Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risida”gi qonun loyihasi kelib tushdi, deb xabar berdi parliament.gov.uz sayti.
Bu muhim qadam "2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi”ning beshinchi yo'nalishi ijrosi doirasida mamlakatimizda diniy bag'rikenglik va millatlararo totuvlikni ta'minlash masalasiga ko'rsatilayotgan yuksak e'tibor namunasidir.
Qonun loyihasi har kimning vijdon erkinligiga bo'lgan huquqini, dinga bo'lgan munosabatdan tashqari fuqarolar tengligini, jamiyatda millatlararo va konfessiyalararo kelishuvni ta'minlash borasida davlat organlari va diniy tashkilotlar o'rtasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.
Ushbu Qonun loyihasi xalqaro hujjatlar, jumladan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi xalqaro pakt, BMT va YEXHTning tegishli normativ hujjatlariga tayanilgan holda ishlab chiqilgan.
Qonun loyihasini takomillashtirishda jamoatchilik fikrini olish maqsadida loyiha parliament.gov.uz saytining “Jamoatchilik muhokamasiga qo'yilgan qonun loyihalari” rukniga joylashtirilgan. Fikr-mulohaza va takliflaringizni demokratkom@parliament.gov.uz manziliga yo'llashingiz mumkin.
Ma'lumot uchun: Yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish vazifasi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 iyundagi Farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasida ko'zda tutilgan.
Farmon bilan Inson huquqlari bo'yicha milliy strategiyani amalga oshirish yuzasidan “Yo'l xaritasi” ham tasdiqlangan. Milliy strategiya va “Yo'l xaritasi” ijrosi borasidagi asosiy mas'uliyat Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markaziga yuklangan.
Markaz sa'y-harakatlari bilan yaqinda Milliy strategiyada belgilangan yana bir muhim vazifa bajarildi. Ya'ni, 12-13 avgust kunlari Inson huquqlari bo'yicha Samarqand forumi xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijiy davlatlar mutaxassislari va faxriy mehmonlar hamda mamlakatimiz yoshlarining onlayn ishtirokida yuqori saviyada o'tkazildi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 20.08.2020
- Ko'rishlar: 3977
- Chop etish