Odil sudlov va inson huquqlari himoyasi yangi bosqichda

2020 yil 29 iyul kuni O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining majlisi bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda sud.uz sayti.

Videokonferentsaloqa rejimida o'tkazilgan majlisda Oliy sud sudyalari, jinoyat va fuqarolik ishlari bo'yicha hamda ma'muriy, iqtisodiy va harbiy sudlar raislari va sudyalari, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi a'zolari, Konstitutsiyaviy sud, Sudyalar oliy kengashi, tegishli vazirlik va idoralar vakillari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar mas'ul xodimlari ishtirok etdi.

Oliy sud raisi K. Komilov boshqargan majlisda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning bevosita tashabbusi bilan sud-huquq tizimida qat'iyat bilan amalga oshirilayotgan tarixiy islohotlar avvalo fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda belgilangan huquq va erkinliklarining amalda kafolatli himoyasini ta'minlash orqali ularning sud organlariga bo'lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qilayotgani alohida qayd etildi.

So'nggi yillarda mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, fuqaro va tadbirkorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralarini kuchaytirish, odil sudlovni samarali ta'minlash hamda sudyalar hamjamiyati rolini oshirish bo'yicha izchil ishlar olib borilmoqda. Amalga oshirilgan ishlar natijasida odil sudlov jarayonida inson huquqlarini himoya qilish darajasi yangi bosqichga chiqdi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida sud-huquq sohasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish, fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yuksaltirish, ishlarni sudda ko'rish sifatini oshirish hamda xolis, adolatli va qonuniy sud qarorlarini qabul qilish uchun taraflarning tengligi va tortishuvchanligini amalda ta'minlash mexanizmlarini kengaytirish zarurligiga e'tibor qaratilgandi.

Shu maqsadda 2020 yil 24 iyul kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi Farmoni qabul qilindi.

Plenumda so'zga chiqqan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ushbu Farmonning mohiyati va ahamiyati haqida to'xtaldi.

Mazkur hujjatda davlat rahbarining Konstitutsiya qabul qilinganining 27 yilligiga bag'ishlab 2019 yil dekabrida o'tkazilgan tantanali marosimdagi ma'ruzasi hamda 2020 yil yanvarida Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasi va joriy yil 30 iyunda sud`yalar korpusi bilan uchrashuvda so'zlagan nutqida ko'zda tutilgan sud hokimiyatining mustaqilligini ta'minlash va odil sudlov sifatini oshirishga doir navbatdagi dolzarb vazifalar belgilab berilgani ta'kidlandi.

Yig'ilishda ushbu Farmon ijrosini ta'minlash doirasida Oliy sud Plenumining «Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi qarori qabul qilindi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech