O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2020 yil 24 yanvarda Oliy Majlisning Senati va Qonunchilik palatasiga taqdim etgan navbatdagi Murojaatnomasida yigirmaga yaqin yo'nalishda nafaqat yangi qonunlar, balki yaxlit qonunlar majmualarini ishlab chiqish va qabul qilish vazifasini belgilab berdi. Bu yangi qonunlar – yangi O'zbekiston voqeligi taqozosidir.
O'z navbatida, ushbu qonun loyihalarini tayyorlash, keng jamoatchilik muhokamalaridan o'tkazish, maromiga yetkazish va qabul qilish bilan bog'liq uzviy jarayonlar mamlakatimizning yangi parlamenti zimmasiga ulkan mas'uliyat yuklaydi. Bu haqda davlat rahbarining Murojaatnomasida atroflicha fikr yuritildi.
Prezidentimiz parlamentga Murojaatnoma taqdim etishidan oldin yangi saylangan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining birinchi majlislarida, shuningdek, har ikki palataning ilk qo'shma yig'ilishida ishtirok etdi hamda nutq so'zladi. Ushbu jarayonlarda yangi saylangan parlament palatalarining rahbariyati tasdiqlandi, qo'mitalar va komissiyalar tuzildi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti yangi O'zbekistonning yangi saylovlar asosida saylangan yangi parlamenti tarkibini “Parlament xalq irodasining haqiqiy ko'zgusi bo'lishi zarur” degan ulug'vor g'oyani amalda namoyon etishga chaqirdi. "El-yurtimiz sizlarga haqli ravishda katta umid va ishonch bilan qaramoqda", deb ta'kidladi davlatimiz rahbari.
Bu haqda so'z borganda, Prezidentimiz parlament a'zolari bilan keyingi uch yil ichida 11 marta uchrashganini alohida ta'kidlash lozim. Davlat rahbari bu muloqotlarda har gal parlament va siyosiy partiyalar rolini oshirishga, davlat boshqaruvini tubdan isloh qilishga, jamiyatda Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta'minlashga, inson huquqlarini himoya qilishga ustuvor ahamiyat bermoqda.
O'zbekiston Prezidentining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a'zolari bilan navbatdagi uchrashuvi bu borada yangi, tarixan yuksak bosqichga asos soldi. Davlat rahbari davlat va jamiyat hayotining turli sohalaridagi ko'plab dolzarb muammolarni ko'tardi. Mavjud kamchiliklarni ochiq va achchiq tanqid qildi, istiqboldagi ustuvor vazifalarni belgilab berdi.
Davlat rahbari tomonidan “Yangi O'zbekiston – yangi saylovlar – yangi parlament” degan ustuvor g'oya dolzarb vazifa sifatida kun tartibiga qo'yildi.
Yangi O'zbekistonda vaziyat tubdan o'zgargan bugungi davrda, ya'ni yangilangan O'zbekiston sharoitida yangi parlament qanday bo'lishi kerak?
Birinchidan, yangi saylangan, yangi deputatlarni odamlar sezishi lozim. Yangi parlamentning yangicha faoliyatini xalq sezsin va munosib baholasin.
Bu, o'z navbatida, yangi parlamentdan o'rin olgan siyosiy partiyalar va ularning vakillari saylovoldi dasturlari va va'dalarini nechog'lik bajarishlariga bog'liq. Sodda qilib aytganda, yangi parlament aholining talab va ehtiyojlariga javob berishi lozim.
Aholi esa endilikda siyosiy mudroqlikdan uyg'ondi va bu o'ziga xos siyosiy uyg'onish bo'ldi. Keyingi bir necha yil ichida odamlarning siyosiy saviyasi o'sdi, dunyoqarashi
o'zgarmoqda.
Shunday ekan, ongli ravishda faoliyat yuritadigan deputatlar yangi parlamentning yuzini ko'rsata bilishlari kerak. Deputatlik mas'uliyati degani ham shu, aslida.
Prezidentimiz ta'kidlaganidek, “Deputat, avvalo, hamisha xalq dardi bilan yashashi, odamlarni qiynayotgan muammolarni hal qilish uchun fidoyilik ko'rsatib boshqalarga o'rnak bo'lishi lozim. Deputatning qalbi, vijdoni uyg'oq bo'lsa, vazirlar ham, hukumat ham, parlament ham uyg'oq bo'ladi”.
Ikkinchidan, yangidan shakllangan parlamentimiz a'zolarining aksariyatini, ya'ni 111 nafari yoki 74 fozini ilk bor deputat bo'lib saylangan shijoatli insonlar, o'z ishining
ustalari tashkil etadi. Lekin ularning barchasi bugundanoq qonun yozishga qodir, deb aytolmaymiz.
Albatta, ushbu hamkasblarimizdan har biri o'z sohasining yuksak iqtidorli mutaxassisi ekaniga shubha yo'q. Ammo juda qisqa muddatlarda ular o'zlarining qonun ijodkorligi, qonun texnikasi va parlamentning ko'p qirrali faoliyatiga taalluqli sohalardagi bilim va ko'nikmalarini oshirib ulgurishlari taqozo etiladi.
Shu ma'noda, Prezidentimiz tomonidan Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan birgalikda deputatlarning malakasini doimiy oshirib borish yuzasidan yangicha tizim – deputatlik o'quvlarini joriy etish taklif qilingani ayni muddaodir.
Uchinchidan, bizning muammolarimizni hech kim tashqaridan kelib hal qilib bermaydi. Deputatlar befarq bo'lmasliklari kerak. Yangi parlamentning samarali faoliyati deputatlarning saviyasi va professionalligiga bog'liq. Islohotlar natijasiga deputatlar ham ma'sul va javobgardir. Deputatlik – bu buyuk mas'uliyat va javobgarlikdir.
Oddiy odamlarning ovozini olib, saylangan deputat shu oddiy odamlarning dardu tashvishi bilan yashashi shart. Odamlarni qanday qilib rozi qilish mumkin? Albatta, xalq bilan qancha ko'p uchrashilsa, muloqot qilinsa, shuncha kam xato qilamiz va ko'p natijaga erishamiz.
Murojaatnomada bayon qilinganidek hamda dunyo hamjamiyati tomonidan noyob yangi demokratik institut sifatida e'tirof etilayotgan Prezidentning Virtual va Xalq qabulxonalariga o'tgan yilda bir milliondan ziyod murojaat tushgan. Ana shu murojaatlar odamlarni qanday muammo va tashvishlar qiynayotgani haqida xulosa chiqarishga imkon bermoqda.
Prezidentimiz bundan buyon murojaatlarning chuqur tahlili asosida amaliy ishlar olib borilishini qayd etdi. Bu kabi vazifalarni bajarish barcha davlat organlari, ayniqsa, senator va deputatlar zimmasiga alohida mas'uliyat yuklaydi.
To'rtinchidan, yangi parlament – xalqparvar parlament bo'lishi kerak. Xalq vakillari faoliyat olib boradigan parlament – aslida, Xalq uyidir.
Hozirgi kunda parlament qonunchilik faoliyati zamon talablariga to'la javob beradi deya olmaymiz. Ishlab chiqayotgan qonunlarimiz aniq bir sohadagi ayrim vazifalarnigina hal qilishga xizmat qiladi. Ular hali kompleks xarakterga ega yoki kodifikatsiyalashgan emas. Bu borada qiladigan ishlarimiz talay.
Qonun ijodkorligimiz hozirgi islohotlar shiddati va sur'atlaridan ancha ortda qolmoqda. Vaholanki, qonun ijodkorligi islohotlardan sal bo'lsa ham ilgariroq yurishi kerak.
Bu borada biz hali islohotlardan ilgarilash u yoqda tursin, jamiyat va davlat hayotidagi tub o'zgarishlarning qonuniy asoslarini hayot, zamonamiz va bugungi kun talablaridan kelib chiqib ta'minlab borishga ham to'la erishganimiz yo'q.
