O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2020 yil 24 yanvarda Oliy Majlisning Senati va Qonunchilik palatasiga taqdim etgan navbatdagi Murojaatnomasida "Demokratik islohotlar yo'li — biz uchun yakkayu yagona va eng to'g'ri yo'ldir" deb ta'kidladi.
Poytaxtimizdagi Xalqaro kongress markazida shu munosabat bilan bo'lib o'tgan nufuzli anjumanda Oliy Majlis Senati a'zolari va Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari, ijro hokimiyati va xo'jalik boshqaruvi organlari rahbarlari, ilmiy va diplomatik doiralar, xalqaro tashkilotlar, jamoat birlashmalari, ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Prezident Murojaatnomasi: dunyo tajribasi va milliy amaliyot
Davlat boshlig'ining parlamentga Murojaatnomasi – dasturiy siyosiy-huquqiy hujjatdir.
Birinchidan, Murojaatnomada Prezidentning mamlakatni yaqin istiqbolda rivojlantirishga doir strategik yo'nalishlar bo'yicha nuqtai nazari bayon qilinadi.
Ikkinchidan, Murojaatnoma siyosiy, iqtisodiy, g'oyaviy-mafkuraviy qoidalar bilan bir qatorda, parlamentning qonun ijodkorligi faoliyatiga taalluqli aniq takliflarni ham o'zida aks ettiradi.
Uchinchidan, Prezidentning parlamentga Murojaatnomasi jahon konstitutsiyaviy amaliyotida hokimiyat vakolatlari bo'linishi printsipini ta'minlashga qaratilgan muhim huquqiy institutdir.
Jahon parlamentarizmi amaliyotiga ko'ra, bunday murojaatnomalarda, bir tomondan, Prezident yakuniga yetgan yilda davlat hokimiyati organlari erishgan yutuq va natijalar haqida hisobot beradi. Ikkinchi tomondan esa, mamlakat rahbari yangi kirib kelayotgan yilda davlat va jamiyat hayotining turli sohalarida amalga oshiriladigan aniq chora-tadbirlar, ya'ni amaliyot dasturini taqdim etadi.
Dunyo miqyosida olib qaralganda, davlat boshlig'i tomonidan parlamentga Murojaatnoma taqdim etilishi tarixi olis XIII asrga borib taqaladi. Shu tariqa 800 yildan ortiq tarixga ega ushbu davlat-huquq an'anasiga Buyuk Britaniya Qiroli (Qirolichasi)ning parlament huzurida shohona nutq so'zlashi – “King’s/Queen’s speech” tantanasi ilk namuna vazifasini o'tagan.
Shundan beri Buyuk Britaniya parlamentining har galgi yangi sessiyasi Qirol yoki Qirolichaning ana shunday “shohona nutqi” bilan boshlanishi huquqiy odatga aylangan. Bunday nutq, odatda, parlamentning yaqin kelajakdagi qonun ijodkorligi faoliyati yuzasidan Hukumat tavsiya etgan dastur hisoblanadi. Bu dasturning parlament tomonidan tasdiqlanishi amaldagi Hukumatga ishonch votumi bildirilgani bilan tengdir.
Amerika Qo'shma Shtatlarida ham Prezidentning Kongress huzurida har yili Murojaatnoma bilan chiqishi an'anasi mavjud. Bu an'anaga 1790 yili, ya'ni bundan 217 yil ilgari AQShning birinchi Prezidenti Jorj Vashington o'zining Nyu-Yorkda, parlament minbaridan so'zlagan batafsil nutqi bilan asos solgan.
Shu o'rinda Qo'shma Shtatlarda bu huquqiy an'anaga zid holatlar yuz berganini ham aytib o'tish lozim. Gap shundaki, 1801 yilda o'sha paytdagi AQSH Prezidenti Tomas Jefferson demokratik respublikaga bunday “monarxcha udumlar” mos kelmaydi, deya hisoblagan va o'z Murojaatnomasini Kongressga maktub shaklida yo'llagan.
Maktub shaklidagi Murojaatnoma yo'llash an'anasi yuz yildan ziyod davom etgach, 1913 yilda Prezident Vudro Vil`son tashabbusi asosida Kongressga Murojaatnoma bilan nutq so'zlash amaliyoti qayta tiklangan. Albatta, XX asrning ikkinchi yarmiga qadar ham AQShda ayrim Prezidentlar Kongressga o'z Murojaatlarini ba'zan yozma ravishda yuborib turgan. Jimmi Karter ayni shunday yo'l tutgan oxirgi Prezident hisoblanadi.
O'sha davrda AQShda bu Murojaatnomalar “Prezidentning Kongressga yillik murojaati”, degan nom bilan yuritilgan. Franklin Ruzvelt 1935 yili joriy etgan o'zgartirishlar asosida AQSH Prezidentining Kongress huzurida so'zlaydigan har yilgi nutqi endilikda “Mamlakatdagi holat to'g'risida” (State of the Union Adress), deb nomlanadi.
AQSH Prezidentining Kongressga har yilgi Murojaatnomasi quyidagi o'ziga xos jihatlarga ega.
Birinchisi. Prezident, odatda, qachon parlament huzurida Murojaatnoma bilan nutq so'zlaydi?
Bu boradagi AQSH amaliyotiga ko'ra, dastavval, Qo'shma Shtatlar Prezidenti Kongress huzurida dekabr` oyida Murojaatnoma bilan chiqish qilgan. Ammo, 1933 yili AQSH Konstitutsiyasiga kiritilgan 20-qo'shimcha asosida Kongressning har yilgi ish boshlash davri mart oyidan yanvarga ko'chirilgani munosabati bilan mazkur muhim rasmiy tadbir yanvar` yoki fevral` oyida o'tkaziladigan bo'lgan.
