Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini tasdiqlash to'g'risidagi ma'lumotlar BMTning oltita tilida nashr etildi va Bosh Assambleyaning 74-sessiyasi rasmiy hujjati sifatida tarqatildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri. Ushbu nashr ishlari sessiya kun tartibining "Inson huquqlarini rag'batlantirish va himoya qilish" nomli 70-bandi doirasida amalga oshirilgan.
O'zbekistonning BMTdagi doimiy vakolatxonasi ma'lumotlariga ko'ra, Milliy strategiyani tasdiqlash to'g'risidagi ma'lumotlar, shuningdek BMTning Rasmiy hujjatlar tizimiga A/74/932-raqam bilan joylashtirilgan. Natijada dunyo jamoatchiligi Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasining arab, ingliz, ispan, xitoy, rus va frantsuz tillaridagi matni bilan tanishishi uchun qulay imkoniyat yuzaga keldi.
Ma'lumot uchun: Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 iyundagi Farmoni bilan tasdiqlangan. Ushbu hujjat loyihasini tayyorlashda xalqaro tashkilotlar, shu jumladan BMT ustav organlari va shartnomaviy qo'mitalari tavsiyalari inobatga olingan.
Milliy strategiya Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan inson huquqlarini ta'minlash va himoya qilishning dolzarb masalalarini har tomonlama o'rganish, amaldagi qonun hujjatlari, huquqni qo'llash amaliyoti va maqbul xorijiy amaliyot tahlili, shuningdek keng jamoatchilik muhokamasi, xalqaro va milliy maslahatlashuvlar natijalari asosida ishlab chiqilgan.
O'zbekiston Prezidentining Farmoni bilan, shuningdek Inson huquqlari bo'yicha Milliy strategiyani amalga oshirish bo'yicha «yo'l xaritasi» tasdiqlangan. Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markaziga Milliy strategiya va «Yo'l xaritasi»ning sifatli hamda o'z vaqtida amalga oshirilishi bo'yicha doimiy monitoring olib borish vazifasi yuklatilgan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 13.07.2020
- Ko'rishlar: 4093
- Chop etish