“O‘zbekiston — 2030” strategiyasi ustuvor maqsadlariga erishish va inson huquqlarini ta’minlash istiqbollari
6-aprel kuni Inson huquqlari uyida bo‘lib o‘tgan davra suhbati shu mavzuga bag‘ishlandi. Muloqot davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevralda qabul qilingan “Mamlakat taraqqiyotining 2030-yilgacha mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi mas’ul xodimlari, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti doktorantlari, O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasining “Inson huquqlariga oid xalqaro huquq” magistratura bosqichi tinglovchilari, shuningdek, inson huquqlari sohasida ilmiy tadqiqot olib boruvchi doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar qatnashdi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidov davra suhbati ishtirokchilari e’tiborini “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar va maqsadlarga erishishda inson huquqlarini ta’minlash masalasi hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligiga qaratdi. Yangi O‘zbekistonda inson qadri, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishi sifatida izchil amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Tadbirda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori professor Murodjon Turg‘unov, Davlat va huquq instituti bo‘lim boshlig‘i, professor Mirodiljon Baratov so‘zga chiqib, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasining mazmun-mohiyati, maqsad va vazifalari haqida so‘z yuritdi. Yangi O‘zbekistonda har bir fuqaroning huquq va erkinliklarini ta’minlash, aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish hamda ijtimoiy adolatni qaror toptirish ushbu Strategiyaning muhim yo‘nalishlaridan biri ekani qayd etildi.
Munozaralar davomida “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichini belgilash, islohotlar samaradorligini oshirish va aholi farovonligini yuksaltirishga xizmat qilishi qayd etildi. Strategiyaning boshqa strategik hujjatlar bilan uyg‘unligi, o‘z navbatida, ularning izchil va samarali amalga oshirilishini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega ekaniga e’tibor qaratildi.
Davra suhbati yakunida keyingi to‘qqiz yilda Yangi O‘zbekistonda taraqqiyot strategiyalari va yuksalish dasturlarini ishlab chiqish, qabul qilish hamda ijro etish borasida ibratli tajriba to‘plangani va muayyan maqbul amaliyot shakllangani e’tirof etildi. Xususan, yangilangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida 2026-yilda “Inson huquqlari – 2030” strategiyasini ishlab chiqish belgilangani juda muhimdir.
Yangi O‘zbekistonning Inson huquqlari bo‘yicha ikkinchi milliy strategiyasi hisoblanadigan mazkur hujjat loyihasi yuzasidan ham taklif va mulohazalar bildirildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati
Ўзбекча
English
Русский