O‘zbekiston delegatsiyasi Belarusdagi penitensiar muassasaga tashrif buyurdi
O‘zbekiston delegatsiyasi Belarus Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish departamentiga qarashli Tergov hibsxonasi va Mahkumlar uchun respublika shifoxonasini borib ko‘rdi. Ushbu tadbir delegatsiyamiz a’zolarining Minsk shahrida bo‘lib o‘tgan MDH Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasining xalqaro anjumanidagi ishtiroki doirasida tashkil etildi.
Tadbirda MDH Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi a’zosi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari M.Tillaboyev, Ombudsman devonining yetakchi maslahatchisi D.To‘rayev, O‘zbekiston Respublikasining Minsk shahridagi konsuli N.Usarov hamda MDH Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi raisi Ye. Paramonova ishtirok etdi.
Bunda penitensiar muassasada saqlanayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan uchrashuv o‘tkazish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi masalalarini o‘rganish hamda zarur konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish masalalari asosiy diqqat markazida bo‘ldi.
Tashrif chog‘ida tergov hibsxonasida saqlanayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan suhbat o‘tkazildi. Ularga o‘z huquqlarini ro‘yobga chiqarish, vakolatli organlarga murojaat qilish imkoniyatlari hamda konsullik muassasasi bilan o‘zaro aloqa qilish tartibiga oid ayrim masalalar tushuntirildi.
Muloqot asnosida hibsxonasida saqlanayotgan yurtdoshlarimizning protsessual kafolatlarga rioya etish, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tartibi to‘g‘risida zarur axborot olishini ta’minlash holatlari o‘rganildi. Ularning konsullik yordamidan foydalanish imkoniyatini yaratish, shuningdek, yaqinlari bilan aloqa qilib turishi kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Mamlakatmiz delegatsiyasining mazkur tergov hibsxonasida bo‘lishi va O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan uchrashishi MDH Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi faoliyati doirasida davlatlararo hamkorlikni mustahkamlashga, Belarus Respublikasi hududida bo‘lib turgan fuqarolarimizni huquqiy qo‘llab-quvvatlash va ularning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan muhim amaliy tadbir bo‘ldi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский