Shu yil 7-8 oktyabr` kunlari Toshkent shahrida Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining “Tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yo'lida yoshlar huquqlarini rag'batlantirish va himoya qilishning ahamiyati” mavzusidagi Yillik 6-seminari bo'lib o'tadi.
Ushbu nufuzli xalqaro anjuman O'zbekiston Respublikasi Hukumati, IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi va BMTning Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari Boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilmoqda.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida BMTning Yoshlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiyasini ishlab chiqish bo'yicha xalqaro tashabbusni ilgari surdi. Ushbu xalqaro-huquqiy hujjatda globallashuv va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanib borayotgan bugungi sharoitda yoshlarga oid siyosatni shakllantirish va amalga oshirish masalalari ko'zda tutiladi.
Yillik 6-seminarda tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yo'lida yoshlar huquqlarini rag'batlantirish hamda himoya qilishning ahamiyati muhokama qilinadi. Anjuman ishi doirasida BMTning Yoshlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiyasi loyihasini qo'llab-quvvatlashga alohida e'tibor qaratiladi.
Seminarda IHTning Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi a'zolari, xalqaro ekspertlar, IHTga a'zo va kuzatuvchi maqomidagi 50 ga yaqin davlat, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha milliy muassasalar vakillari ishtirok etadi.
Xususan, Afg'oniston, Bangladesh, Birlashgan Arab Amirliklari, Burkina-Faso, Gabon, Gvineya, Gambiya, Jazoir, Jibuti, Iordaniya, Indoneziya, Komor orollari Ittifoqi, Mavritaniya, Malayziya, Mali, Markaziy Afrika Respublikasi, Marokko, Misr, Mozambik, Nigeriya, Ozarbayjon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Senegal, Serra-Leone, Sudan, Somali, Togo, Tojikiston, Tunis, Turkiya, Turkmaniston, Uganda, Chad, Eron, Yaman, O'mon, Qirg'iziston, Qozog'iston, Quvayt kabi mamlakatlardan ishtirokchilar taklif etilgan.
Hozirgi davr taraqqiyotining qat'iy tamoyillaridan biri shuki, har kim, har qaerda va har qachon inson huquqlaridan bahra olishi lozim. Yoshlar – aksariyat mamlakatlar aholisining katta qismi sifatida fuqarolik va siyosiy huquqlaridan emin-erkin foydalanish imkoniyatiga ega bo'lishlari zarur.
Bu o'rinda davlatning zimmasidagi iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarni ro'yobga chiqarish bo'yicha javobgarlik fuqarolik va siyosiy huquqlarni ta'min etish bilan bog'liq mas'uliyatidan aslo kam emas. Shu nuqtai nazardan, yoshlarga taalluqli dasturlar va yoshlar bo'yicha davlat siyosatini ishlab chiqishda navqiron avlod vakillarining ta'lim olish, mehnat qilish, malakali tibbiy yordamdan foydalanish huquqlarini ko'zda tutish taqozo etiladi.
IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining Yillik seminari ishtirokchilari yoshlar huquqlarini himoya qilish va rag'batlantirish bo'yicha mavjud xalqaro va mintaqaviy mexanizmlarni tahlil qiladilar.
Anjumanda, shuningdek, yoshlarni o'z mamlakati barqaror taraqqiyotiga munosib hissa qo'shishga rag'batlantirish uchun davlat taraqqiyot strategiyasida navqiron avlod
huquqlarini ta'minlashning hisobga olinishi borasidagi ilg'or tajribalar asosida amaliy takliflar ishlab chiqiladi.
IHTga a'zo mamlakatlar yoshlari o'z huquqlaridan to'la foydalanishida duch kelayotgan asosiy muammolarga e'tibor qaratiladi. Seminar ishtirokchilari o'zlari mansub mamlakatlar yoshlariga doir davlat siyosati va joriy dasturlar tahlili bo'yicha xulosalarini taqdim etadilar.
Anjuman nihoyasida yakuniy hujjat qabul qilinishi kutilmoqda. Unda yoshlar huquqlarini to'liq ro'yobga chiqarish orqali ularning o'z mamlakatlari taraqqiyoti jarayonlarida bevosita ishtirokini kuchaytirishga qaratilgan yoshlar siyosatini ishlab chiqish bo'yicha tavsiyalar bayon etiladi. Yillik 6-seminarda qabul qilinadigan yakuniy hujjat, shuningdek, IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi sessiyasiga taqdim etilishi mo'ljallangan.
Ma'lumot uchun: Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) – 1969 yil 25 sentyabrda Marokash poytaxti Robotda o'tkazilgan islom davlatlari rahbarlarining birinchi yig'ilishida tashkil etilgan. Dastlab Islom konferentsiyasi tashkiloti (IKT) deb yuritilgan dunyodagi ushbu eng yirik xalqaro islom tashkiloti 2011 yildan buyon Islom hamkorlik tashkiloti deb ataladi.
IHT qarorgohi Saudiya Arabistonining Jidda shahrida joylashgan. Tashkilotda rasman ingliz, arab va frantsuz tillarida ish olib boriladi. Bugungi kunda IHTga ikki milliardga yaqin aholiga ega 57 davlat a'zodir. Mazkur tashkilotda BMT, Rossiya, Bosniya va Gertsegovina, Markaziy Afrika Respublikasi kuzatuvchi maqomiga ega.
O'zbekiston 1996 yildan IHT a'zosi hisoblanadi. 2016 yil 18-19 oktyabr` kunlari Toshkent shahrida IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasi bo'lib o'tdi. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev «Ta'lim va ma'rifat – tinchlik va bunyodkorlik sari yo'l» mavzusidagi ushbu sessiyaning ochilish marosimida, shuningdek, 2017 yil 10 sentyabrda Astana shahrida (Qozog'iston) bo'lib o'tgan IHTning Fan va texnologiyalar bo'yicha birinchi sammitida nutq so'zladi.
IHTning asosiy maqsad va vazifalari quyidagilardan iborat:
- a'zo davlatlar o'rtasida do'stlik va birdamlik rishtalarini uyg'unlashtirish;
- islom olamida yuzaga kelgan muammolarni hal etish;
- davlatlar ichki qonunlariga hurmat bilan yondashish;
- inson huquqlarini himoya qilish;
- a'zo davlatlarning iqtisodiy jihatdan rivojlanishiga ko'maklashish;
- islom dini haqida turli nohaq va nojo'ya ma'lumotlarni bartaraf qilish;
- turli sohalarda mamlakatlardagi institutlar bilan ilmiy izlanishlarni tashkil qilish.
IHTning Mustaqil doimiy inson huquqlari komissiyasi – IHTga a'zo mamlakatlar Tashqi ishlar vazirlari Kengashining 2011 yil 28-30 iyun` kunlari Astana shahrida (Qozog'iston) bo'lib o'tgan 38-sessiyasida qabul qilingan rezolyutsiyaga muvofiq tuzilgan.
2019 yilda O'zbekiston IHTning ushbu Komissiyasiga raislik qilmoqda.
Komissiya IHTning nizom va deklaratsiyalarida, shuningdek, inson huquqlari borasida umum e'tirof etilgan hujjatlarda qayd etilgan fuqarolik, siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy
huquqlarni, islom qadriyatlari bilan muvofiq holda, mustahkamlab borish bilan shug'ullanadi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 04.10.2019
- Ko'rishlar: 5875
- Chop etish