O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 iyundagi Farmoniga muvofiq, quyidagilar O'zbekiston Respublikasining inson huquqlari bo'yicha xalqaro shartnomalari normalarini bajarish yuzasidan mas'ul davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining asosiy yo'nalishlari etib belgilangan:
- xalqaro tashkilotlarning inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha tavsiyalarini amalga oshirishga qaratilgan milliy harakat rejalari (“yo'l xaritalari”)ning so'zsiz bajarilishini ta'minlash;
- qonunchilik va huquqni qo'llash amaliyotini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali BMTning inson huquqlari bo'yicha ustav organlari va shartnomaviy qo'mitalarining tavsiyalarini bajarishga to'sqinlik qilayotgan sabab va sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish hamda bartaraf etish;
- O'zbekiston Respublikasining inson huquqlari bo'yicha xalqaro majburiyatlarini bajarish sohasida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasi va fuqarolik jamiyati institutlari bilan samarali hamkorlikni amalga oshirish.
Davlat rahbari tomonidan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi bilan bir qatorda, yana ikkita hujjat tasdiqlandi. Bular - Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini amalga oshirish bo'yicha “Yo'l xaritasi” hamda BMTning inson huquqlari bo'yicha ustav organlari va shartnomaviy qo'mitalari xabarnomalari va qarorlarini ko'rib chiqish yuzasidan O'zbekiston Respublikasi davlat organlarining o'zaro hamkorlik qilish tartibi to'g'risidagi nizom.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy markazi mas'ul xodimi Laviza Isxakovaning "Pravda Vostoka" gazetasining 2020 yil 9 iyul sonida e'lon qilingan "O'zbekistonda inson huquqlari bo'yicha davlat siyosatining yangi bosqichi" ("Новый этап государственной политики по правам человека Узбекистана") sarlavhali maqolasida shu haqda so'z yuritilgan. Muallif Milliy strategiya loyihasini ishlab chiqish jarayonlari, shuningdek mazkur dasturiy hujjatning mazmun-mohiyati va ahamiyati xususida to'xtalgan.
Ma'lumot uchun: Farmonga muvofiq, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi Milliy strategiya va “Yo'l xaritasi”ning amalga oshirilishi yuzasidan:
- muntazam monitoring olib borib, chora-tadbirlar sifatli va o'z vaqtida ijro etilishi bo'yicha taklif va tavsiyalarni tegishli vazirlik va idoralarga kiritib boradi;
- doimiy ravishda aniq ko'rsatkichlar va erishilgan natijalar aks ettirilgan batafsil axborotni o'z veb-saytida joylashtirib boradi;
- har chorakda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga umumlashtirilgan ma'lumot kiritadi;
- axborot-tahliliy sharhlar tayyorlanishi, xorijiy tillarga tarjima qilinishi va e'lon qilinishini ta'minlaydi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 09.07.2020
- Ko'rishlar: 5061
- Chop etish