Toshkentda femitsidning oldini olishning xalqaro va milliy huquqiy mexanizmlari muhokama qilindi

25-iyun kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida “Femitsidning oldini olishning huquqiy mexanizmlari: xalqaro standartlardan milliy amaliyot sari” mavzusida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda davlat organlari, xalqaro tashkilotlar, sud tizimi, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, ilmiy doiralar va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi.

Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YEXHT) O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, “BMT – ayollar” tuzilmasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Tadbirni ochar ekan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o‘rinbosari Dilnoza Muratova xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish – inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi davlat siyosatining eng muhim vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi. Zo‘ravonlik holatlarida ajralish uchun belgilangan majburiy yarashuv muddati 2025-yilda bekor qilindi, o‘sha yilning mart oyida esa Prezident xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi tizimli kurashish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Oliy Majlis Senatining 2026-yil 6-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida 2030-yilgacha gender tenglikka erishish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha 2026-yilga mo‘ljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturining 42-bandiga muvofiq, femitsidni alohida jinoyat tarkibi sifatida kvalifikatsiya qilishning xalqaro amaliyotini kompleks o‘rganish, shuningdek, milliy qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.

Davra suhbatida gender asosidagi qotilliklarning oldini olish bo‘yicha xalqaro yondashuvlarga alohida e’tibor qaratildi.

YEXHTning gender masalalari bo‘yicha katta maslahatchisi va YEXHT Bosh kotibi Ofisining gender masalalari bo‘yicha dasturi rahbari Lara Skarpitta qonunchilikni takomillashtirish, samarali profilaktika tizimi, ishonchli ma’lumotlarni yig‘ish va idoralararo hamkorlikka asoslangan gender zo‘ravonlikning oldini olishga doir kompleks yondashuv muhimligini ta’kidladi.

 “Femitsid muqarrar hodisa emas. Aksariyat hollarda uning zamirida ko‘p yillik oilaviy zo‘ravonlik yotadi. Shu bois vazifamiz nafaqat jinoyatlarni tergov qilish, balki, eng avvalo, xavf guruhidagi ayollarni o‘z vaqtida himoya qilish orqali buning oldini olishdir”, — deya qayd etdi Lara Skarpitta.

U, shuningdek, statistik hisob yuritish tizimini rivojlantirish zarurligiga ham e’tibor qaratdi.

«Biz ko‘zimiz bilan ko‘rmaydigan narsaga qarshi kurasha olmaymiz. Ishonchli statistik ma’lumotlar bo‘lmasa, muammo ko‘lamini baholash, samarali choralarni aniqlash va dalillarga asoslangan davlat siyosatini shakllantirish imkonsiz», — deya ta’kidladi YEXHT vakili.

BMT – Ayollar tuzilmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi idorasi rahbari va Qozog‘istondagi mamlakat ofisi vakili Jeren Gyuven Gyures o‘z videomurojaatida O‘zbekistonda xotin-qizlarni himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berdi.

«O‘zbekiston ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish uchun mustahkam poydevor yaratishga erishdi. Qonunchilikni yanada takomillashtirish, ma’lumotlarni hisobga olish tizimini rivojlantirish va femitsidning oldini olish mexanizmlarini mustahkamlash navbatdagi muhim qadam bo‘lishi mumkin», — deb qayd etdi Jeren Gyuven Gyures.

U so‘nggi yillardagi qonunchilik o‘zgarishlari xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish va zo‘ravonlikning oldini olishning samarali tizimini yaratish borasidagi izchil davlat siyosatidan dalolat berishini ta’kidladi. Jeren Gyuven Gyuresning qayd etishicha, O‘zbekiston Respublikasi Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida oilaviy zo‘ravonlikni alohida jinoyat sifatida kriminallashtirgan dastlabki beshta davlatdan biriga aylandi.

Davra suhbati davomida YEXHTning “YEXHT mintaqasida femitsidga qarshi kurashish tendensiyalari” nomli tadqiqoti asosiy muhokama mavzularidan biri bo‘ldi. Tadqiqotda tegishli masala bo‘yicha zamonaviy qonunchilik yondashuvlari, profilaktika mexanizmlari va xalqaro amaliyot tahlil qilingan.

YEXHT Kotibiyatining gender masalalari bo‘yicha maslahatchisi Elmayya Bavchich ushbu mavzuda onlayn ma’ruza qildi. Uning ta’kidlashicha, tadqiqot YEXHTga a’zo davlatlarning qonunchiligi, davlat siyosati va huquqni qo‘llash amaliyotining kompleks tahlilini, shuningdek, gender asosida ayollar joniga suiqasd qilishning oldini olish mexanizmlarini takomillashtirish, ma’lumotlar yig‘ish tizimlarini rivojlantirish va idoralararo hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha amaliy tavsiyalarni o‘z ichiga oladi.

“BMT – ayollar” tuzilmasining dasturlar bo‘yicha tahlilchisi Malika Shotursunova Markaziy Osiyo mamlakatlarida femitsidni o‘rganish bo‘yicha ilk mintaqaviy tadqiqotning dastlabki natijalarini taqdim etdi. Tadqiqot mintaqada qonunchilik va davlat siyosatini takomillashtirish uchun isbot-dalillar bazasini shakllantirishga qaratilgan.

Tadbirda, shuningdek, Yangi O‘zbekistonning xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish borasidagi milliy tajribasi, ichki ishlar, prokuratura organlari va sud tizimi faoliyati amaliyoti hamda jabrlangan ayollarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha fuqarolik jamiyati tashkilotlarining tajribasi taqdimot qilindi.

Davra suhbatida fuqarolik jamiyati institutlari — Nemolchi.uz loyihasi va “Oydin NUR” markazi vakillari ham o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.

Ishtirokchilar fikricha, femitsidning samarali oldini olish – qonunchilikni takomillashtirish, xavf omillarini barvaqt aniqlash, idoralararo hamkorlikni rivojlantirish, statistik hisob tizimini mukammallashtirish, shuningdek, davlat, xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashni o‘z ichiga olgan kompleks yondashuvni talab etadi.

Davra suhbati yakunida qonunchilikni yanada takomillashtirish, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishning institutsional mexanizmlarini mustahkamlash va femitsidning oldini olish bo‘yicha samarali tizimni rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining YEXHT, “BMT – ayollar” tuzilmasi hamda boshqa xalqaro hamkorlar bilan aloqalarini davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Ma’lumot uchun: BMT ma’lumotlariga ko‘ra, har yili 85 ming nafarga yaqin xotin-qiz qasddan sodir etiladigan qotilliklar qurboniga aylanadi va ularning qariyb 60 foizi hozirgi yoki sobiq turmush o‘rtoqlari yoxud boshqa oila a’zolari qo‘lidan halok bo‘ladi. Shuning uchun ham bugungi kunda femitsidning oldini olish masalasiga xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish va yashash huquqini ta’minlash sohasidagi xalqaro siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralmoqda.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech