Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risidagi konvensiya ijrosi yuzasidan O‘zbekistonning navbatdagi davriy ma’ruzasi ko‘rib chiqildi
21-22-aprel kunlari Jeneva shahrida BMT Irqiy kamsitishni tugatish qo‘mitasining 117-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o‘rinbosari Dilnoza Muratova boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirok etdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibi Oliy Majlis Senati, Oliy sud, Ichki ishlar vazirligi, Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi vakillaridan iborat.
Tadbirda asosan BMT Konvensiyasi qoidalarining bajarilishini ta’minlash borasida erishilgan natijalar oshkora va konstruktiv muhokama qilindi. Majlis yakunida BMTning tegishli Qo‘mitasi davriy hisobotni ko‘rib chiqish yakunlari yuzasidan taklif va tavsiyalar taqdim etdi va mazkur tavsiyalar mamlakatning inson huquqlarini ta’minlash borasidagi keyingi islohotlari uchun muhim yo‘nalish vazifasini o‘taydi.
Konvensiya qoidalarini amalga oshirish yuzasidan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tayyorlagan O‘n uchinchi – O‘n to‘rtinchi davriy ma’ruza 2020–2022-yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlarni o‘z ichiga olgan. Ushbu ma’ruzani tayyorlashda 40 dan ortiq davlat organi hamda 20 dan ortiq fuqarolik jamiyati instituti ishtirok etgan.
O‘zbekiston ma’ruzasida Konvensiya qoidalarining moddama-modda amalga oshirilishi, milliy qonunchilikka kiritilgan so‘nggi o‘zgarishlar va irqiy kamsitishga qarshi kurashish borasidagi yutuqlar batafsil bayon etilgan. Unda, xususan:
– irqiy kamsitishni bartaraf etish sohasidagi davlat siyosatining izchil amalga oshirilishi;
– barcha shaxslar uchun milliy, irqiy va etnik kelib chiqishidan qat’i nazar teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlash;
– jamiyatdagi noto‘g‘ri, ya’ni “eski qolipli” qarashlarni bartaraf etishga oid tizimli chora-tadbirlar;
– siyosiy va ijtimoiy hayotda, ta’lim, bandlik, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy-iqtisodiy va xalqaro hamkorlik sohalarida kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha amalga oshirilayotgan aniq choralar;
– millatlararo totuvlik va o‘zaro hurmatni mustahkamlashga xizmat qiluvchi ta’lim-tarbiya dasturlarining kengaytirilishi kabi yo‘nalishlar qamrab olingan.
Ma’lumot uchun: Birlashgan Millatlar Tashkilotining Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risidagi konvensiyasi BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1965-yil 21-dekabrda qabul qilingan va xalqaro inson huquqlari himoyasining asosiy hujjatlaridan biri hisoblanadi. Konvensiya irq, rang, nasl, milliy yoki etnik kelib chiqishga asoslangan har qanday kamsitishni taqiqlaydi va ishtirokchi davlatlarni tenglik tamoyilini mustahkamlash bo‘yicha aniq majburiyatlar olishga da’vat etadi.
O‘zbekiston Respublikasi mazkur Konvensiyaga Oliy Majlisning 1995-yil 31-avgustdagi qarori asosida qo‘shilgan. Shu davrdan buyon mamlakat Konvensiya bo‘yicha muntazam ravishda davriy ma’ruza taqdim etib kelmoqda va BMTning Irqiy kamsitishni tugatish qo‘mitasi tavsiyalarini amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda.
Irqiy kamsitishni tugatish qo‘mitasi BMTning shartnomaviy organi bo‘lib, Konvensiya qoidalarining ishtirokchi davlatlar tomonidan bajarilishini monitoring qilib boradi. Bugungi kunda Qo‘mita tarkibida 18 nafar mustaqil ekspert faoliyat yuritadi – ular turli mamlakatlarning yuqori malakali huquqshunoslari va inson huquqlari sohasidagi mutaxassislardan iborat.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский