9 oktyabrda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov BMT Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy ofisi rahbari Rishard Komenda bilan uchrashdi.
Uchrashuvda avvalo shu yil 7-8 oktyabr kunlari poytaxtimizda bo'lib o'tgan Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining “Tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yo'lida yoshlar huquqlarini rag'batlantirish va himoya qilishning ahamiyati” mavzusidagi 6-seminari yakunlari haqida so'z bordi.
A.Saidov BMTning Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari Boshqarmasi ushbu xalqaro anjumanning tashabbuskorlaridan biri sifatida seminarni yuqori saviyada o'tkazishda munosib hissa qo'shganini qayd etdi. Buning uchun BMT Oliy komissari vakili R.Komendaga minnatdorlik izhor qildi.
Muloqot davomida O'zbekiston Yoshlar huquqlari bo'yicha xalqaro konventsiyani qabul qilish masalasini ilgari surayotgani to'g'risida fikr yuritildi. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining ushbu juda muhim va foydali hujjatni qabul qilish bilan bog'liq tashabbusini BMTga a'zo ko'plab davlatlar qo'llab-quvvatlamoqda. Hozir mazkur tashabbusni hayotga tatbiq etish uchun maqbul va qulay imkoniyatlar paydo bo'lgani e'tirof etildi.
Uchrashuvda kelgusi yilda o'tkazilishi rejalashtirilayotgan Inson huquqlari bo'yicha navbatdagi Samarqand forumining tashkiliy jihatlari muhokama qilindi. Tomonlar ushbu forum ham yoshlar huquqlarini ta'minlash mavzusiga bag'ishlanishi maqsadga muvofiq degan fikrga keldilar.
Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham ko'rib chiqildi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 10.10.2019
- Ko'rishlar: 5337
- Chop etish