Milliy muloqot: So'z tadbir tashkilotchilariga

2020 yil 14 iyul kuni Toshkent shahrida "Pandemiya va inson huquqlari: O'zbekiston tajribasi" mavzuida Milliy muloqot tashkil etildi. Ushbu onlayn-tadbir COVID-19 pandemiyasi munosabati bilan joriy etilgan cheklovlar sharoitida inson huquqlarini himoya qilish mavzusiga bag'ishlandi.

 

Helena Freyzer, BMTning O'zbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi:

- Mazkur tadbir jamoatchilik sog'ligini saqlash borasidagi chora-tadbirlar xalqaro tibbiy-sanitariya qoidalari hamda inson huquqlari sohasidagi standartlar va majburiyatlarga mos bo'lishi muhim ekani xususida foydali mushohada yuritish imkonini berdi.

Men O'zbekiston hukumatining o'z ijobiy saboqlarini baham ko'rishga shayligini qo'llab-quvvatlayman. Chunki karantin muassasalari tajribasi, shuningdek  mavjud holatni yanada yaxshilash uchun tegishli sohalarni belgilab olish borasidagi ochiqlik diqqatga loyiqdir.

 

Elchi Jon MakGregor, YeXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi:

- O'zbekiston hukumatining COVID-19 pandemiyasi tarqalishiga barham berish borasidagi faol sa'y-harakatlarini yuqori baholayman. Karantin markazlari jamoatchilik sog'ligini saqlash borasida ko'rilgan choralar orasida o'ta muhim ahamiyat kasb etgani tayin. Chunki keyingi oyda barcha yangi kasallanish holatlarining aksariyat qismi aynan ushbu markazlarda aniqlangani shundan dalolat beradi. Xalqaro hamjamiyat, shubhasiz, bu tajribadan ibrat oladi.

Milliy muloqot doirasida YeXHT majburiyatlari, tegishli xalqaro-huquqiy majburiyatlar va ilg'or tajribaga amal qilish uchun karantin markazlarini huquqiy boshqarishni qay tarzda yanada kuchaytirish mumkinligiga taalluqli ochiq munozaralarni qo'llab-quvvatlayman. Bu muloqotlar asnosida bildirilgan muayyan tavsiyalarning  bajarilishi yuzasidan hukumat bilan hamkorlik qilishga tayyormiz.

 

Akmal Saidov, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori:

- Bugungi voqelik shundan dalolat beradiki, koronavirus infektsiyasi tarqalishi oqibatida tobora ko'proq mamlakatlar inson huquqlariga bevosita ta'sir qiladigan qat'iy choralarni, jumladan, harakatlanish va shaxsiy hayot erkinligiga daxl qiladigan cheklovlarni qo'llamoqda. Binobarin, favqulodda holat va xavfsizlikni ta'minlash bo'yicha karantin bilan bog'liq boshqa har qanday chora-tadbirlar albatta inson huquqlarini himoya qilish printsipiga tayanishi shart.

Umuman olganda, xalqaro tuzilmalar rahbarlari, xorijiy ekspertlar, mutaxassislar O'zbekistonda inson, uning hayoti, huquq va erkinliklari eng oliy qadriyat ekanini ta'kidlamoqda. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar koronavirus infektsiyasi tarqalishiga qarshi samarali kurashish, fuqarolarimizning munosib hayotini ta'minlash, infektsiya tarqalishini nazorat qilish, eng muhimi, minglab insonlar hayotini saqlab qolish, inqirozdan keyingi tiklanish va mamlakat iqtisodiyoti va ijtimoiy sohaning barqaror rivojlanishiga yordam beradi.

Shubhasiz, O'zbekiston tajribasi pandemiyaga qarshi kurashda muhim ahamiyat kasb etib, boshqa davlatlar uchun yorqin namuna vazifasini o'taydi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech