TOSHKENT, 3-dekabr. "Dunyo" AA. Bugun Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Milliy markazining Axborot-resurs markazi negizida "Inson huquqlari uyi"ning rasmiy ochilish marosimi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Tashkilotchilar O'zbekiston Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasi bilan birgalikda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Milliy markazi bo'ldi.
Tadbirga faoliyati inson huquqlarini himoya qilish va huquqiy normalarni targ'ib qilish bilan bog'liq bo'lgan xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari, O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan diplomatik vakolatxonalar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, davlat organlari mutaxassislari, yetakchi ekspertlar, ilm-fan va jamoat arboblari ishtirokchi hozir bo'ldi.
Bundan tashqari, "Inson huquqlari uyi"ning ochilishi tadbirini mamlakatimizning barcha hududlari markazlaridagi kutubxonachilar onlayn kuzatib bordi.
Shuningdek, Inson huquqlari bo'yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev, Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva qutlov nutqi bilan qatnashdi.
So'zga chiqqanlar O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bevosita tashabbusi bilan bunyod etilgan "Inson huquqlari uyi"ning ochilishi mamlakatimiz inson huquqlarini himoya qilish tizimi taraqqiyoti yo'lida g'oyat muhim qadam ekanligini e'tirof etdilar. Ushbu tantanali tadbir 8 dekabr – O'zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilingan kun va 10 dekabr – Inson huquqlari xalqaro kuni timsolidagi ikkita muhim sanaga bag'ishlangani bejiz emasligi ta'kidlandi.
O'zbekiston Prezidentining "Yangi tahrirdagi Konstitutsiya bizga inson huquqlari, demokratiya, erkinlik, barqarorlik, tenglik va taraqqiyot tamoyillariga asoslangan huquqiy va adolatli davlat qurish yo'llarini keng ochib berdi", deb ta'kidlagani zamirida g'oyat ulug'vor haqiqatlar mujassam. Agar dunyo mamlakatlari Konstitutsiyalarida insonning 110 dan ortiq huquqi qayd etilgan bo'lsa, bu huquqlarning 90 tasi yangi tahrirdagi O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mavjud va shu huquqlardan 40 tasi yangi konstitutsiyaviy huquqlardir.
Bugungi kunda mamlakatimiz hayotiga izchillik bilan tatbiq etilayotgan Asosiy qonunimizning 56-moddasida belgilanganidek, "Inson huquqlari bo'yicha milliy institutlar inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning mavjud shakllari hamda vositalarini to'ldiradi, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga va inson huquqlari madaniyatini yuksaltirishga ko'maklashadi". Shu ma'noda, "Inson huquqlari uyi"ning rasmiy asosda faoliyat boshlashi ayni konstitutsiyaviy normaning ro'yobga chiqarilishi bilan bog'liq yirik amaliy tadbir hisoblanadi.
O'zbekiston o'zi qo'shilgan inson huquqlari to'g'risidagi asosiy xalqaro shartnomalarda zimmasiga olgan majburiyatlarni qat'iy va og'ishmay bajarib kelmoqda.
- Qo'shildi: 04.12.2024
- Ko'rishlar: 642
- Chop etish