5-6 sentyabr kunlari Qozog'istonning Nur-Sulton shahrida Huquq sub'ektiligini belgilash va fuqarosizlikka barham berishga doir huquq masalalari bo'yicha Ikkinchi mintaqaviy konferentsiya bo'lib o'tdi.
«Hech kim tug'ilganidanoq unutilmasligi shart» deb nomlangan ushbu anjumanda Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O'zbekiston davlatlari turli mutasaddi idora va tashkilotlari rahbar va mutaxassislari, BMTning Qochoqlar bo'yicha boshqarmasi, BMT Osiyo va Tinch Okeani mintaqasi bo'yicha iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi, BMT Bolalar jamg'armasi kabi xalqaro tashkilotlar ekspertlari ishtirok etdi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi tarkibida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazining Inson huquqlari sohasidagi ta'lim va ma'rifat bo'limi bosh mutaxassisi L.Is'hoqova ushbu anjumanda qatnashdi.
L.Isxoqovaning qayd etishicha, konferentsiyada mintaqamiz mamlakatlarida tug'ilishni ro'yxatga olish va fuqarosizlikka barham berishga doir dolzarb masalalar muhokama qilingan.
O'zbekiston delegatsiyasi anjuman ishtirokchilarini mamlakatimizda barcha bolalarning tug'ilganidanoq ro'yxatga olinishi, fuqarosizlikka chek qo'yilgani va kelgusida bunday holatlarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishtirganlar.
Konferentsiya ishtirokchilari tomonidan mamlakatimizda fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari o'z vaqtida qayd etilishini ta'minlash bo'yicha amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari ijobiy deb baholangan. Bugungi kunda barcha bolalarning tug'ilishi belgilangan tartibda FHDYO organlarida qayd etilib borilayotgani e'tirof etilgan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 10.09.2019
- Ko'rishlar: 6096
- Chop etish