BMTning inson huquqlari mexanizmlarida parlamentning o‘rni va ishtiroki

11-iyun kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida “BMTning inson huquqlari mexanizmlarida parlament ishtirokini kengaytirish: individual murojaatlar taqdim etish tartib-taomillarini o‘z ichiga olgan fakultativ protokollarni ratifikatsiya qilish” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbir Oliy Majlis a’zolari uchun tashkil etildi.

Mazkur seminar Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi va ushbu Boshqarmaning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘linmasi bilan hamkorlikda, Parlamentlararo Ittifoq hamda Xalqaro huquqshunoslar komissiyasi ishtirokida gibrid shaklda o‘tkazildi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz vakillari, shuningdyek, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi, Parlamentlararo Ittifoq va Xalqaro huquqshunoslar komissiyasi ekspertlari qatnashdi.

Seminarda parlament a’zolarining BMT inson huquqlari tizimida qonun chiqaruvchi hokimiyatning o‘rni borasidagi tushunchalarini chuqurlashtirishga, ularni BMTning xalqaro shartnomalariga doir fakultativ protokollar doirasida individual murojaatlarni ko‘rib chiqish tartib-taomillari bilan tanishtirishga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, ushbu xalqaro hujjatlarning ehtimoliy ratifikatsiyasi O‘zbekiston uchun qanday huquqiy va institusional ahamiyat kasb etishi atroflicha muhokama qilindi.

Ta’kidlash joizki, parlamentning BMT inson huquqlari bo‘yicha mexanizmlari bilan o‘zaro hamkorligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2021-yil 22-fevralda BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasi minbaridan e’lon qilingan strategik yo‘nalishning mantiqiy davomi hisoblanadi. Davlatimiz rahbari O‘zbekiston ilk bor BMT Kengashiga a’zo etib saylangani munosabati bilan ushbu syessiyada ishtirok etgan va tarixiy nutq so‘zlagandi.

Prezidentimiz o‘shanda mamlakatimizdagi demokratik islohotlar ortga qaytmas tus olganini, Yangi O‘zbekistonni isloh qilishda insonning asosiy huquq va erkinliklarini ta’minlash bundan buyon ham markaziy o‘rin tutishini alohida ta’kidladi. Davlatimiz rahbari O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlariga qat’iy sodiqligini tasdiqlab, BMT Bosh kotibining “Inson huquqlari yo‘lida harakatga da’vat” tashabbusini ilgari surish maqsadida Kengashga a’zo davlatlar va barcha hamkorlar bilan yaqin hamkorlikni davom ettirishini ma’lum qildi.

 O‘zbekiston BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zosi sifatida inson huquqlari sohasidagi xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalarini himoya qilishi va faol ilgari surishi alohida qayd etildi. Parlament tomonidan individual murojaatlar tartib-taomillarini nazarda tutuvchi fakultativ protokollarga qo‘shilish masalasining ko‘rib chiqilishi ushbu yo‘nalishni izchil amalga oshirishdagi navbatdagi mantiqiy qadamdir.

Muhokama qilingan masalalarning konstitutsiyaviy-huquqiy asosida yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qoidalari mujassamdir. Konstitutsiyaning 55-moddasiga ko‘ra, har kim O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa,  insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat etishga haqli. Shu tariqa, yurtimizda BMTning shartnomaviy organlariga murojaat qilish huquqi konstitutsiyaviy darajada mustahkamlangan bo‘lib, bu individual murojaatlar tartib-taomillarini nazarda tutuvchi fakultativ protokollarni ratifikatsiya qilish masalasi bilan bevosita bog‘liq.

O‘z navbatida, Konstitutsiyaning 56-moddasida inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning mavjud shakllari hamda vositalarini to‘ldirishi, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga va inson huquqlari madaniyatini yuksaltirishga ko‘maklashishi, davlat esa ushbu institutlar faoliyatini tashkil etish uchun shart-sharoitlar yaratishi belgilangan.

Ishtirokchilarga Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, BMT Inson huquqlari qo‘mitasi a’zosi, akademik Akmal Saidov, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakili vazifasini bajaruvchi Ennio Boati (onlayn) hamda Parlamentlararo Ittifoq vakili tabrik so‘zlari bilan murojaat qildi.

Seminar dasturi doirasida to‘rtta mavzudagi sessiyalarda ish olib borildi. Ya’ni, «BMTning inson huquqlari bo‘yicha tizimi va parlamentlar», «Fakultativ protokollar doirasida xabarnomalarni ko‘rib chiqish tartib-taomillari», «Shartnomaviy organlarning “fikr-mulohazalari”ni ro‘yobga chiqarish», «O‘zbekiston uchun ahamiyati va keyingi qadamlar» mavzularidagi sessiyalarda qizg‘in muhokamalar bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘linmasi xodimi Omer Fisher, ushbu Boshqarmaning Universal davriy sharh bo‘yicha mintaqaviy maslahatchisi Pavlo Byalik, Parlamentlararo Ittifoqning inson huquqlari bo‘yicha kichik maslahatchisi Ilya Novikov, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Petitsiyalar seksiyasi maslahatchisi Behzod Aliyev, Xalqaro huquqshunoslar komissiyasining Yevropa va Markaziy Osiyo dasturi direktori Temur Shokirov, Milliy markazning Xalqaro hamkorlik bo‘limi katta mutaxassisi Abbosbek Nabiyev o‘z ma’ruzalari va ekspertlik fikrlari bilan ishtirok etdi.

Seminar ochiq muhokama va muhim xulosalar bilan yakunlandi. Ishtirokchilar parlament, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz va BMT mexanizmlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, shuningdek, fakultativ protokollarga qo‘shilish masalalari bo‘yicha ekspertlar muloqotini davom ettirish muhimligini ta’kidladilar.

Seminarning o‘tkazilishi O‘zbekistonning Inson huquqlari sohasidagi milliy strategiyasini amalga oshirish hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining shartnomaviy organlari va mexanizmlari bilan hamkorlikni kengaytirish borasidagi izchil sa’y-harakatlarining uzviy qismi bo‘ldi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech