Inson huquqlari bo'yicha Samarqand veb-forumida BMTning Yoshlar huquqlari bo'yicha konventsiyasi loyihasi muhokama qilinadi

2020 yilning 12-13 avgust kunlari yoshlar huquqlarini targ'ib qilishning dolzarb masalalariga bag'ishlangan Inson huquqlari bo'yicha Samarqand veb-forumini o'tkazishga tayyorgarlik ishlari davom etmoqda.

Forumda ishtirok etish uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropa Ittifoqi, Islom Hamkorlik Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi, Afrika Ittifoqi tizimidagi yoshlar tuzilmalari rahbarlari, diplomatik korpus vakillari, inson huquqlari bo'yicha xalqaro, mintaqaviy va milliy institutlar, fuqarolik jamiyati institutlari, yoshlar tashkilotlari vakillari, olimlar va ekspertlar, jami 300 dan ortiq kishi ixtiyor bildirgan.

Shuningdek, tadbirda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti, Yoshlar ishlari bo'yicha agentlik, yoshlar tashkilotlari vakillarining faol ishtirok etishi kutilmoqda.

Samarqand forumi davomida ishtirokchilar yoshlar huquqlarini ta'minlash bo'yicha muammolarni batafsil ko'rib chiqish va yoshlar huquqlarini ta'minlashning xalqaro va mintaqaviy mexanizmlarini takomillashtirish masalalarini muhokama qilish imkoniyatiga ega bo'ladi.

Samarqand forumida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti SH. M. Mirziyoevning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi taklifiga muvofiq tayyorlangan BMTning Yoshlar huquqlari bo'yicha konventsiyasi loyihasi birinchi marta jahonning yetakchi ekspertlari muhokamasi uchun taqdim qilinadi.

Konventsiya loyihasi muhokamalarida barcha qiziqqan kishilar o'z taklif va mulohazalari bilan qatnashishi mumkin.

Yoshlar huquqlari bo'yicha konventsiya loyihasi muhokama uchun forumning rasmiy saytida (http://www.asianforum.uz/) joylashtirilgan.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech