Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-fevraldagi PQ-46-son Qarori va unga ilova O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning ijrosi yuzasidan 2024-yil 25-iyul holatidagi monitoring natijalariga ko‘ra quyidagilarni ma’lum qiladi.
O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 7 ta yo‘nalish, 30 ta banddan iborat bo‘lib, shundan 13 ta bandi ( 43.3 %) bajarilgan, 16 ta band (53.3 %) bajarilmoqda, 1 ta band (3.3 %) to‘liq bajarilmagan.
Qaror ijrosi doirasida quyidagi ishlar amalga oshirildi:
Birinchidan, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan 11 ta tibbiyot oliy ta’lim muassasalarining barcha ta’lim yo‘nalishlari uchun “Inson huquqlari” o‘quv dasturi ishlab chiqildi va tasdiqlandi hamda 2023/2024-o‘quv yilida jami 11 ta tibbiyot oliy ta’lim muassasalarining barcha 3-bosqich talabalari uchun mazkur “Inson huquqlari” modul dasturi asosida jami 60 soat, shundan 30 soat auditor va 30 soat mustaqil ta’limda o‘quv jarayoni tashkil etildi.
Ikkinchidan, Davlat tashkilotlari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari uchun qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha 5 ta, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari mavzusida 20 dan ortiq hamda migrantlar huquqlari bo‘yicha 5 ta va inson huquqlari va gender tengligi mavzusida 15 ta o‘quv kurslari tashkil etildi.
Xususan, Davlat boshqaruvi akademiyasi hududiy filiallarida 1 245 nafar hududlardagi o‘rta va quyi bo‘g‘in rahbar kadrlari uchun 1 haftalik o‘quv kurslari muntazam tashkil etilmoqda. 2024-yilning yanvar-iyun oylarida Milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan 667 nafar nomzodlar, 807 nafar tarkibiy bo‘linma rahbarlari, tuman (shahar) prokuratura,ichki ishlar va soliq organlari, jami 49 nafar rahbar kadrlari uchun malaka oshirish kurslari bo‘lib o‘tdi.
Shuningdek, Respublikaning 5 ta hududida – Toshkent viloyati (30-aprel va 1-may), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (21-22-may) va Xorazm viloyati (23-24-may), Surxondaryo viloyati (2-3-iyul), Qashqadaryo (4-5-iyul) viloyatlarida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida o‘quv kurslari tashkil etildi. O‘quv kurslarida har bir hududdan tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi huquqni muhofaza qiluvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalarining jami 309 nafar xodimlari ishtirok etdi.
Bundan tashqari, 2024-yil 14-17-may kunlari IHMM majlislar zalida “Inson huquqlariga rioya etish va uni himoya qilishning xalqaro standartlari: amaliyot va hisobot” mavzusida onlayn va oflayn formatda o‘quv kurslari tashkil etildi.
Mashg‘ulotlarda O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarishda faol ishtirok etayotgan vazirlik va idoralarning 20 dan ortiq mas’ul xodimi qatnashdi.
2024-yil yanvar-iyun oylari davomida Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Surhandaryo, Farg‘ona, Xorazm viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat mehnat nazorat inspeksiyasi xodimlari tomonidan hududlardagi korxona va tashkilotlarda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari bo‘yicha seminar-treninglar dasturi asosida, ularning mehnat huquqlari bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi.
O‘zbekiston Respublikasi yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi bilan birgalikda nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnat huquqlari bo‘yicha joylarda 170 marotaba seminar-treninglar tashkil etildi. Seminar yig‘ilishlarida 3074 taga yaqin xodimlar ishtirok etdi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi bilan birgalikda nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnat huquqlari bo‘yicha joylarda ommaviy axborot vositalarida 20 ta marotaba chiqishlar qilingan bo‘lib, shundan mahalliy ro‘znomalarda 9 marotaba chiqishlar tashkil etilgan.
2024-yil yil 25-27-mart kunlari Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilotning O‘zbekiston Respublikasidagi vakolatxonasi tomonidan “O‘zbekiston fuqarolari Buyuk Britaniyada xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat qilish” mavzusida tadbir tashkil etildi.
Uchinchidan, O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi ta’lim va tarbiyani mustahkamlash, inson huquqlari milliy tizimi haqida turkum radio va teledasturlar, ko‘rsatuvlar O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston 24”, “Yoshlar”, “Toshkent”, “Dunyo bo‘ylab” teleradiokanallarida efirga uzatilmoqda.
2024-yil 1-yarim yilligida jami 111 ta material OAVda e’lon qilingan. Shulardan bosma nashrlarda 13 ta, ijtimoiy tarmoqlarda 33 ta, “Telegram” messenjerida 35 ta, Internet veb-saytlarida 8 ta, respublika telekanallarida 16 ta, radiokanallarida 6 ta material chop etildi.
Shuningdek, Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi ijrosi doirasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda 3 ta monitoring o‘tkazildi. Monitoring davomida “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari” va “Bola huquqlari” fanlarini o‘qitish sifati o‘rganildi. Monitoring o‘tkazilgan ta’lim muassasalari axborot-resurs markazlarining har biriga 80 ta kitobdan iborat adabiyot jamlanmalari topshirildi. Xususan monitoring quyidagi hududlarda o‘tkazildi:
1. 2024-yil 21-22-may kunlari Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Yuridik texnikumi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Qoraqalpoq akademik litseyida
2. 2024-yil 27-may kuni Urganch davlat universitetida
3. 2024-yil 2-3-iyul kunlari Qashqadaryo viloyati Termiz muhandislik-texnologiya instituti, Termiz davlat pedagogika instituti, Termiz davlat universitetida.
- Qo'shildi: 29.07.2024
- Ko'rishlar: 1775
- Chop etish