Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Bola savdosi — inson qadriga daxl qiluvchi jinoyat

Buxoroda o‘z farzandini pul evaziga bergan biologik ona va chaqaloqni sotib olgan ayolga nisbatan sud hukmi e’lon qilindi.

Bola — savdo-sotiq predmeti emas, balki himoyaga, mehr-muhabbatga va munosib hayotga haqli inson. Afsuski, ayrim holatlarda kattalarning shaxsiy manfaati, mas’uliyatsizligi va qonunga zid harakatlari tufayli eng avvalo bolalar jabr ko‘rmoqda. Buxoro shahrida ko‘rib chiqilgan mazkur jinoyat ishi ham bu haqiqatni yana bir bor yodga soldi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudida o‘z farzandini pul evaziga boshqa shaxsga bergan biologik ona hamda chaqaloqni sotib olgan ayolga nisbatan hukm e’lon qilindi.

Sudda aniqlanishicha, 1995-yilda tug‘ilgan G.R. Rossiyada ikkinchi turmushidan homilador bo‘lgan. Bu holatni atrofdagilardan yashirish maqsadida u tug‘ilajak farzandini boshqa oilaga berishga qaror qilgan. Shu maqsadda Buxorodagi ginekolog orqali yetti yildan buyon farzand ko‘ra olmayotgan 33 yoshli Z.S. bilan tanishgan.

2025-yil avgust oyida Rossiyada o‘g‘il farzandli bo‘lgan G.R. Buxoroga qaytgach, choyxonalardan birida chaqaloqni 4 ming AQSH dollari evaziga Z.S.ga topshirgan. Keyinchalik, oktabr oyida notarial tartibda rasmiylashtiruv ishlari amalga oshirilib, sud qarori asosida bola Z.S. va uning turmush o‘rtog‘iga farzandlikka berilgan.

Biroq voqealar shu bilan tugamagan. Keyinchalik biologik ona shar’iy erining talabi bilan olgan pulini qaytarib, bolani qayta olishga uringan. Shuningdek, farzandlikka berish bo‘yicha sud qarori ustidan shikoyat qilgan. Ammo uning arizasi qanoatlantirilmagan.

Sud hukmiga ko‘ra, har ikki ayol ham O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi uchinchi qismi “b” bandida nazarda tutilgan odam savdosi jinoyatini sodir etganlikda aybli deb topildi. G.R.ga 5 yil, Z.S.ga esa 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Mazkur holatning tashvishli jihati shundaki, gap oddiy oldi-sotdi yoki oilaviy kelishmovchilik haqida emas, balki inson hayotining eng himoyasiz davridagi huquq va manfaatlarini pul bilan o‘lchashga urinish haqida bormoqda. Chaqaloqning taqdiri ikki katta inson o‘rtasidagi kelishuv predmetiga aylangani esa jamiyatda huquqiy ong va mas’uliyat masalasiga yanada jiddiy e’tibor qaratish zarurligini ko‘rsatadi.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan inson qadrini ulug‘lash, bolalarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish, har bir fuqaroning xavfsiz va munosib hayot kechirishi uchun shart-sharoit yaratishga qaratilgan siyosatning zamirida ham ana shu tamoyil mujassam. Bu esa bolalar taqdiri bilan bog‘liq har qanday masalada qonuniylik, mas’uliyat va jamoatchilik e’tibori ustuvor bo‘lishi lozimligini anglatadi.

Zero, bolaning kelajagi kattalarning vaqtinchalik manfaati yoki kelishuviga bog‘liq bo‘lmasligi kerak. Uni asrash, huquqlarini himoya qilish va sog‘lom muhitda voyaga yetkazish nafaqat ota-onaning, balki butun jamiyatning mas’uliyatidir.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri

Nashr sanasi 30.10.2026 Ko'rishlar 211
Ulashish