O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 22-iyundagi “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni bilan “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni ta’sis etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 3-noyabrdagi qarori bilan “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizom, “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni va guvohnomasining tavsiflari tasdiqlandi.
Mazkur ko‘krak nishonini ta’sis etishdan maqsad inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishda katta hissa qo‘shgan fuqarolar va tashkilotlarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish hamda taqdirlash, bu faoliyatni amalga oshirishda o‘rnak bo‘layotganlar namunasini, ularning tajribasini ommalashtirishdan iborat. Bu bilan davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va fuqarolarning inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi faoliyatini kuchaytirish nazarda tutilgan.
Ko‘krak nishoni bilan inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishdagi xizmati, inson huquqlarini targ‘ib qilishdagi faolligi, inson huquqlari sohasidagi ta’lim, yoshlar o‘rtasida inson huquqlarini himoya qilish an’analarini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi, inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlarni rivojlantirish va boshqarishdagi salmoqli yutuqlari, inson huquqlari sohasidagi samarali ilmiy faoliyati uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari taqdirlanadi.
Ko‘krak nishoni bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish sohasida faoliyat olib borayotgan tashkilotlar ham taqdirlanishi mumkin.
Xususan, 2020 – 2024-yillarda nodavlat notijorat tashkilotlari va ular vakillarining 23 nafari, davlat tashkilotlari hamda oliy ta’lim muassasalarining 18 nafari, xalqaro hamkor tashkilotlar vakillarining 17 nafari “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Joriy yil 13-dekabr kuni 2024-yilda “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlashga loyiq deb topilgan nomzodlarga ko‘krak nishonlarni topshirish marosimi tantanali tarzda o‘tkaziladi.
- Qo'shildi: 12.12.2024
- Ko'rishlar: 436
- Chop etish