Hozirgi kunda AQSH Prezidenti, qoidaga ko'ra, har yili yanvar oyining oxirgi seshanbasida – yangi saylangan Prezident esa fevral` oyining yakunida – Kongress huzurida Murojaatnoma bilan chiqish qiladi. Ayni chog'da, aniq belgilangan reglamentning mavjud emasligi tufayli bu muddat o'zgarib ham turadi. Masalan, AQSH Prezidentining 2008 yildagi Murojaatnomasi yanvarning oxirgi dushanbasida taqdim etilgan edi.
Ikkinchisi. Davlat rahbari aynan qaerda Murojaatnoma bilan nutq so'zlaydi?
Buyuk Britaniya tajribasiga qaraganda, Qirolichaning nutqi Hukmdor tomonidan mamlakat parlamenti binosida, yangi sessiyaning rasmiy ochilish marosimida o'qib eshittiriladi. AQShda ham bu rasmiy tadbir parlamentning Vakillar palatasi binosida bo'lib o'tadi. Bunda Prezident odatda Spikerning minbaridan turib nutq so'zlaydi.
Uchinchisi. Prezident kimlarning oldida Murojaatnomasini taqdim etadi?
AQShda Prezident parlament palatalarining qo'shma majlisida Murojaatnoma bilan chiqish qiladi. Bu tadbirda Vakillar palatasining 435 nafar deputati va yuqori palataning 100 nafar senatori ishtirok etadi. Prezident Murojaatnomasining parlament palatalari qo'shma majlisida tinglanishi – ushbu rasmiy davlat-huquqiy tadbirining mamlakat hayotida g'oyat muhim ahamiyatga ega ekanidan dalolat beradi.
Prezident Murojaatnomasi taqdim etiladigan qo'shma majlisda, shuningdek, AQSH Oliy sudi sud`yalari, vazirlar, Shtab boshliqlari birlashgan qo'mitasining a'zolari hozir bo'ladi.
To'rtinchisi. Prezident Murojaatnomasini ommaviy axborot vositalarida yoritish borasida qanday tajriba to'plangan?
Bu savolga javob berish uchun yana AQSH amaliyotiga tayanamiz. Prezident Jon Kuoijning 1923 yilgi Murojaatnomasi jahonda ilk bor radio to'lqinlari yordamida tarqatilgan shunday muhim hujjatdir. Garri Trumenning 1947 yilgi nutqi esa birinchi marta televizorda namoyish etilgan Prezident Murojaatnomasi hisoblanadi.
O'z navbatida, 1965 yili AQSH Prezidenti Lindon Jonson kunning kechki qismida Murojaatnoma bilan Kongressda nutq so'zlagan. Hozirgi vaqtgacha kuchda bo'lgan bu amaliyotdan ko'zlangan maqsad, albatta, Prezident Murojaatnomasi mazmunidan imkon qadar ko'proq kishilarni ommaviy axborot vositalari orqali bevosita xabardor qilishdan iborat. Bill Klintonning 1997 yilda Kongressda so'zlagan nutqi ilk marotaba Internet tarmog'i orqali e'lon qilingan Murojaatnomadir.
Bugungi kunda AQSH Prezidentining Murojaatnomasi televidenie orqali to'g'ridan-to'g'ri olib ko'rsatiladi va Oq uy ma'muriyatining maxsus saytida (http: //www.whitehouse.gov) onlayn rejimida uzatiladi. Shu bilan birga, Murojaatnomaning to'liq matni ham o'sha saytda e'lon qilinadi.
AQShning bu sohadagi huquqiy amaliyotidan ko'proq misollar keltirayotganimizning sababi shundaki, Qo'shma Shtatlar ayni yo'nalishda katta ijobiy tajriba to'plagan. Binobarin, Amerika Konstitutsiyasi Prezidentga ham, Kongressga ham bir-birini hisobga olmagan holda o'ta muhim qarorlarni qabul qilishiga va mamlakatni boshqarishiga yo'l bermaydi. Bunda ularning o'zaro kelishuv, hamkorlik va hamjihatlik, ya'ni konstitutsiyaviy “o'zaro bir-birini tiyib turish” printsipi asosida ish olib borishi talab etiladi.
AQSH Konstitutsiyasining II moddasi, 3-bo'limiga muvofiq, Prezident vaqti-vaqti bilan ittifoq ahvoli to'g'risida Kongressga hisobot berib turadi hamda o'zi zarur va maqsadga muvofiq deb hisoblagan chora-tadbirlarni ko'rib chiqish uchun Senatga taqdim etadi. Amerikaliklarning bu davlat-huquqiy tajribasi keyingi davrda boshqa davlatlarda ham keng ommalashmoqda.
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti har yili Federal Majlis huzurida Murojaatnoma bilan chiqish qiladi. Bu haqda so'z borganda, sobiq sovet ittifoqi siyosiy hayotida, SSSR Prezidenti lavozimi ta'sis etilguniga qadar, parlamentga Murojaatnoma taqdim etish amaliyoti umuman mavjud bo'lmaganini qayd etish lozim.
Bunday holat, hoynahoy, sovetlar siyosiy-huquqiy amaliyoti hokimiyat vakolatlarining bo'linishi nazariyasini tan olmaganligi bilan bog'liq. SSSR Prezidenti instituti joriy etilgach, Konstitutsiyaga tegishli o'zgartirish va qo'shimchalar kiritilgan bo'lishiga qaramay, ushbu lavozimni qisqa fursat egallab turgan M.Gorbachyov ayni normalarni amaliyotda to'laqonli qo'llab ulgurmagan.
Rossiyada davlat boshlig'ining qonun chiqaruvchi oliy organga Murojaatnoma bilan chiqishiga doir norma ilk bor 1991 yil 24 aprelda qabul qilingan “RSFSR Prezidenti to'g'risida”gi qonunda (5-moddaning 3-bandi) o'z aksini topgan bo'lsa-da, 1993 yili amaldagi Rossiya Konstitutsiyasi kuchga kirganidan keyin mazkur amaliyot har yilgi an'ana tusini oldi. Rossiya Prezidenti B.Yel`tsin Federal Majlisga birinchi Murojaatnomasini 1994 yil 24 fevralda taqdim etgan.
Hozirgi vaqtda davlat boshlig'ining parlamentga Murojaatnoma taqdim etishi instituti bir paytlar sobiq ittifoq tarkibida bo'lgan va bugun mustaqil taraqqiyot yo'lidan borayotgan qator mamlakatlarda amal qilmoqda. Belarus`, Gruziya, Qozog'iston, Qirg'iziston va Tojikiston shular sirasiga kiradi. Ushbu davlatlar safiga endi O'zbekiston ham qo'shildi.
Davlatimiz rahbari O'zbekiston taraqqiyotining eng muhim ustuvor vazifalari to'g'risidagi uchinchi Murojaatnomasini taqdim etgan nufuzli majlis O'zbekiston milliy teleradiokompaniyasining 4 ta teleradiokanali, 5 ta telekanali hamda 12 ta hududiy teleradiokompaniya, shuningdek, 5 ta nodavlat telekanal hamda Prezidentning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari, internetdagi tegishli saytlar orqali to'g'ridan-to'g'ri namoyish qilindi. Aholining barcha qatlamlarini qamrab olish maqsadida Murojaatnoma surdo tarjima bilan, shuningdek, rus va ingliz tilidagi tarjimalari bilan efirga uzatildi.
Bularning barchasi O'zbekistonda qisqa muddat – atigi 3 yil ichida davlat boshlig'ining parlamentga Murojaatnoma taqdim etish amaliyoti eng ilg'or xalqaro tajribalarga xos va mos ravishda yo'lga qo'yilganidan dalolatdir.
Uchinchi Murojaatnomaning alohida xususiyatlari
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis palatalariga taqdim etgan navbatdagi Murojaatnomasining quyidagi o'ziga xos xususiyatlarini ko'rsatish mumkin.
Birinchi xususiyati: ushbu muhim ijtimoiy-siyosiy voqeaning avvalgilaridan farqli jihati shundaki, mamlakatimiz rahbari bu galgi Murojaatnomani milliy parlamentning yangilangan tarkibiga taqdim etdi. Qo'shma majlisda oldingi chaqiriq deputatlari ham qatnashdi.
Ikkinchi xususiyati: Murojaatnomada dastavval 2019 yil 22 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatligiga bo'lib o'tgan saylovlar haqida so'z bordi.
Prezidentimiz mamlakat tarixida ilk bor qabul qilingan Saylov kodeksi asosida, “Yangi O'zbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida o'tgan bu muhim siyosiy tadbir jarayonlarini xolis, haqqoniy baholab, fuqarolik jamiyati qurish yo'lida bergan tavsiyalari uchun xalqaro kuzatuvchilarga butun xalqimiz nomidan minnatdorlik bildirdi. Nufuzli xalqaro tashkilotlarning taklif va tavsiyalaridan keyingi saylovlarda albatta foydalanamiz, dedi davlatimiz rahbari.
Uchinchi xususiyati: Murojaatnomada 2019 yil – “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” yakunlari sarhisob qilindi. Shu bilan birga, Harakatlar strategiyasining beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha keyingi uch yil davomida amalga oshirilgan asosiy ishlar haqida ham atroflicha so'z yuritildi.
Bunga qadar birinchi Murojaatnomada 2017 yil – “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”, Ikkinchi Murojaatnomada esa 2018 yil – «Faol tadbirkorlik, innovatsion g'oyalar va texnologiyalarni qo'llab-quvvatlash yili» yakunlari chuqur tahlil qilingan.
To'rtinchi xususiyati: mamlakatimizni 2020 yil va kelgusi 5 yilda rivojlantirish bo'yicha ustuvor yo'nalish va vazifalar belgilab olindi.
Bungacha Murojaatnomada Harakatlar strategiyasi ijrosi doirasida mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosan yaqin bir yillik eng muhim vazifalarini belgilash amaliyoti qo'llanilgan.
Shunday qilib, dunyo tajribasi bilan qiyoslaganda, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis palatalariga Murojaatnoma taqdim etishi timsolidagi mazkur siyosiy-huquqiy tadbir bu boradagi eng ilg'or xorijiy amaliyotga nafaqat mos va mutanosib, balki namuna bo'ladigan yaxshi an'anaga aylandi, deyishga barcha asoslarimiz bor.
Xalqaro e'tirof-2019: O'zbekiston – Yil mamlakati
Murojaatnomada qayd etilganidek, o'tgan yili mamlakat hayotining barcha sohalarida ijobiy natijalar qo'lga kiritildi. Investitsiyalar hajmi ham sezilarli darajada oshdi.
Ayniqsa, to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalar 4,2 milliard dollarni tashkil etib, 2018 yilga nisbatan – 3,1 milliard dollarga yoki 3,7 barobar o'sdi. Investitsiyalarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 37 foizga yetdi.
Mamlakatimiz ilk bor xalqaro kredit reytingini oldi va jahon moliya bozorida 1 milliard dollarlik obligatsiyalarini muvaffaqiyatli joylashtirdi. Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti tomonidan O'zbekistonning kreditga doir tavakkalchilik reytingi oxirgi 10 yilda birinchi marta yaxshilandi.
Energetika, neft-gaz, geologiya, transport, yo'l qurilishi, qishloq va suv xo'jaligi, ichimlik suvi va issiqlik ta'minoti hamda boshqa qator tarmoqlarda chuqur tarkibiy islohotlar boshlandi. Sanoatning 12 ta yetakchi tarmog'ida modernizatsiyalash va raqobatdoshlikni kuchaytirish dasturlari jadal amalga oshirilmoqda. Natijada o'tgan yili iqtisodiy o'sish 5,6 foizni tashkil etdi.
Sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 6,6 foizga, eksport – 28 foizga ko'paydi. Oltin-valyuta zaxiralarimiz 2019 yil davomida 2,2 milliard dollarga ortib, 28,6 milliard dollarga yetdi.
Qishloq xo'jaligida fermer va dehqonlarning manfaatdorligini oshirish borasidagi o'rganish va izlanishlar davom etmoqda. Sohaga ilg'or texnologiyalar va klaster tizimi joriy etilmoqda.
Tadbirkorlikni keng rivojlantirish va bu soha uchun yangi sharoitlar yaratishga, barcha imkoniyatlar safarbar etilayapti. “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida o'z biznesini boshlayotgan oilalarga 5,9 trillion so'm kreditlar ajratildi.
Yangi soliq siyosati doirasida ish haqiga soliq yuki 1,5 barobar kamaytirildi. Natijada rasmiy sektorda ishlayotganlar soni yil davomida 500 ming nafarga ko'paydi.
Qo'shilgan qiymat solig'i stavkasi 20 foizdan 15 foizga tushirildi. Buning hisobidan o'tgan yili soliq to'lovchilar ixtiyorida 2 trillion so'm qoldi. Joriy yilda bu raqam 11 trillion so'mni tashkil etishi kutilmoqda.
Bir yilda tadbirkorlar ixtiyorida shuncha mablag' qolishi, albatta ularga o'z bizneslarini rivojlantirish uchun juda katta qo'shimcha imkoniyatlar yaratadi. Islohotlarimiz natijasida o'tgan yili 93 mingta yoki 2018 yilga nisbatan qariyb 2 barobar ko'p yangi tadbirkorlik sub'ektlari tashkil etildi.
Jahon bankining “Biznes yuritish” reytingida O'zbekiston 7 pog'ona ko'tarilib, biznesni ro'yxatga olish ko'rsatkichi bo'yicha dunyoning 190 ta davlati orasida 8-o'rinni egalladi va eng yaxshi islohotchi davlatlar qatoridan joy oldi.
Shuningdek, 86 ta davlat fuqarolariga vizasiz va 57 ta davlat fuqarolariga soddalashtirilgan viza rejimi joriy etilishi natijasida o'tgan yili yurtimizga 6,7 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Bu 2016 yilga nisbatan 4,7 million nafarga yoki 3,3 barobar ko'p demakdir.
Ishlayotgan pensionerlarga pensiyani to'liq to'lash tartibi joriy etildi. Ijtimoiy yordamga muhtoj va ehtiyojmand aholi uchun nafaqa miqdori 2 barobar ko'paytirildi.
Sog'liqni saqlash sohasida davlat muassasalari bilan bir qatorda, xususiy tibbiyot yo'nalishi ham jadal rivojlanmoqda. Davolash faoliyati turlari 50 tadan 126 taga ko'paytirilib, qator imtiyozlar berilgani tufayli o'tgan yili 634 ta xususiy tibbiyot muassasasi tashkil etildi.
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 479 ta qishloq va ovulda, shaharlardagi 116 ta mahallada keng ko'lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari bajarildi. Bunga 6,1 trillion so'm yoki 2018 yilga nisbatan 1,5 trillion so'm ko'p mablag' sarflandi.
Qishloq joylarida 17 ming 100 ta, shaharlarda 17 ming 600 ta, jami 34 ming 700 ta yoki 2016 yilga nisbatan salkam 3 barobar ko'p arzon va shinam uylar qurildi. Kam ta'minlangan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj 5 mingta oilaga, shu jumladan, nogironligi bo'lgan ayollarga ipoteka krediti asosida arzon uy-joy sotib olish uchun 116 milliard so'mdan ziyod boshlang'ich badal to'lab berildi.
Amalga oshirayotgan islohotlarimiz jahon hamjamiyati tomonidan munosib baholanmoqda. Xususan, dunyodagi nufuzli nashrlardan biri – “Ekonomist” jurnali O'zbekistonni 2019 yilda islohotlarni eng jadal amalga oshirgan davlat – “Yil mamlakati” deb e'tirof etdi.
2020 yil – “Ilm-ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”
Keyingi yillarda mamlakatimiz ta'lim tizimining barcha bo'g'inlarini isloh qilishga kirishildi. Xususan, 2019 yilda mutlaqo yangicha mazmun va shaklda 4 ta Prezident maktabi, 3 ta ijod maktabi ish boshladi.
Oliy ta'limni rivojlantirish uchun o'tgan yili 19 ta yangi oliy o'quv yurti, jumladan, 9 ta nufuzli xorijiy universitet filiallari ochildi. Yetakchi xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda 141 ta qo'shma ta'lim dasturi bo'yicha kadrlar tayyorlash yo'lga qo'yildi. Oliy ta'lim muassasalariga jami 146 ming 500 nafar yoki 2016 yilga nisbatan ikki barobar ko'p talaba o'qishga qabul qilindi.
Ilm yo'q joyda qoloqlik, jaholat va to'g'ri yo'ldan adashish bo'ladi. Ilm-ma'rifat va yuksak ma'rifat kerak. Sharq donishmandlari aytganidek, “Eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros – bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir”.
Ta'limda qilgan xatolarimizni to'g'rilash vaqti keldi, dedi Prezident Shavkat Mirziyoev. Shu sababli, hammamiz uchun zamonaviy bilimlarni o'zlashtirish, chinakam ma'rifat va yuksak madaniyat egasi bo'lish uzluksiz hayotiy ehtiyojga aylanishi kerak.
Taraqqiyotga erishish uchun raqamli bilimlar va zamonaviy axborot texnologiyalarini egallashimiz shart. Bu bizga yuksalishning eng qisqa yo'lidan borish imkoniyatini beradi. Zero, bugun dunyoda barcha sohalarga axborot texnologiyalari chuqur kirib bormoqda.
