Inson huquqlari bo'yicha milliy strategiya: mazmun-mohiyati, ahamiyati, maqsadi va vazifalari

Joriy yil 22 iyunda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning "Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to'g'risida"gi Farmoni imzolandi va kuni kecha matbuotda e'lon qilindi.

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal SAIDOVdan Prezident Farmonining mazmun-mohiyati va ahamiyatini sharhlab berishni so'radik.

– Bu haqda so'z borganda, avvalambor, keyingi davrda davlatimiz rahbari boshchiligida butun xalqimiz yangi O'zbekistonni bunyod etish uchun shiddatli va qamrovdor islohotlarni amalga oshirayotganiga e'tibor qaratish lozim, – dedi A.Saidov. – Ana shu tizimli islohotlar talabi, jumladan, mamlakatda inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish mexanizmini yanada takomillashtirish masalasini kun tartibiga qo'ydi.

Ushbu vazifa dastlab Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va keng jamoatchilik muhokamalaridan so'ng 2017 yil 7 fevralda tasdiqlangan "2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi"da o'z aksini topdi. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida mazkur vazifani samarali va o'z vaqtida amalga oshirish zarurligi qat'iy ta'kidlandi.

Shu asosda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi loyihasi ishlab chiqildi. Loyiha matni milliy, xorijiy va xalqaro hamkorlar bilan birgalikda keng muhokama qilindi.

O'tgan davrda Milliy strategiya loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun regulation.gov.uz saytiga, shuningdek Inson huquqlari bo'yicha milliy markazning rasmiy saytiga 2 marta, ya'ni dastlabki va taklif-mulohazalar bilan takomillashtirilgan variantlari joylashtirildi. Muhokamalar jarayonida davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlaridan ko'plab takliflar olindi.

Bundan tashqari, loyiha yuzasidan joriy yil 28 fevralda Milliy maslahatlashuv tashkil etildi. Unda fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus vakillari faol qatnashdi. Ushbu ishtirokchilardan ham Strategiya loyihasini yanada mukammallashtirish yuzasidan qimmatli taklif va tavsiyalar olindi.

Shu ma'noda, Prezidentimiz ijro etish uchun yaqinda tasdiqlagan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi, Farmonda ta'kidlanganidek, "xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo'mitalarining tavsiyalarini inobatga olgan holda, shuningdek, inson huquqlarini ta'minlash va himoya qilish bo'yicha dolzarb masalalarni har tomonlama o'rganish, amaldagi qonunchilik, huquqni qo'llash amaliyoti va ilg'or xorijiy tajribani tahlil qilish hamda keng jamoatchilik muhokamasi, xalqaro va milliy maslahatlashuvlar natijasida ishlab chiqilgan".

– Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasining dolzarbligi va ahamiyati nimada deb hisoblaysiz?

– Keyingi vaqtda mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilishning qonunchilik va tashkiliy-huquqiy bazasini mustahkamlash, inson huquqlari bo'yicha xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish va xalqaro majburiyatlarni bajarish, shuningdek inson huquqlarini himoya qilish masalalari yuzasidan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni faollashtirishga doir tizimli ishlar olib borilmoqda.

Natijada O'zbekiston xalqaro huquqning sub'ekti sifatida inson huquqlari sohasida xalqaro  hamkorlik borasida ham rivojlanishning yangi bosqichiga ko'tarilgani e'tirof etilmoqda. Mamlakat xalqaro norma ijodkorligi faoliyatining faol ishtirokchisi sifatida, yangi xalqaro  shartnomalarning tashabbuskori sifatida jahon maydoniga dadil chiqayotgani buni tasdiqlaydi.

BMT Bosh Assambleyasi tomonidan “Ma'rifat va diniy bag'rikenglik” rezolyutsiyasining qabul qilinishi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti ushbu xalqaro tashkilotning 73-sessiyasida ilgari surgan tashabbus hayotga tatbiq etilganiga yaqqol amaliy misoldir. Bu muhim yutuq O'zbekistonning jahon hamjamiyatidagi nufuzi yuksalishiga katta turtki berdi.

Yangilangan O'zbekistonning tashabbuslari BMT darajasida qo'llab-quvvatlanmoqda. Mamlakatimizga BMT Bosh kotibi, Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissar, BMTning Diniy e'tiqod bo'yicha maxsus ma'ruzachisi hamda BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining sud`yalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo'yicha maxsus ma'ruzachisining amalga oshirgan tashriflari katta ahamiyatga ega bo'ldi.

Hozirgi vaqtda O'zbekiston Respublikasi inson huquqlari bo'yicha 80 dan ortiq xalqaro hujjatlarga, jumladan Birlashgan Millatlar Tashkilotining 6 ta asosiy shartnomaci va 4 ta fakul`tativ protokoliga qo'shilgan. Ushbu xalqaro hujjatlarning amalga oshirilishi yuzasidan BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi va shartnomaviy qo'mitalariga muntazam ravishda milliy ma'ruzalar taqdim etib kelinmoqda.

Mamlakatda mazkur xalqaro hujjatlarda mustahkamlangan inson  huquqlari va erkinliklariga doir normalarni milliy qonunchilikka  implementatsiya qilish, inson huquqlari bo'yicha milliy institutlarni rivojlantirish borasida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi. Shuningdek, inson huquqlarini himoya qilishda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirishga jiddiy e'tibor qaratilmoqda.

Sodda qilib aytganda, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi aynan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi imzolangan tarixiy kun arafasida tasdiqlanganida o'ziga xos ramziy ma'no bor.

Birinchidan, BMT Nizomining 1945 yil 26 iyun` kuni imzolangani jahon jamoatchiligi uchun qanchalik ulkan tarixiy ahamiyat kasb etgan bo'lsa, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi xalqimiz uchun shunchalik muhim tarixiy qimmatga egadir.

Ikkinchidan, BMT Nizomida aks etgan xalqaro printsip va normalar yer yuzidagi insonlarning hayotini yaxshilash uchun global hamkorlikning muhimligiga tayanadi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti o'z Nizomida taqdim etilgan vakolatlari va o'zining noyob xalqaro xususiyatidan kelib chiqib, tinchlik va xavfsizlik, iqlim o'zgarishi, barqaror rivojlanish, inson huquqlari, qurolsizlantirish, terrorizm, gumanitar va favqulodda vaziyatlar, gender tenglik, boshqaruv, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish kabi XXI asrda insoniyat oldida turgan masalalar bo'yicha qarorlar qabul qilishi mumkin.

E'tibor bering: Farmonda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga Inson huquqlari sohasida xalqaro majburiyatlarga rioya etilishi bo'yicha Parlament komissiyasini tuzish tavsiya etilgan. Shu birgina dalilning o'ziyoq, fikrimizcha, Milliy strategiyada belgilab berilgan vazifalar ham global hamkorlik printsipiga tayanishini yaqqol anglatib turibdi.

Va nihoyat, uchinchidan, BMT Nizomi inson huquqlarini himoya qilish sohasida global qo'llab-quvvatlangan birinchi hujjatdir. BMT Nizomi matnida “inson huquqlari” atamasi yetti marotaba keltirilgani BMT faoliyatining ustuvor yo'nalishlari va asosiy tamoyillaridan biri inson huquqlarini himoya qilish va ilgari surish ekanidan dalolat beradi. 1948 yilda Inson huquqlari umumjahon
deklaratsiyasi inson huquqlari tushunchasini xalqaro huquq sohasiga kiritdi. Shundan beri BMT o'z Nizomi doirasida tegishli huquqiy vositalar va bir qator aniq chora-tadbirlar orqali inson huquqlarini himoya etib kelmoqda.

Inson huquqlarini himoya qilish borasidagi mamlakatimiz pozitsiyasi BMT Nizomi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qoidalari, ulardan kelib chiqadigan xalqaro kelishuvlarga asoslanadi. Ayniqsa, Vena deklaratsiyasi va Xarakatlar dasturi asosida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi tasdiqlangani mamlakatda amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlarning va inson huquqlarini himoya qilish institutsional mexanizmlarini yaratishning muhim bosqichi hisoblanadi.

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va O'zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan xalqaro shartnomalarda belgilab berilgan inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasida yagona va muvofiqlashtiruvchi siyosatning samarali vositasi bo'lishiga shak-shubha yo'q.

– Milliy strategiyaning maqsad va vazifalari nimalardan iborat?

– Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasining maqsadi – O'zbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini ta'minlash bo'yicha izchil olib borilayotgan davlat siyosatini amalga oshirishning asosiy vazifalari va yo'nalishlarini belgilab olishdir.

Milliy strategiyaning asosiy vazifalari haqida so'z borganda, quyidagilarni sanab o'tish zarur:

Mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo'nalishlarini, umume'tirof etilgan xalqaro standartlar hamda O'zbekistonning inson huquqlari sohasidagi majburiyatlarini, shuningdek, BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo'mitalarining tavsiyalarini hisobga olgan holda qonunchilikni takomillashtirish;

2030 yilgacha bo'lgan davrda O'zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishida parlament va fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirish, qonun ustuvorligini mustahkamlash, milliy qonunchilik va huquqni qo'llash amaliyotini inson huquqlari bo'yicha xalqaro majburiyatlarga muvofiqlashtirish;

O'zbekistonning inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro reytinglar va indekslar, ya'ni qonun ustuvorligi, norma ijodkorligi sifati, hukumat faoliyati samaradorligi, so'z va axborot erkinligi, jinoyatchilik va korruptsiyaga qarshi kurash, biznesni olib borish shart-sharoitlari, global raqobatbardoshlik, innovatsion rivojlanish va boshqa ko'rsatkichlar bo'yicha dunyodagi 50 ta yetakchi mamlakatlar qatoriga kirishini ta'minlash;

Inson huquqlari buzilishlariga barham berish maqsadida sud hokimiyati mustaqilligini ta'minlash, prokuratura organlari faoliyatini takomillashtirish va odil sudlov tizimi vakolatlarini mustahkamlash, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha milliy institutlar faoliyati uchun keng sharoitlarni yaratish, inson huquqlari sohasidagi davlat siyosatini monitoring qilish va baholashning milliy tizimini yanada rivojlantirish, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish, jamiyatda inson huquqlari madaniyatini shakllantirish;

Shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni himoya qilishda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari hamda xususiy sektor faoliyatining ochiqligi va o'zaro hamkorligi samaradorligini oshirish, shuningdek, qonun ijodkorligi jarayonida fuqarolik jamiyati institutlari bilan maslahatlashuvlarni o'tkazish amaliyotini takomillashtirish;

Jinoyatchilikning, ayniqsa odam savdosi, korruptsiya, qiynoqqa solish, uyushgan va transmilliy jinoyatchilikning oldini olish va bu illatlarga qarshi kurashish, shuningdek, ushlab turilganlar, qamoqqa olinganlar va mahkumlarni saqlash joylari tizimida odil sudlovga va inson huquqlariga rioya etilishini ta'minlash;

Aholining imkoniyati cheklangan, kam ta'minlangan guruhlar huquqlarini BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarining “hech kimni orqada qoldirmaslik” tamoyiliga muvofiq himoya qilishni ta'minlash, davlat va jamiyatning alohida himoyasiga muhtoj bo'lgan shaxslar, shu jumladan O'zbekiston Respublikasi fuqarosi bo'lmagan shaxslarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash hamda ularga xizmatlar ko'rsatish sifatini oshirish;

Din, so'z va fikr erkinligi, ma'lumot olish, kamsitishga yo'l qo'ymaslik, gender tenglikni ta'minlash, barchaning sifatli ta'lim va tibbiy xizmatlardan teng foydalanishi, keksa odamlarning ijtimoiy integratsiyasi, bolalar, yoshlar, ayollar, nogironligi bo'lgan shaxslar va migrantlar huquqlarini himoya qilish sohalarida huquqni qo'llash amaliyotini yanada takomillashtirish;

Oila institutini, onalik, otalik va bolalikni himoya qilish, oilada zo'ravonlikning oldini olish va unga qarshi kurashishni huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa jihatlardan qo'llab-quvvatlash darajasini oshirish;

Insonning iqtisodiy huquqlarini ta'minlash, xususiy mulkchilik va davlat-xususiy sheriklik aloqalarini rivojlantirish;

Ta'limning sifati va barcha darajadagi qamrovini oshirish, uzluksiz ta'lim tizimini rivojlantirish, o'qitish tizimining inklyuzivligi va undan barchaning foydalana olishini ta'minlash;

Inson huquqlari sohasida axborot-ma'rifiy faoliyatining sifati hamda manzilligini yaxshilash;

Davlatlararo munosabatlarni, xalqaro tashkilotlar bilan o'zaro hamkorlik aloqalarini uyg'unlashtirish, inson huquqlari

bo'yicha xalqaro shartnomaviy organlarning tavsiyalarini sifatli va o'z vaqtida bajarish maqsadida innovatsion tamoyillarni joriy etish;

BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi a'zoligiga O'zbekiston Respublikasi saylanishini ta'minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish.

– Ushbu o'ta salmoqli va qamrovdor vazifalarni to'liq hamda o'z vaqtida bajarishning aniq mexanizmalari mavjudmi?

– Farmon bilan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasidan tashqari yana ikkita muhim hujjat ham tasdiqlandi. Bulardan biri – Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini amalga oshirish bo'yicha “Yo'l xaritasi” bo'lsa, ikkinchisi – BMTning inson huquqlari bo'yicha ustav organlari va shartnomaviy qo'mitalari xabarnomalari va qarorlarini ko'rib chiqish yuzasidan O'zbekiston Respublikasi davlat organlarining o'zaro hamkorlik qilish tartibi to'g'risidagi nizom hisoblanadi.

Shu o'rinda Milliy strategiya va “Yo'l xaritasi”ning amalga oshirilishi yuzasidan asosiy mas'uliyat Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markaziga yuklanganini qayd etish lozim. Farmon bilan o'rnatilgan tartibga muvofiq, Markaz bu borada:

muntazam monitoring olib borib, chora-tadbirlar sifatli va o'z vaqtida ijro etilishi bo'yicha taklif va tavsiyalarni tegishli vazirlik va idoralarga kiritib boradi;

doimiy ravishda aniq ko'rsatkichlar va erishilgan natijalar aks ettirilgan batafsil axborotni o'z veb-saytida joylashtirib boradi;

har chorakda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga umumlashtirilgan ma'lumot kiritadi;

axborot-tahliliy sharhlar tayyorlanishi, xorijiy tillarga tarjima qilinishi va e'lon qilinishini ta'minlaydi.

Shuni ham aytish kerakki, “Yo'l xaritasi”da belgilangan mas'ul ijrochilar o'zlariga yuklatilgan vazifalar ijrosi to'g'risidagi ma'lumotlarni har oyning 5-sanasiga qadar Markazga taqdim etadi. Milliy strategiya va “Yo'l xaritasi”ning ijro holati yuzasidan har olti oyda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Rayosati majlislarida vazirlik va idoralarning axboroti tinglanadi.

Farmonda vazirlik va idoralar rahbarlarining Milliy strategiya va “Yo'l xaritasi”ning ijro holati yuzasidan axborotini har chorakda eshitish va tanqidiy muhokama qilish zarurligi ko'rsatilgan.  Shuningdek, Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlariga vazirlik va idoralar hududiy bo'linmalari rahbarlarining Milliy strategiya va “Yo'l xaritasi”ning hududlar kesimida ijro etilishi yuzasidan axborotini har chorakda eshitish va tanqidiy muhokama qilish tavsiya etildi.

Bundan tashqari, inson huquqlarini himoya qilish va inson huquqlari madaniyatini oshirishda ko'rsatgan xizmatlari uchun har yili Xalqaro inson huquqlari kunida topshiriladigan “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko'krak nishoni ta'sis etiladi.

Har ikki yilda yuqori saviyada hamda xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijiy davlatlar mutaxassislari va faxriy mehmonlar ishtirokida Inson huquqlari bo'yicha Samarqand forumi o'tkaziladi.

Xulosa qilib aytganda, Farmonda ta'kidlanganidek, "inson huquqlari sohasida uzoq muddatli strategiyaning qabul qilinishi ushbu sohada davlat siyosatining samarali amalga oshirilishiga, inson huquqlari va erkinliklariga hurmat munosabati shakllanishiga, mamlakatning xalqaro maydondagi obro'si yanada mustahkamlanishiga, shu jumladan, O'zbekiston Respublikasining iqtisodiy va siyosiy-huquqiy reyting hamda indekslardagi mavqei yaxshilanishiga xizmat qiladi".

Powered by GSpeech