“Yangi O‘zbekiston” konsepsiyasi Jenevada taqdim etildi

25-fevral kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov Jeneva shahridagi Millatlar saroyida bo‘lib o‘tgan BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 61-sessiyasi Oliy darajadagi segmentida onlayn tarzda ishtirok etdi.

Tadbirning ochilish marosimida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish, BMT Bosh Assambleyasi Raisi Annalena Berbok, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk, shuningdek, davlat rahbarlari, tashqi ishlar vazirlari va BMTga a’zo davlatlar delegatsiyalari rahbarlari so‘zga chiqdilar.

O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi rahbari o‘z nutqida inson huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda himoya qilish sohasidagi “Yangi O‘zbekiston” konsepsiyasini taqdim etdi. Mamlakatimiz vakili O‘zbekistonning BMT Nizomi prinsiplariga, shuningdek, global tahdidlar sharoitida xalqaro hamkorlik va birdamlikni mustahkamlashga sodiqligi o‘zgarmasligini ta’kidladi.

Mamlakatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida izchil islohotlar amalga oshirilayotgani qayd etildi. Yangilangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha milliy “yo‘l xaritasi” sifatida ko‘rilmoqda hamda u ijtimoiy adolatni ta’minlash, qonun ustuvorligini mustahkamlash va aholi turmush sifatini oshirishga qaratilgan.

Shuningdek, 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan Inson huquqlari bo‘yicha ikkinchi Milliy strategiya loyihasi tayyorlanayotgani, shuningdek, BMT Jahon dasturining Beshinchi bosqichi doirasida Inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha Milliy dastur ishlab chiqilayotgani haqida ma’lum qilindi.

BMT Bosh kotibining “UN-80” tashabbusi hamda BMT Oliy komissarining Inson huquqlari bo‘yicha global alyans yaratish taklifi qo‘llab-quvvatlanishi alohida ta’kidlandi.

O‘zbekiston 2026-yilda Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro paktlarning 60-yilligiga bag‘ishlangan Inson huquqlari bo‘yicha beshinchi Samarqand forumi hamda Yosh parlamentariylarning global konferensiyasiga mezbonlik qiladi.

Ma’lumot uchun: BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining navbatdagi oltmish birinchi sessiyasi 2026-yil 23-fevralda ochildi. Sessiya ishida 100 dan ortiq davlat vakillari ishtirok etmoqda. Kun tartibidan 29 ta interfaol muloqot, raqamli texnologiyalarga va Durban deklaratsiyasining bir yilligiga bag‘ishlangan mavzuli yalpi majlislar hamda ayrim mamlakatlar va mintaqalardagi vaziyatlar muhokamasi kabi masalalar o‘rin olgan. Sessiya ishi 2026-yil 31-martga qadar davom etadi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech