Davlat dasturi ijrosi: olti oylik natijalar parlamentda muhokama qilindi

23 iyul kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va Adliya vazirligi tomonidan Konrad Adenauer jamg'armasi hamda YeHHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi bilan hamkorlikda onlayn davra suhbati o'tkazildi. Unda Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalarni “Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishning ustuvor yo'nalishida belgilangan vazifalarning 2020 yil birinchi yarmidagi ijrosi muhokama qilindi.

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi o'rinbosari Z.Nizamxodjaev Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi ijrosini ta'minlashda Senatning o'rni va roli to'g'risida so'z yuritdi, deyiladi senat.uz sayti axborotida.

Mazkur hujjatda belgilangan vazifalarning o'z vaqtida samarali ijrosini ta'minlash borasida doimiy parlament nazorati o'rnatilgani, joriy yil may oyida Davlat dasturi bajarilishi yuzasidan Senatda Vazirlar Mahkamasining hisoboti ko'rib chiqilib, tegishli qaror qabul qilingani va ijro organlariga tegishli ko'rsatmalar berilgani ta'kidlandi.

Onlayn-muhokamalarda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ishtirok etdi. U 22 iyul kuni bo'lib o'tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Vazirlar Mahkamasi taqdim etgan Davlat dasturining 2020 yil birinchi yarim yillikda bajarilishining borishi to'g'risidagi hisoboti muhokama qilingani xususida so'z yuritdi.

Shuni alohida ta'kidlash kerakki, istiqbolda bajarilishi nazarda tutilgan va Davlat dasturida o'z aksini topgan vazifalar, rejalar yil boshida – hayotimiz osuda va barqaror kechayotgan pallada tasdiqlangan edi. Koronavirus pandemiyasi butun dunyoda ijtimoiy-iqtisodiy o'sish sur'atlariga ta'sir ko'rsatib, ishlab chiqarish jarayonlarini susaytirdi, qator rejalarga o'zgartishlar kiritishga majbur qildi.

Mamlakatimizda bunday sharoitda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan koronavirus infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashish va boshqa global xavf-xatarlar davrida iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarining uzluksiz ishlashini ta'minlash, tadbirkorlik sub'ektlarini samarali qo'llab-quvvatlash, mamlakat aholisining daromadlari keskin pasayib ketishining oldini olishga qaratilgan qator farmon va qarorlar qabul qilinishi, o'z navbatida, pandemiya oqibatlarini yumshatish hamda iqtisodiyot tarmoqlaridagi o'sish sur'atlari keskin pasayib ketmasligida muhim ahamiyatga ega bo'ldi.

Hukumat tomonidan parlamentga taqdim etilgan hisobotda keltirilishicha, mamlakatimizda koronavirus infektsiyasi tarqalishining oldini olish bo'yicha amalga oshirilgan samarali chora-tadbirlar hisobiga joriy yilning I yarim yilligida o'tgan yilning shu davriga nisbatan yalpi ichki mahsulotning o'sishi 100,2 foizni, uning tarkibida sanoat – 98,1 foizni, xizmatlar – 99,3 foizni, qishloq xo'jaligi – 102,8 foizni tashkil qilgan.

Hisobot davrida investitsiya muhitini yanada yaxshilash, xorijiy investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo'yicha amalga oshirilgan ishlar natijasida mamlakatimiz turli tarmoqlariga kiritilgan 3,86 mlrd. AQSH dollari miqdoridagi xorijiy investitsiya va kreditlar o'zlashtirildi hamda jami eksport hajmi respublika bo'yicha 6 mlrd. 285 mln. AQSH dollarini tashkil etdi.

Umuman, 2020 yil I yarim yilligida jami 284 ta banddan iborat Davlat dasturining 118 ta bandi ijrosini ta'minlash belgilangan. Mazkur topshiriqlardan 64 ta band to'liq bajarilgan va 15 ta bandning muddati ob'ektiv sabablarga binoan belgilangan tartibda uzaytirilgan, 36 ta bandning ijrosi yuzasidan tegishli hujjat loyihalari ko'rib chiqilmoqda, 3 ta bandning ijrosini ta'minlash bo'yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ma'lumot uchun: parliament.gov.uz saytida qayd etilganidek, “Hukumatni shakllantirish tartibi demokratlashtirilishi va uning mas'uliyati kuchaytirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi Qonunga muvofiq, Bosh vazir Hukumat a'zolari bilan birgalikda har chorakda Qonunchilik palatasiga tegishli yilga mo'ljallangan Davlat dasturi bajarilishining borishi to'g'risida hisobot taqdim etib kelmoqda.

Mazkur yangi institut parlamentning muhim qarorlar qabul qilish va qonunlar ijrosini nazorat etish faoliyatini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech