12 fevral kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov rahbarligidagi delegatsiya a'zolari Buyuk Britaniya Qirolichasi huzuridagi Bolalarni hibsda saqlash joylari inspektsiyasi rahbari Angus Mulredi-Jons va Inspektsiyaning inson huquqlari sohasidagi siyosat bo'limi boshlig'i Jeyd Glinister bilan uchrashdi.
Muloqot chog'ida Buyuk Britaniyaning Milliy preventiv mexanizmi bilan tanishildi. Mamlakatda qamoqxonalarni inspektsiya qilish amaliyoti qariyb 200 yillik tarixga ega. Ayni vaqtda mamlakatda 22 ta tashkilotga milliy preventiv mexanizm vakolatlari berilgan bo'lib, Bolalarni hibsda saqlash joylari inspektsiyasi shulardan biridir.
Inspektsiya bir yilda salkam 20 ta qamoqxonani o'rganadi. Yoshlar saqlanadigan turmalarda - 1 yilda, kattalar qamoqxonalarida - 3 yilda, shunga o'xshash boshqa muassasalarda esa 5 yilda bir marta inspektsiya o'tkaziladi. Agar o'rganishlar yakuni bo'yicha kiritilgan tavsiyalar bajarilishi borasida salbiy natijalar kuzatilsa, o'sha qamoqxonada 8-12 oy ichida takroriy inspektsiya o'tkaziladi.
Muloqot davomida Bolalarni hibsda saqlash joylari inspektsiyasi Buyuk Britaniyaning milliy preventiv mexanizm vakolatlari berilgan barcha organlari faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish bilan shug'ullanishiga alohida e'tibor qaratildi. O'zbekiston Prezidentining qarori asosida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markaziga ham milliy preventiv mexanizm vakolatlari berilgani qayd etildi.
Tomonlar bu boradagi o'zaro hamkorlik istiqbollarini atroflicha muhokama qildilar.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 13.02.2020
- Ko'rishlar: 4319
- Chop etish