Milliy markaz direktori  BMTning Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishni bartaraf etish qo‘mitasi raisi bilan uchrashdi

13-may kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov bilan BMTning Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishni bartaraf etish qo‘mitasi (CEDAW) raisi Nahla Haydar o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar O‘zbekistonning xotin-qizlarga nisbatan kamsitishni bartaraf etish sohasidagi xalqaro majburiyatlari bajarilishining borishi haqida fikrlashdilar. Shuningdek, BMT Qo‘mitasi bilan o‘zaro hamkorlik istiqbollari va CEDAWning navbatdagi sessiyasiga tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Suhbat avvalida A. Saidov Milliy markaz faoliyatining asosiy jihatlari hamda O‘zbekiston tomonidan inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarning bajarilishi holati haqida muxtsar to‘xtaldi. BMTning Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishning barcha shakllarini bartaraf etish to‘g‘risidagi konvensiyasi qoidalari bajarilishi, shuningdek, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi doirasida amalga oshirilayotgan gender tenglik sohasidagi islohotlarga alohida e’tibor qaratildi.

Milliy markaz direktori suhbatdoshini inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnoma majburiyatlarini bajarish bo‘yicha Milliy harakatlar rejasi tayyorlanayotgani, shuningdek, Milliy markazning BMT tuzilmalari bilan yo‘lga qo‘yilgan aloqalari haqida xabardor qildi. O‘zbekiston parlamenti ombudsmani va Bola huquqlari bo‘yicha vakil faoliyatini takomillashtirish orqali xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishning institutsional mexanizmlari izchil mustahkamlanib borayotgani qayd etildi.

O‘z navbatida, N. Haydar BMTning Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishni bartaraf etish qo‘mitasi bilan BMT Konvensiyasiga ishtirokchi davlatlarning faol hamkorligi muhimligini ta’kidlab, O‘zbekistonning bu boradagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi. U BMT Qo‘mitasining joriy faoliyati, xususan, ishtirokchi davlatlarga yuklamani kamaytirishga qaratilgan ma’ruzalar taqdim etishning soddalashtirilgan tartibi haqida so‘zlab berdi. Shuningdek, individual shikoyatlarni ko‘rib chiqish va Qo‘mitaning ishchi guruhlari faoliyati bilan bog‘liq masalalarga ham to‘xtaldi.

Tomonlar BMT Qo‘mitasi tomonidan qabul qilingan umumiy tavsiyalarni, jumladan, ayollarning barcha darajalarda qaror qabul qilishda teng huquqli ishtirok etishi masalalariga doir 40-sonli umumiy tavsiyani muhokama qildilar. Iqlim o‘zgarishi, raqamlashtirish, migratsiya va odam savdosining ayollar huquqlariga ta’sirini inobatga olgan holda, ushbu mavzularda yangi tavsiyalar ishlab chiqish dolzarb ekani ta’kidlandi.

BMTning shartnomaviy organlari tizimini isloh qilish haqida so‘z yuritar ekan, N. Haydar ushbu tizimning kelajagiga doir tegishli ma’ruzani tayyorlash jarayonida shartnomaviy organlar a’zolari bilan yetarlicha maslahatlashuvlar o‘tkazilmaganidan xavotir bildirdi. U shartnomaviy organlar inson huquqlarini himoya qilish xalqaro arxitekturasining asosi ekanligini qayd etdi. Shuningdek, tomonlar shartnomaviy organlarni resurslar bilan ta’minlash hamda ularning BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari bilan o‘zaro hamkorligi masalalari xususida fikr almashdilar.

A. Saidov BMTning Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishni bartaraf etish qo‘mitasi raisi va Qo‘mita byurosi a’zolarini joriy yilning sentyabr oyi oxirida bo‘lib o‘tadigan hamda inson huquqlari bo‘yicha ikkita xalqaro paktning 60-yilligiga bag‘ishlanadigan Inson huquqlari bo‘yicha beshinchi Samarqand forumida ishtirok etishga taklif qildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va BMTning Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishni bartaraf etish qo‘mitasi  o‘rtasidagi amaliy muloqotlarni yanada rivojlantirishdan o‘zaro manfaatdor ekanini tasdiqladilar. O‘zbekiston ma’ruzasi ko‘rib chiqilishi rejalashtirilayotgan BMT Qo‘mitasining navbatdagi sessiyasi taxminan 2027-yilga mo‘ljallanganiga e’tibor qaratildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech