Klod Leblans – frantsuz jurnalisti. Frantsiyada nashr etiladigan «L'Opinion» gazetasi tahririyatida “Osiyo” bo'limi mudiri va muharrir bo'lib ishlaydi.
«L'Opinion» gazetasi – frantsuz tilida chiqadigan navqiron, ancha ommabop, mustaqil kundalik axborot nashridir. Uning nomlanishi italyanlarning «Il Foglio» va amerikaliklarning «Politico» gazetalari nomiga o'xshaydi.
O'zbek tilida bu nom «Munosabat» degan ma'noni anglatadi. «L'Opinion» gazetasi sahifalarida asosan Yevropa mintaqasi manfaatlariga doir masalalar, xususan, Frantsiya biznesi va iqtisodiy hayotining kundalik muammolari liberal qarashlar negizida yoritib boriladi.
Klod Leblansning bo'limi gazeta axborot maydonini Osiyo qit'asi yangiliklari bilan to'ldirib boradi. Bunda Klodning bir muddat Yaponiya, Xitoy kabi mintaqaning yetakchi mamlakatlarida ishlab kelgani muhim rol` o'ynamoqda.
«L'Opinion» gazetasi «Bey medias» kompaniyasiga qarashli bo'lib, joylarda keng muxbirlik tarmog'iga ega. Nashrning matbaa va raqamli shakllari bir xil vaqtda – 2013 yildan nashr etila boshlangan. Adadi – 42 000 nusxa. Veb-sayti: www.lopinion.fr.
Klod Leblans 21 dekabr kuni Toshkentga keldi. Kuni kecha esa u Buyuk Britaniyaning “The Economist” jurnali tomonidan O'zbekiston “Yil mamlakati” deya e'lon qilinganidan xabar topdi.
Frantsuz jurnalisti O'zbekistonga kelib, so'nggi yillarda mamlakatda muhim islohotlar amalga oshirilayotgani tufayli “vaziyat yaxshi tomonga o'zgargan” degan fikrga shaxsan guvoh bo'ldi. Haqiqatan ham, mamlakatda yangi Saylov kodeksiga muvofiq o'tkazilayotgan saylovlarga yuqori darajada hozirlik ko'rilgan.
– Eng asosiysi, tashrifim boshidayoq yangi O'zbekistonga mos saylovlarni kuzatdim, – dedi Klod Leblans. – Bu saylovlar, umuman olganda, O'zbekistonda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli va shiddatli islohotlar fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, aholi farovon turmush kechirishini ta'minlashga qaratilgan va bu juda muhimdir.
K.Leblans saylovda ovoz berish jarayonlarini kuzatish uchun 22 dekabr tong saharda Samarqandga yo'l oladi.
G'ulom Mirzo
- Qo'shildi: 21.12.2019
- Ko'rishlar: 5036
- Chop etish