O‘zbekiston vakili Peterburg yuridik forumida ishtirok etdi

24-26-iyun kunlari Sankt-Peterburgda XIV Peterburg xalqaro yuridik forumi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimiz nomidan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markaz direktori, akademik Akmal Saidov qatnashdi.

Peterburg forumi huquq sohasidagi yirik ekspert maydonlaridan biri bo‘lib, o‘nlab davlatlarning yuridik hamjamiyati vakillarini birlashtiradi. Bu yil “Huquqiy bo‘lish vaqti” shiori ostida o‘tkazilgan Forumda xalqaro huquq va raqamlashtirishdan tortib qonunchilikni rivojlantirish va parlamentlararo hamkorlikkacha bo‘lgan keng ko‘lamli masalalar qamrab olindi.

Akademik Akmal Saidov MDHga a’zo davlatlar Parlamentlararo Assambleyasi tomonidan tashkil etilgan xalqaro davra suhbatida ishbilarmonlik dasturi doirasida, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyaviy sudi raisi Valeriy Zorkinning “Huquq sivilizatsiyasiga olib boruvchi mashaqqatli yo‘l” mavzusidagi ochiq ma’ruzasida so‘zga chiqdi.

Forum doirasida A. Saidov, shuningdek, bir qator mamlakatlarning huquqiy idoralari va parlament institutlari rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi. Uchrashuvlarda huquqiy integratsiya, inson huquqlarini himoya qilish va qonunchilikni takomillashtirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

26-iyun kuni O‘zbekiston vakili Forum doirasida MDHga a’zo davlatlar Parlamentlararo Assambleyasi tomonidan tashkil etilgan “Parlamentlararo muloqot arxitekturasida yuridik fan: namunaviy hujjatlarni yaratishga yangicha yondashuvlar” mavzusidagi davra suhbatida ma’ruza qildi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov model qonun o‘z tabiatiga ko‘ra tavsiyaviy xususiyatga ega ekanini hamda o‘z kuchini majburlovdan emas, balki huquqiy tizimlarni ishonch hosil qildirish orqali birlashtira oladigan ilmiy fikr nufuzidan olishini ta’kidladi. Ma’ruzachi qiyosiy huquqshunoslik metodologiyasiga tayanib, model hujjat huquqiy me’yorning universalligi va milliy o‘ziga xoslik o‘rtasidagi azaliy ziddiyatni bartaraf etishini ko‘rsatib berdi. O‘zbek huquqshunosi qayd etganidek, ilm-fan tomonidan tasdiqlangan asos qonun chiqaruvchiga uni mazmunan to‘ldirish erkinligini qoldiradi.

Tadbirda Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekistonning milliy qonunchilik institutlari rahbarlari, huquqshunos olimlar, parlament a’zolari hamda sudyalar ishtirok etdi. Davra suhbatini MDH Parlamentlararo Assambleyasi Kengashining Bosh kotibi Dmitriy Kobitskiy ochib berdi.

Uchta tematik sessiya davomida ishtirokchilar model hujjatlarni tayyorlashning nazariy asoslari, qonun ijodkorligi jarayonida ilmiy ekspertizaning o‘rni, shuningdek, norma ijodkorligini raqamli transformatsiya qilish istiqbollari, jumladan, sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash masalalarini muhokama qildilar.

Munozara yakunida ishtirokchilar namunaviy qonun ijodkorligini ilmiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, namunaviy hujjatlarning milliy qonunchilikka tatbiq etilishini muntazam kuzatib borish mexanizmlarini yaratish hamda parlamentlararo ekspertlar hamkorligini rivojlantirish zarurligini qayd etdilar. Ishlab chiqilgan tavsiyalar MDH Parlamentlararo Assambleyasining tegishli komissiyalariga yuboriladi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech