3-dekabr kuni Toshkentda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining Axborot-resurs markazi negizida “Inson huquqlari uyi” o‘z faoliyatini rasman boshladi. Shu munosabat bilan Milliy markaz tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi bilan hamkorlikda tantanali ochilish marosimi tashkil etildi.
Tadbirga faoliyati inson huquqlarini himoya qilish va huquqiy normalarni targ‘ib qilish bilan bog‘liq bo‘lgan xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari, O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, davlat organlari mutaxassislari, yetakchi ekspertlar, ilm-fan va jamoat arboblari – jami 100 nafar atrofidagi ishtirokchi hozir bo‘ldi. Bundan tashqari, “Inson huquqlari uyi”ning ochilishi tadbirini mamlakatimizning barcha hududlari markazlaridagi kutubxonachilar onlayn kuzatib bordi.
Qutlov uchun Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyevaga so‘z berildi.
So‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bevosita tashabbusi bilan bunyod etilgan “Inson huquqlari uyi”ning ochilishi mamlakatimiz inson huquqlarini himoya qilish tizimi taraqqiyoti yo‘lida g‘oyat muhim qadam ekanligini e’tirof etdilar. Ushbu tantanali tadbir 8-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun va 10-dekabr – Inson huquqlari xalqaro kuni timsolidagi ikkita muhim sanaga bag‘ishlangani bejiz emasligi ta’kidlandi.
O‘zbekiston Prezidentining “Yangi tahrirdagi Konstitutsiya bizga inson huquqlari, demokratiya, erkinlik, barqarorlik, tenglik va taraqqiyot tamoyillariga asoslangan huquqiy va adolatli davlat qurish yo‘llarini keng ochib berdi”, deb ta’kidlagani zamirida g‘oyat ulug‘vor haqiqatlar mujassam. Agar dunyo mamlakatlari Konstitutsiyalarida insonning 110 dan ortiq huquqi qayd etilgan bo‘lsa, bu huquqlarning 90 tasi yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mavjud va shu huquqlardan 40 tasi yangi konstitutsiyaviy huquqlardir.+
Bugungi kunda mamlakatimiz hayotiga izchillik bilan tatbiq etilayotgan Asosiy qonunimizning 56-moddasida belgilanganidek, “Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning mavjud shakllari hamda vositalarini to‘ldiradi, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga va inson huquqlari madaniyatini yuksaltirishga ko‘maklashadi”. Shu ma’noda, “Inson huquqlari uyi”ning rasmiy asosda faoliyat boshlashi ayni konstitutsiyaviy normaning ro‘yobga chiqarilishi bilan bog‘liq yirik amaliy tadbir hisoblanadi.
O‘zbekiston o‘zi qo‘shilgan inson huquqlari to‘g‘risidagi asosiy xalqaro shartnomalarda zimmasiga olgan majburiyatlarni qat’iy va og‘ishmay bajarib kelmoqda. Ayniqsa, BMTning Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim to‘g‘risidagi deklaratsiyasi va Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturi doirasida mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi ta’limni rivojlantirish borasida tizimli ishlar muntazam asosda olib borilmoqda.
Tantanali ochilish tadbirining odatiy an’anasi – lenta qirqish marosimi o‘tkazildi. Ipak tasmani Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev, BMTning O‘zbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi Sabina Mahl, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva birgalikda qirqdilar.
Shundan so‘ng xalqaro hamkorlar va diplomatik korpus vakillariga so‘z navbati berildi.
BMTning O‘zbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi Sabina Mahl, YEXHT Demokratlashtirish va inson huquqlari bo‘yicha byurosining sobiq direktori, xalqaro ekspert Matteo Mekachchi, Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun, Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasining Markaziy Osiyodagi Mintaqaviy vakolatxonasi Bilyana Miloshevich O‘zbekiston xalqini “Inson huquqlari uyi”ning ochilishi bilan qutlar ekan, ushbu ma’rifat maskani mamlakatda inson huquqlari sohasidagi ta’lim, ma’rifat va madaniyat ramzi ekanligini qayd etdilar.
Tadbirda, shuningdek, mamlakatimiz akademik hamjamiyati va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari so‘zga chiqdi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori Murodjon Turg‘unov va “Taraqqiyot strategiyasi” markazi direktori Eldor Tulyakovning chiqishlari tinglandi.
Tantanali tadbir yakunida mehmonlar “Inson huquqlari uyi”ning faoliyati bilan tanishdilar. Bir piyola choy ustida inson huquqlari bo‘yicha yangi ma’rifat maskanining mohiyati va ahamiyati haqida samimiy suhbatlashildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 03.12.2024
- Ko'rishlar: 619
- Chop etish