Inson huquqlari bo'yicha Samarqand veb-forumi yakunlandi

2020 yil 13 avgust kuni yoshlar huquqlarini targ'ib qilishning dolzarb masalalariga bag'ishlangan Inson huquqlari bo'yicha Samarqand veb-forumi o'z ishini davom ettirdi.

Anjumanning uchinchi yalpi majlisida yoshlar uchun inson huquqlari bo'yicha ta'lim masalalari muhokama qilindi. Mazkur sessiyaga BMT Aholishunoslik fondining (YUNFPA) O'zbekistondagi vakili va Tojikistondagi vakolatxonasi rahbari Yu Yu bilan Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Rahim Hakimov moderatorlik qildi.

Ishtirokchilar yoshlarga inson huquqlari sohasida ta'lim berish bo'yicha xalqaro tajribani tahlil qildilar. Munozaralar asnosida dunyo yoshlarining inson huquqlari borasidagi savodxonligini oshirish zarurligi ta'kidlandi.

Ayni yo'nalishda amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. Binobarin, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bugungi va ertangi yoshlarga bevosita bog'liq.

To'rtinchi yalpi majlis "Tinchlik va xavfsizlikni ilgari surishda yoshlarning roli: 2030 yilgacha yanada xavfsizroq kelajakka nazar" degan mavzu muhokamasiga bag'ishlandi. YEXHTning Yoshlar ishlari bo'yicha maslahatchisi Anastasiya Fusko bilan O'zbekiston Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa'dullaev moderatorligida o'tgan ushbu sessiyada xavfsizlik va hamkorlik masalalariga har tomonlama yondashuvni mustahkamlashda yoshlarning o'rni hamda ahamiyatini yoritish masalalari ko'rib chiqildi.

Forumda ta'kidlanganidek, BMT doirasida va undan tashqarida yoshlar masalasi tez-tez muhokama markaziga qo'yilmoqda. Ammo, global rivojlanish davrida oldinga qarab bir necha qadam, natijali qadamlar qo'yish zarurati mavjud. Shu nuqtai nazardan, ishtirokchilarning baholashicha, Samarqand veb-forumi yer yuzidagi yoshlarning hayotini yaxshilash uchun global hamkorlikning muhimligini alohida ta'kidlashga qaratilgani bilan g'oyatda ahamiyatlidir.

Bunda, ayniqsa, BMT Yoshlar huquqlari bo'yicha xalqaro konventsiyasining qabul qilinishi kelgusida jahondagi barcha davlatlar yoshlar masalalariga bo'lgan e'tiborni tubdan oshirishiga xizmat qilishi alohida ta'kidlandi.  Yoshlarning alohida huquqlariga jiddiy e'tibor qaratilishi, o'z navbatida, navqiron avlod vakillariga manzilli ko'mak ko'rsatishda ulkan omil bo'ladi.

Ushbu xalqaro hujjatning maqsadi - dunyo bo'yicha yoshlarning ehtiyojlarini qondirish, yoshlarning eng maqbul qiziqishlari, erkinliklari va huquqlari kafolati hamda salohiyatini mustahkamlash uchun xalqaro, mintaqaviy va milliy darajadagi sa'y-harakatlarni kuchaytirishdan iborat.

Xuddi shunday istiqbolli tashabbuslar va amaliy taklif-tavsiyalar xalqaro anjumanning yakuniy hujjati loyihasidan ham joy olgan. Ishtirokchilar uni tasdiqlash
yuzasidan atroflicha fikr almashdilar.

Bu borada O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari Akmal Saidov,  BMT Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari
Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy vakili Rishard Komenda, YEXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi elchi Jon MakGregor, BMTning Narkotiklar va jinoyatga qarshi kurash bo'yicha boshqarmasining mintaqaviy vakili Ashita Mittal va boshqalarning chiqishlari tinglandi.

Shundan so'ng "Yoshlar-2020: global birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari" nomli Samarqand rezolyutsiyasi qabul qilindi.

Xalqaro anjuman nihoyasida Samarqand forumining bevosita tashabbuskori O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevga tadbir ishtirokchilari va jahon yoshlariga yo'llagan samimiy tilaklari uchun chuqur minnatdorchilik bildirildi.

Samarqand veb-forumi ishtirokchilari xalqaro anjumanga puxta tayyorgarlik ko'rilganini alohida qayd etdilar. Bu, o'z navbatida, munozara va muhokamalar samaradorligini, umuman, xalqaro anjumanning yuqori saviyada o'tishini ta'minlagani e'tirof etildi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech