Jiddadan maktub: O'zbekiston va Islom hamkorlik tashkiloti hamkorligi istiqbollariga doir

Bugungi kunda O'zbekiston bilan Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) o'rtasidagi hamkorlik aloqalari izchil rivojlanmoqda. Bunda, jumladan, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi o'rtasida yo'lga qo'yilgan o'zaro yaqin munosabatlar alohida o'rin tutadi.

Kuni kecha IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi Kotibiyatining Ijrochi direktori Mag'rub Salim Batt nomidan kelgan xatda ana shu o'zaro hamkorlikning ahamiyati yana bir bor e'tirof etilgan.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.M.Mirziyoev ta'kidlaganidek, “Inson huquq va erkinliklariga amal qilinishini ta'minlash, har bir shaxsning qadr-qimmatini e'zozlash biz barpo etayotgan ochiq, erkin va adolatli jamiyatning ajralmas xususiyatidir”.

Shu ma'noda, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining 2020 yil may oyida videokonferentsaloqa shaklida bo'lib o'tgan yalpi majlislarida birinchi marotaba Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazining axboroti ko'rib chiqildi. Axborot 2018-2019 yillarda O'zbekiston Respublikasida inson huquqlari bo'yicha xalqaro  majburiyatlarga rioya qilinishining holatiga bag'ishlangan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi axboroti to'g'risida tegishli qarorlar qabul qildi. Xususan, har ikki palata Markaz axborotida bayon etilgan muhim daliliy ma'lumotlarni keng jamoatchilikka yetkazishni tavsiya etdi.

Shu asosda "Yangi O'zbekiston va inson huquqlari: O'zbekiston Respublikasi tomonidan inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarga amal qilinishining holati" deb nomlangan axborot Markaz tomonidan boshqa xalqaro tashkilotlar qatori Islom hamkorlik tashkilotiga ham taqdim etilgandi. Jiddadan kelgan xatda, avvalo, shu haqda so'z boradi.

IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi Kotibiyatining Ijrochi direktori "Yangi O'zbekiston va inson huquqlari" mavzuidagi axborot bilan IHT Komissiyasining barcha a'zolarini tanishtirishini ma'lum qilgan. "Koronavirus pandemiyasi tufayli joriy etilgan cheklovlar olib tashlanishi bilan o'tkaziladigan Komissiyaning navbatdagi sessiyasida ushbu axborot matnini IHTga a'zo barcha davlatlar vakillariga ham taqdim etishni rejalashtirayapmiz", deb qayd etadi u.

Mag'rub Salim Batt, shuningdek Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi davriy nashri hisoblanuvchi "Demokratlashtirish va inson huquqlari" jurnali tahririyatining Xalqaro jamoatchilik kengashi a'zosi bo'lishga doir taklifni minnatdorchilik bilan qabul qilganini bildirgan.

O'zbekistonda nashr etiladigan mazkur jurnalning inson huquqlarini himoya qilishga taalluqli global masalalar tahlili, talqini hamda targ'ibi bilan shug'ullanadigan yetakchi xalqaro ekspertlari safida bo'lishga chorlovingiz men uchun katta sharafdir, deb ta'kidlaydi doktor M. Salim Batt.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech