Parlament va xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga bo‘lib o‘tadigan saylovlarga nafaqat yurtimizda, balki xorijdagi elchixona va vakolatxonalarimizda ham qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Xorijliklarga O‘zbekistonda yangi tizim asosida o‘tkaziladigan saylov xususida ma’lumotlar berilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov boshchiligidagi delegatsiya a’zolarining Fransiya poytaxti Parij shahriga tashrifi doirasida mamlakatimiz elchixonasi bilan hamkorlikda saylovlarga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Parlament axborot markazi xabar berdi.
Fransiyaning parlament, ekspert, akademik, jamoat doiralari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan davra suhbatida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyati yuzasidan ma’lumot berilib, mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash borasida erishilayotgan yutuqlarga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Shuningdek, O‘zbekistonda bo‘lajak parlament saylovlari ilk bor yangi tahrirdagi Konstitutsiya va saylov qonunchiligiga kiritilgan oxirgi o‘zgartirishlarga muvofiq o‘tkazilishi qayd etildi. Tadbir ishtirokchilariga saylovoldi tashviqot doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari haqida ham batafsil axborot berildi.
O‘z navbatida, Fransiya tomoni vakillari mamlakatimizning zamonaviy taraqqiyoti, ko‘p qirrali O‘zbekiston – Fransiya hamkorligining turli jihatlariga to‘xtalib, yurtimizda bo‘lajak muhim siyosiy voqea yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.
Xususan, Fransiya Milliy Assambleyasining sobiq a’zosi Karol Byuro-Bonar saylovlarda xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etish taklifini olganini, avval ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida, shuningdek, parlament saylovlarida kuzatuvchi sifatida qatnashganini ta’kidladi. Shuningdek, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan, ortga qaytmaydigan o‘zgarishlar, demokratik islohotlardan hayratga tushishini ma’lum qildi. Qonunchilik palatasiga saylovlar aralash tizim asosida o‘tkazilishi O‘zbekistonda siyosiy partiyalar o‘rtasidagi raqobatni yanada kuchaytirishini qayd etdi.
M.Komilova tayyorladi.
- Qo'shildi: 10.10.2024
- Ko'rishlar: 833
- Chop etish