.2020
- Ko'rishlar: 4765
- Chop etish