Beshinchidan, yaqinda bo'lib o'tgan saylovlar oldimizda parlamentarizmni va ko'ppartiyaviy tizimni yanada mustahkamlash, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, xalqimizning huquqiy ongi va tafakkurini, huquqiy bilim va ko'nikmalarini oshirish borasida hali ko'pgina vazifalar turganini ko'rsatdi. NNT va siyosiy partiyalarning faoliyatini qo'llab-quvvatlash borasidagi qonun hujjatlarini ham kodifikatsiyalash lozim.
Murojaatnomada alohida ta'kidlanganidek, yangi parlament va hukumatning kelgusi 5 yildagi faoliyatining pirovard maqsadi – O'zbekistonda yashayotgan ko'p millatli xalqimiz hayotini yuksaltirishdan iborat bo'lishi shart.
“Shu munosabat bilan deputatlarimizga murojaat qilib, shuni aytmoqchiman. Saylovoldi uchrashuvlarida aholi tomonidan ko'tarilgan dolzarb masalalarni hal etish bo'yicha, aniq dastur va “yo'l xaritasi”ni ishlab chiqish hamda uni mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda to'liq amalga oshirish zarur”, dedi Prezidentimiz.
Oltinchidan, yangi parlament O'zbekistonning xalqaro obro'sini oshirishga o'z hissasini qo'shishi darkor. Ayniqsa, “Demokratiya indeksi”, "Qonun ustuvorligi indeksi", "Korruptsiyani nazorat qilish indeksi"da yangi O'zbekiston o'zining namuna bo'lgulik sifatlarini namoyon etishi zarur.
Keyingi davrda O'zbekistonning xalqaro reytinglardagi mavqeini oshirish bo'yicha Prezidentimizning 12 ta farmon va qarorlari qabul qilindi. Mazkur hujjatlar bu borada muayyan ijobiy o'zgarishlarga erishishimiz uchun mustahkam huquqiy asos vazifasini o'tamoqda.
Xususan, mamlakatimiz "Biznes yuritish indeksi"da 100 pog'onadan ko'proq yuqoriladi va hozir 69-o'rinda turibdi. Shuningdek, O'zbekiston keyingi davrda “Iqtisodiy erkinlik indeksi”da 26 pog'onaga, “Logistika samaradorligi indeksi”da esa 19 pog'onaga ko'tarildi.
Yaqin orada "So'z erkinligi va hisobdorlik indeksi", "Jahon matbuoti erkinligi indeksi" kabi xalqaro reytinglarda ko'rsatkichlarimizni butunlay yangilashimiz taqozo etiladi.
Binobarin, O'zbekistonning halqaro iqtisodiy va ijtimoiy reytinglar, siyosiy muhitni aniqlashga oid indekslardagi o'rnini yaxshilab borishda – bu “duing biznes” bo'ladimi, investitsiya muhitiga oid bo'ladimi, inson huquqlari yoki matbuot va so'z erkinligi sohasidami, “innovatsion rivojlanishga tayyorlik”ga tegishli bo'ladimi va hokazo – ushbu jarayonlarda nafaqat ijro etuvchi hokimiyat, balki vakillik hokimiyatining ham ahamiyati yuksakdir.
Yettinchidan, parlamentning tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy siyosat borasidagi faoliyatini, uning ustuvor yo'nalishlarini aniqlash, nufuzli xalqaro tashkilotlarda O'zbekistonning milliy manfatlarini himoya qilish kabi vazifalarini samarali amalga oshirish talab etiladi.
Xususan, Markaziy Osiyoda yaxshi qo'shnichilik muhitini mustahkamlash, iqtisodiy va ijtimoiy-gumanitar sohalarga investitsiyalar jalb etish kabi yo'nalishlarda O'zbekiston bilan xorijiy mamlakatlar o'rtasidagi parlamentlararo ikki tomonlama hamkorlik guruhlari, xalqaro tashkilotlar doirasidagi parlamentlararo tuzilmalardagi ishtirokimizdan samarali foydalanish bugungi kunning dolzarb talablaridandir.
Biz qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil va xalqaro hamkorlik bo'yicha faoliyatimizda ushbu masalalarga alohida e'tibor qaratishimiz zarur.
Keyingi davrda Oliy Majlis Prezidentimiz tashqi siyosiy yo'lining faol ishtirokchisiga aylangani, shubhasiz, mamlakatimizda parlament diplomatiyasi rivojlana boshlaganini ko'rsatadi. Zero, O'zbekiston parlamenti endilikda parlamentlararo xalqaro tashkilotlarda ishtirok etmoqda. Ikki tomonlama deputatlik guruhlari ko'payib, 28 taga yetdi va ular izchil faollashdi.
Ayni chog'da, Prezidentimiz parlamentning nafaqat islohotlarni ta'minlash uchun zarur qonuniy asoslarni yaratib berish, balki mamlakat manfaatlarini har tomonlama himoya qilish va ilgari surish borasidagi faoliyatini ham tubdan qayta ko'rib chiqish zaruriyatiga e'tiborni qaratdi. Haqiqatan ham, hali biz “parlament diplomatiyasi”, “xalqona yoki partiyaviy diplomatiya” imkoniyatlaridan yetarli darajada foydalanmadik.
Yangi shakllangan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi kelgusi faoliyatining ustuvor yo'nalishlari quyidagilardan iborat.
Birinchi yo'nalish: Konstitutsiyaga muvofiq, Qonunchilik palatasining eng muhim vakolatlaridan biri – bu xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya yoki denonsatsiya qilish hisoblanadi.
Shu bilan birga, Prezidentimiz uqtirganidek, O'zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining hukumat tomonidan izchil bajarilishini nazorat qilish ham quyi palataning asosiy vazifasi bo'lishi kerak.
Ikkinchi yo'nalish: Qonunchilik palatasi bundan buyon Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish bo'yicha vazirlar hisobotlarini eshitishni yo'lga qo'yishi lozim.
Uchinchi yo'nalish: inson huquqlarini himoya qilishda Qonunchilik palatasi rolini oshirish, xalqaro tashkilotlar tavsiyalari ijrosini tashkil etish, “yo'l xaritalari”ni ishlab chiqish va ijro etish ham quyi palataning diqqat markazida bo'lishi kerak.
To'rtinchi yo'nalish: bugungi kunda jahon parlamentarizmida ilg'or tajriba bo'lmish, ya'ni nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlarini qo'llab-quvvatlash amaliyoti xalqaro darajada e'tirof etilmoqda. Shu bois, davlatimiz rahbari qayd etganidek, ushbu nomdagi Parlament komissiyasi faoliyati izchil muvofiqlashtirib borilishi muhim.
Beshinchi yo'nalish: Oliy Majlis huzurida Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tuzilgan. Bu institut qonun loyihalarini tayyorlashda, ularni muhokama qilishda, qabul qilingan qonunlar mohiyatini jamoatchilikka yetkazishda parlament a'zolariga haqiqiy yordamchi bo'lishi lozim.
Oltinchi yo'nalish: qonun ijodkorligi faoliyatiga ilmiy-innovatsion omilni keng joriy etish ham bundan keyin quyi palataning muhim vazifasi bo'lib qolishi kerak.
Bugungi kunda O'zbekistonimiz o'z taraqqiyot yo'lidan jadal ilgarilab bormoqda. O'tgan uch yil davomida amalga oshirilgan islohotlarimiz dastlabki samaralarini bera boshladi. Jahon hamjamiyatida O'zbekistonga qiziqish va e'tibor, mamlakatimizning kuch va imkoniyatlariga, uning kelajagiga bo'lgan ishonch tobora ortib bormoqda.
Bu, o'z navbatida, taraqqiyotning yangi bosqichiga chiqish, ko'zlagan maqsadlarimizga yetish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Shunday ekan, bag'rikeng, mehnatkash va olijanob xalqimizning ishonchiga sazovor bo'lgan har bir deputat bu yuksak ishonchni amaliy ishlar bilan oqlashi kerak.
Akmal Saidov,
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari
- Qo'shildi: 07.02.2020
- Ko'rishlar: 7731
- Chop etish