Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Beshinchi Samarqand forumi minbaridan

Yuqori martabali xorijiy ishtirokchilar va xalqaro tashkilotlar vakillari qatorida BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk murojaati ham taqdim etildi. Murojaatni Forum qatnashchilariga BMT Inson huquqlari bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqaviy bo‘linmasining mintaqaviy vakili v.b. Ennio Boati o‘qib eshittirdi.

Murojaatda Samarqand forumining davlatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, fuqarolik jamiyati hamda ekspertlar hamjamiyati o‘rtasidagi muloqot uchun xalqaro maydon sifatidagi ahamiyati qayd etildi.

O‘zbekistonda inson huquqlari sohasida olib borilayotgan islohotlarga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, murojaatda shunday ta’kidlandi:

«O‘zbekiston salmoqli islohotlarni amalga oshirish mumkinligini namoyon etdi. Hozirgi bosqichdagi vazifa — erishilgan natijalarni mustahkamlash, saqlanib qolayotgan kamchiliklarni bartaraf etish hamda qo‘lga kiritilgan siljishni har bir inson his etishini ta’minlashdan iborat».

Murojaatda, shuningdek, O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha xalqaro mexanizmlar bilan hamkorligini yanada mustahkamlash hamda xalqaro majburiyatlarni milliy qonunchilik va amaliyotga tatbiq etish muhimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, Folker Tyurk O‘zbekistonni va Forum ishtirokchilarini Inson huquqlari bo‘yicha global alyansda (Global Alliance for Human Rights) faol ishtirok etishga chaqirdi. Inson huquqlarini amalda ilgari surish yo‘lida davlatlar, fuqarolik jamiyati, biznes, yoshlar, ilmiy doiralar va boshqa manfaatdor tomonlarning sa’y-harakatlarini birlashtirish zarurligini ta’kidladi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Nashr sanasi 06.10.2026 Ko'rishlar 45
Ulashish