Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan BMTning Taraqqiyot Dasturi homiyligida “Parlamentlar va Barqaror rivojlanish maqsadlari” hamda “Inson huquqlari: parlament a'zolari uchun qo'llanma” kitoblarning o'zbek tilidagi nashrlari chop etildi.
Ushbu qo'llanmalar ingliz tilida Parlamentlararo Ittifoq va BMTning Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissar boshqarmasi tomonidan hamqorlikda tayyorlangan. Ularda 2030 yilgacha bo'lgan davrda Barqaror rivojlanish sohasidagi “Kun tartibi”da bayon etilgan Barqaror rivojlanish maqsadlari hamda inson huquqlari bo'yicha xalqaro shartnomalarning milliy qonun hujjatlariga implementatsiya qilinishi to'g'risida ma'lumotlar berilgan.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Oliy Majlisga yo'llagan Murojaatnomasida BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarishda parlament, hukumat va fuqarolik jamiyati institutlarining amaliy hamkorligini yo'lga qo'yish, bu masala bo'yicha muntazam ravishda parlament va jamoatchilik eshituvlarini tashkil etish lozimligini ta'kidlagan edi.
Shu o'rnida davlatimiz rahbari yana bir muhim masala – O'zbekiston inson huquqlariga oid 70 dan ortiq xalqaro shartnomaga qo'shilgani, mazkur yo'nalishda BMTning ustav organlarida Hukumatimiz muntazam ravishda milliy hisobotlar berib kelayotganiga e'tibor qaratar ekan, inson huquqlarini himoya qilishda parlament rolini oshirish, xalqaro tashkilotlar tavsiyalari ijrosini tashkil etish, “yo'l xaritalari”ni ishlab chiqish va ijro etish ham quyi palataning diqqat markazida bo'lishi kerakligini qayd etgan.
Mazkur qo'llanmalar Markaz tomonidan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a'zolariga takdim qilindi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi
- Qo'shildi: 19.03.2020
- Ko'rishlar: 4376
- Chop etish