O'zbekiston “Xalqaro axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish indeksi” bo'yicha 2019 yilda 8 pog'onaga ko'tarilgan bo'lsa-da, hali bu borada judayam ortdamiz. Aksariyat vazirlik va idoralar, korxonalar raqamli texnologiyalardan mutlaqo yiroq ekani ham ochiq va achchiq haqiqatdir.
Albatta, “raqamli iqtisodiyot”ni shakllantirish kerakli infratuzilma, ko'p mablag' va mehnat resurslarini talab etishini yaxshi bilamiz. Biroq, qanchalik qiyin bo'lmasin, bu ishga bugun kirishmasak, ertaga juda kech bo'ladi.
Raqamli texnologiyalar nafaqat mahsulot va xizmatlar sifatini oshiradi, balki ortiqcha xarajatlarni ham kamaytiradi. Shu bilan birga, eng og'ir illat – korruptsiya balosini yo'qotishda ham u samarali vositadir.
Davlat va jamiyat boshqaruvi, ijtimoiy sohada ham raqamli texnologiyalarni keng joriy etib, natijadorlikni oshirish, bir so'z bilan aytganda, odamlar turmushini keskin yaxshilash mumkin.
Prezidentimiz taklifiga muvofiq, yurtimizda 2020 yilga “Ilm-ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb nom berildi. Bundan ko'zlangan maqsad mamlakatimizda ilm-fanni yanada ravnaq toptirish, yoshlarimizni chuqur bilim, yuksak ma'naviyat va madaniyat egasi etib tarbiyalash, raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirish borasida boshlagan ishlarimizni jadal davom ettirish va yangi, zamonaviy bosqichga ko'tarishdir.
Davlatimiz rahbari ta'lim sifatini xalqaro talablar darajasiga ko'tarish maqsadida qator chora-tadbirlar ishlab chiqilishini qayd etdi.
Respublikamizda 348 ta tayanch maktabi belgilanishi, 6000 dan ziyod o'qituvchining xalqaro miqyosda malaka oshirishi ta'minlanishi aytib o'tildi. Shuningdek, mamlakatimizda 340 ta kasb-hunar maktablari, 200 dan ortiq ixtisoslashgan umumta'lim maktablari faoliyati yo'lga qo'yilishi tizimni rivojlantirishga bevosita xizmat qiladi.
Murojaatnomada oliy ta'lim tizimida ham kelajakda katta o'zgarishlar ro'y berishiga e'tibor qaratildi. Mamlakatimizda yoshlarni oliy ta'limga qamrab olish 2020 yilda 25 foizga, yaqin kelajakda esa 50-60 foizga oshiriladi.
Pedagogik mahorat va malaka darajasiga ega bo'lgan, o'z ishida aniq natijalarga erishgan o'qituvchilarga, yuqori maosh to'lash tizimi joriy etiladi. Maktab o'quv dasturlarini ilg'or xorijiy tajriba asosida takomillashtirish, o'quv yuklamalari va fanlarni qayta ko'rib chiqish, ularni xalqaro standartlarga moslashtirish, darslik va adabiyotlar sifatini oshirish zarur.
2021 yilgi xalqaro baholash jarayoniga tayyorgarlik ko'rish uchun 348 ta tayanch maktabni belgilab, 6 mingdan ortiq o'qituvchilarning malakasi oshiriladi. Joriy o'quv yilidan boshlab mutlaqo yangi professional ta'lim tizimi yo'lga qo'yilib, 340 ta kasb-hunar maktabi, 147 ta kollej va 143 ta texnikum tashkil etiladi.
Kadrlar malakasini xalqaro mehnat bozori talablariga moslashtirish maqsadida Milliy malaka tizimi ishlab chiqiladi. Ushbu tizim 9 mingga yaqin kasblar bo'yicha kadrlar tayyorlash imkonini beradi.
Oliy ma'lumot olaman, o'z ustimda ishlab, ilmli bo'laman, degan, yuragida o'ti bor jo'shqin yoshlarimizning tahsil olishi uchun hamma qulayliklarni yaratishimiz shart. Eng muhimi, oliy ta'limga qamrab olish to'lov-kontrakt masalasiga bog'liq bo'lib qolishi kerak emas, deya alohida ta'kidladi Prezidentimiz.
Ta'lim sohasida grantlar ikki barobarga ko'paytiriladi. Qizlar uchun alohida grantlar ajratiladi. O'zbekiston Xotin-qizlar qo'mitasi ushbu grantlar asosida o'qishga nomzodlarni tanlash va saralash mezonlarini ishlab chiqadi. Oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlari optimallashtiriladi.
Davlatimiz rahbarining ta'kidlashicha, asosiy e'tiborni o'qishga kirish jarayonini soddalashtirishga, oliy o'quv yurtlarida chinakam bilim va tarbiya olishga qaratmoq zarur. Misol uchun, ona tili bo'yicha bilimni baholashning milliy test tizimini yaratish lozim. Bu fandan yoshlar istalgan vaqtda imtihon topshirib, tegishli guvohnomalar olsa, o'qishga kirayotgan paytda ona tili bo'yicha qayta sinovdan o'tishga hech qanday ehtiyoj qolmaydi.
Oliy ta'lim standartlari xorijiy tajriba asosida takomillashtiriladi. Ta'lim yo'nalishlari va o'qitiladigan fanlar qayta ko'rib chiqiladi. Mutaxassislikka aloqasi bo'lmagan fanlar soni ikki barobar qisqartiriladi.
Tahlil qilganimizda oliy ta'limda mutaxassislikka aloqador bo'lmagan fanlar 30 foizni tashkil qiladi. Bu esa yoshlarning ortiqcha vaqtini oladi. Oliy ta'limda o'quv jarayonlarini kredit modul tizimiga o'tkazish talab etiladi. Joriy yildan pedagogik ta'limning 6 ta yo'nalishi bo'yicha o'qish muddati 3 yil qilib belgilanadi, dedi Prezident.
Ma'lumki, bugungi kunda O'zbekistonda 13 ming 500 maktabgacha ta'lim muassasasi faoliyat ko'rsatmoqda. Davlatimiz rahbari 2019 yil Maktabgacha ta'lim vazirligi tizimga bolalar qamrovini 2018 yildagi 38 foizdan 52 foizga yetgani, birgina o'tgan yilda 5 ming 522 ta davlat, xususiy va oilaviy maktabgacha ta'lim tashkiloti tashkil etilganini e'tirof etdi. 2020 yilda bu ko'rsatkichni 60 foizga yetkazish, buning uchun 2 trillion so'mga yaqin mablag' ajratilishi
ta'kidlandi.
Joriy yildan boshlab tarixda ilk bor 6 yoshli bolalarni maktabgacha tayyorlash tizimi joriy etiladi. Bunga byudjetdan 130 milliard so'm ajratiladi.
Bu jarayonda xususiy maktabgacha ta'lim muassasalari ham bevosita ishtirok etadi. 2020 yilda byudjetdan ajratiladigan 1,7 trillion so'm mablag' hisobidan 36 ta yangi maktab quriladi, 216 tasi kapital ta'mirlanadi, 55 ta xususiy maktab tashkil etilib, ularning soni 141 taga yetkaziladi.
Oliy ta'lim standartlari xorijiy tajriba asosida takomillashtiriladi, ta'lim yo'nalishlari va o'qitiladigan fanlar qayta ko'rib chiqiladi. Mutaxassislikka aloqasi bo'lmagan fanlar soni 2 barobar qisqartiriladi. Oliy ta'limda o'quv jarayonini kredit-modul` tizimiga o'tkazish talab etiladi.
Joriy yildan pedagogik ta'limning 6 ta yo'nalishi bo'yicha, o'qish muddati 3 yil qilib belgilanadi. Bu ishlarni boshqa yo'nalishlarda ham davom ettiramiz. Oliy o'quv yurtlariga bosqichma-bosqich akademik va moliyaviy mustaqillik beriladi. Joriy yilda ularning 10 tasi o'zini o'zi moliyaviy ta'minlashga o'tadi.
Bundan tashqari, kamida 5 ta oliy ta'lim dargohini konkurs asosida tanlab, nufuzli xorijiy oliy ta'lim dargohlari bilan hamkorlikda, ularni transformatsiya qilishni boshlaymiz. Mamlakatimiz uchun ilm-fan sohasidagi ustuvor yo'nalishlarni aniq belgilab olishimiz kerak.
Hech bir davlat ilm-fanning barcha sohalarini biryo'la taraqqiy ettira olmaydi. Shuning uchun, biz ham har yili ilm-fanning bir nechta ustuvor yo'nalishini rivojlantirish tarafdorimiz.
Joriy yilda matematika, kimyo-biologiya, geologiya kabi yo'nalishlarda fundamental va amaliy tadqiqotlarni faollashtirib, olimlarga barcha shart-sharoitlar yaratib beriladi. Shuningdek, ilm-fan sohasida fundamental va innovatsion tadqiqotlar uchun maqsadli grant mablag'larini ajratish mexanizmini, tubdan qayta ko'rib chiqish
kerak.
Ilm-fan yutuqlarining elektron platformasi, mahalliy va xorijiy ilmiy ishlanmalar bazasini shakllantirish lozim. Har bir oliy ta'lim va ilmiy-tadqiqot dargohi nufuzli chet el universitetlari va ilmiy markazlari bilan hamkorlikni yo'lga qo'yishi shart.
Joriy yilda “El-yurt umidi” jamg'armasi tomonidan 700 dan ziyod olimlar, professor-o'qituvchilar chet elga ilmiy izlanish va malaka oshirish uchun yuboriladi. Kelgusida, grantlar miqdorini 2 barobar ko'paytirish va tadqiqot yo'nalishlari ko'lamini kengaytirish lozim.
Bu yil “raqamli iqtisodiyot”ni rivojlantirish bo'yicha tub burilish qilishimiz kerak.
Birinchi navbatda, qurilish, energetika, qishloq va suv xo'jaligi, transport, geologiya, kadastr, sog'liqni saqlash, ta'lim, arxiv sohalarini to'liq raqamlashtirish lozim.
Shuningdek, “Elektron hukumat” tizimini, amalga oshirilayotgan dasturlar va loyihalarni tanqidiy qayta ko'rib chiqib, barcha tashkiliy va institutsional masalalarni kompleks hal etish zarur.
Toshkent shahrida zamonaviy infratuzilmaga ega bo'lgan “AyTi-park” barpo etilmoqda. U hozirdanoq, o'zining dastlabki natijalarini bera boshladi. Bunday “AyTi-park”lar – Nukus, Buxoro, Namangan, Samarqand, Guliston va Urganch shaharlarida ham tashkil etiladi.
Zero, elektronlashuv zamonaviy dunyoda, jahon iqtisodiyotida muhim o'rin tutayotgan muhim jarayondir. Bunda ilmiy izlanishlarni kuchaytirish, xalqaro ilmiy markazlar bilan hamkorlikni yo'lga qo'yish maqsadga muvofiq. Ilm-fanga e'tibor esa yurtimizda tub burilish qilishimizga imkon beradi. 2020 yilda transport, geologiya, ta'lim, arxiv kabi sohalar to'liq raqamlashtiriladi.
Soha uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida, xorijiy hamkorlarimiz bilan birgalikda “1 million dasturchi” loyihasini amalga oshirish boshlandi. Shuningdek, ta'limning barcha bosqichlarida xalqaro andozalarga to'liq javob beradigan, axborot texnologiyalari joriy etilishi shart.
O'tgan yili barcha shahar va tuman markazlarini yuqori tezlikdagi Internetga ulash ishlari yakunlanganini hisobga olib, yaqin 2 yilda barcha qishloq va mahallalarni ana shunday tezkor internet bilan ta'minlashimiz kerak. Hozirgacha 7 mingdan ortiq sog'liqni saqlash, maktabgacha ta'lim muassasalari va maktablar yuqori tezlikdagi internetga ulangan bo'lsa, keyingi 2 yilda yana 12 mingta muassasa tezkor internetga ulanadi.
“Yosh bolalarni ko'rib havasingiz keladi, ularga bugun biz sharoit yaratmasak, boshqa davlat yaratib beradi. Ular albatta boshqa davlatga ketib boshlagan va buni to'xtatishimiz kerak va bilimli yoshlarimizga sharoitlar yaratishimiz shart. Soha uchun xorijiy hamkorlarimiz bilan birga bir million, bir ming emas, shuni alohida aytaman, bir million dasturchi tayyorlanadi. 3-4 yilda katta natija bo'ladi. Ular sohalarga kiradi. Istaymizmi yo'qmi, islohotlarni tezlashtirishga turtki bo'ladi”, dedi davlatimiz rahbari.
Buning uchun tashabbuskor bo'lib maydonga chiqadigan yangi avlod kadrlarni tarbiyalash zarur. Strategik fikr yuritadigan malakali kadrlar kerak. Shuning uchun bog'chadan boshlab ta'limning barcha bo'g'inlarida ta'lim sifatini oshirish darkor.
Nafaqat yoshlar, balki butun jamiyatimiz a'zolarining saviyasini oshirish lozim. Zero, davlatimiz rahbari ta'biri bilan aytganda, bizga ilm-ma'rifat va yuksak ma'naviyat kerak. Ilm yo'q joyda qoloqlik, jaholat va, albatta, to'g'ri yo'ldan adashish bo'ladi.
Saylovlar O'zbekistonning xalqaro imijini ko'tardi
Prezidentimiz ta'biri bilan aytganda, saylovlar xalqimiz uchun sinov va xalqaro hamjamiyat oldida katta siyosiy imtihon bo'ldi. Bu fikrning tasdig'i sifatida hayotiy bir misol keltirmoqchimiz.
Gap shundaki, o'zining 25 yillik faoliyati davomida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YEXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi tomonidan YEXHTga a'zo 50 dan ortiq davlatda qariyb 400 marta Prezident, parlament va mahalliy organlar saylovlarining monitoringi o'tkazilgan.
O'zbekistonda keyingi 20 yil mobaynida YEXHT tomonidan 8 marotaba saylovlar monitoringi amalga oshirilgan. Shundan 3 tasi Prezident saylovi va 5 tasi parlament saylovlariga taalluqlidir.
Eng muhimi, yaqinda bo'lib o'tgan mamlakatimiz parlamenti saylovlarida ilk bor YEXHTning to'laqonli missiyasi tomonidan kuzatuv amalga oshirildi va MDHga a'zo davlatlarda o'tkazilgan saylovlar ichida eng yuqori baholandi. Boshqacha aytganda, ushbu saylovlar dunyoga yangi O'zbekistonni namoyon etdi.
Yangi Saylov kodeksi asosida bo'lib o'tgan ushbu saylovlar biz uchun katta siyosiy imtihon bo'ldi. Mamlakat ichida: xalqimiz islohotlarimizga o'z munosabatini bildirdi. Xalqaro miqyosda jahon hamjamiyati yangi O'zbekistonga yuqori ijobiy baho berdi.
Saylovlar O'zbekistonning xalqaro imijini ko'tardi. Jahon aro do'stu hamkorlarimiz oldida obro'-e'tiborimiz yanada yuksaldi.
Prezidentimiz ta'biri bilan aytganda, xalqimiz bu sinovdan yorug' yuz bilan o'tdi. Saylov natijalari, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarning orzu-intilishlarini ifoda etib, ular uchun yangi imkoniyatlar ochib berishga qaratilgani bilan biz uchun juda muhimdir.
Saylovlarning o'ziga xos xususiyatlaridan biri – gender masalasi bilan bog'liq. Ya'ni, ilk marotaba O'zbekiston parlamentida ayollar soni bo'yicha BMT tavsiyalari (kamida 30 foiz) to'liq bajarildi.
Qonunchilik palatasiga 32 foiz ayol-deputatlar saylangani, o'z navbatida, dunyodagi 190 parlament ichida O'zbekiston parlamentining 37-o'ringa ko'tarilishini ta'minladi. Bundan atigi besh yil ilgari, 2014 yilda bu ko'rsatkich bo'yicha mamlakatimiz 128-o'rinda edi.
Yoshlar masalasi, chindan ham, yangi O'zbekiston taraqqiyotining muhim omili hisoblanadi. Qonunchilik palatasiga 30 yoshgacha bo'lgan 9 nafar deputat (6 foiz) saylangani ham buning yorqin tasdig'idir. Shunday qilib, bugun parlamentimiz quyi palatasi tarkibining 6 fozini yoshlar tashkil etmoqda. Jahon miqyosida bu ko'rsatkich atigi 2 foizga yetadi, xolos.
Birgina shu raqamlarning o'zi ham yurtimiz ayollari jamiyatda o'zlarining haqiqiy o'rnini egallab borayotganidan dalolat beradi. Binobarin, xotin-qizlar va yoshlarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini har tomonlama ta'minlash O'zbekiston Prezidenti olib borayotgan adolatli siyosatning ustuvor yo'nalishlaridandir.
Murojaatnomada ta'kidlanishicha, 2020 yilda 5,5 ming xotin-qizning kichik biznes loyihalariga 100 milliard so'm miqdorida imtiyozli kredit beriladi. Buning uchun banklarga davlat byudjetidan resurs ajratiladi. Bundan tashqari, 1 ming 576 xotin-qizga yangi uy-joyga ega bo'lishi uchun byudjet hisobidan boshlang'ich badal to'lab beriladi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj opa-singillarimizni Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlarida 5 ta muhim tashabbus doirasida qisqa o'quv kurslarida o'qitish tashkil etiladi, dedi davlatimiz rahbari.
Murojaatnomada, shuningdek, yoshlar bilan ishlash samaradorligini baholash bo'yicha yagona ko'rsatkichlar ishlab chiqish, yoshlar siyosatini baholashning milliy indeksini joriy etish kerakligi qayd etildi.
Bularning barchasi, o'z navbatida, joriy yilda xotin-qizlar va yoshlarni qo'llab-quvvatlash borasidagi ishlar yangi pog'onaga ko'tarilganini yana bir bor tasdiqlaydi.
“Har bir inson O'zbekistonda adolat hukm surayotganiga to'la ishonch hosil qilishi kerak”
Ma'lumki, 2019 yil sentyabrda BMT Inson huquqlari kengashining sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo'yicha maxsus ma'ruzachisi Diego Garsiya-Sayan yurtimizda rasmiy tashrif bilan bo'ldi. O'shanda Diego Garsiya-Sayan dastlabki tavsiyalarini berdi.
Ushbu tavsiyalar sudyalarni saylash va tayinlash;
sudyalarning lavozimida ishlab qolishini kafolatlash;
sudyalarni professional asosda tayyorlash;
sud raislarini tayinlash tartibi va ularning vakolatlari ko'lamini qayta ko'rib chiqish;
sudyalarga intizomiy chora ko'rish tartib-taomillarini mukammallashtirish;
Oliy sud kengashi a'zolarini saylash va tayinlash tizimini takomillashtirish;
prokuratura tizimi vakolatlarini qisqartirish;
advokatlar sonini oshirish va yosh huquqshunoslarni ushbu kasbga qiziqtirish uchun targ'ibot ishlarini kuchaytirish istiqbollari bilan bog'liq.
Murojaatnomada sudlar tomonidan o'tgan 3 yilda 1 ming 989 nafar, 2019 yilning o'zida 859 nafar fuqaroga nisbatan oqlov hukmi chiqarilganiga doir raqamlar bayon etildi. Shuningdek, 2019 yilda 3 ming 81 nafar shaxs sud zalidan ozod qilingan bo'lsa, 2 ming 623 nafar fuqaroga asossiz qo'yilgan moddalar, ayblovdan chiqarilgan va o'zgartirilgan.
Endi sud orqali insonlarning huq?uqi tiklanganini e'tirof etish bilan cheklanib qolmasdan, nima sababdan sudgacha bo'lgan tergov jarayonida, inson huquq va erkinliklari buzilgan, degan savolni ham ko'ndalang qo'yadigan, tazyiqlar uchun javob beradigan vaqt keldi, dedi davlatimiz rahbari. Eski tuzumdan qolgan va hanuz davom etayotgan sud qarorlarini prokuratura tomonidan chaq?irib olib, o'rganish amaliyotini cheklash lozim.
Endi faqat ish yuzasidan shikoyat kelib tushgan holdagina, prokuror sud qarorini olib o'rganishi mumkin. Sud raislari tomonidan sud`yalarning faoliyatini baholash va ularga nisbatan intizomiy ish qo'zg'atish bo'yicha vakolatlarni qayta ko'rib chiqish kerak.
Davlat idoralari mansabdorlari shuni chuqur anglab olsinlar: sudlar mustaqilligini ta'minlash masalasi bundan buyon ham shaxsan Prezidentning qattiq nazoratida bo'ladi. Sud ostonasiga qadam qo'ygan har bir inson, O'zbekistonda adolat hukm surayotganiga to'la ishonch hosil qilishi kerak, dedi Prezidentimiz.
Fuqarolik masalalariga oid qonunchilikni takomillashtirish orqali inson huquqlarini ta'minlash borasida navbatdagi muhim qadam qo'yish zarurligini hayotning o'zi taqozo
etmoqda.
Jumladan, mamlakatimizda uzoq vaqtdan beri yashab kelayotgan, lekin O'zbekiston fuqarosi degan huquqiy maqomga ega bo'la olmayotgan, minglab yurtdoshlarimizning ana shu muammosini qonuniy hal qilish bo'yicha, tashkiliy-huquqiy choralarni ko'rish vaqti keldi.
Xususan, 1995 yilgacha O'zbekistonga kelgan va shundan buyon istiqomat qilayotgan shaxslarga O'zbekiston Respublikasi fuqaroligi avtomatik tarzda berilishi darkor. Prezidentimizning ta'kidlashicha, bu orqali 50 mingga yaqin yurtdoshlarimizning fuqarolik bilan bog'liq, uzoq yillardan buyon yechilmay kelayotgan muammolari hal etiladi.
O'zbekistonning 3 yilda – 30 ta xalqaro tashabbusi
Prezidentimiz parlamentning xalqaro aloqalarini rivojlantirish istiqbollari xususida atroflicha to'xtaldi. Avvalo, parlamentimiz O'zbekiston Prezidentining xalqaro tashabbuslarini amalga oshirishda faol ishtirok etishi kerak.
Davlatimiz rahbari so'nggi uch yilda turli nufuzli xalqaro tashkilotlarda qariyb 30 ta tashabbus bilan chiqdi. Jumladan, Prezidentimiz BMT darajasida ilgari surgan 7 ta tashabbus bo'yicha BMT Bosh Assambleyasining rezolyutsiyalari qabul qilindi.
SHHT doirasida O'zbekiston Prezidentining 8 ta xalqaro tashabbusi amalga oshirildi. Xuddi shunday 10 dan ziyod muhim tashabbuslar YUNESKO, MDH, IHT, TURKSOY, Markaziy Osiyo mintaqasi miqyosida ilgari surildi.
Davlat rahbari ta'kidlaganidek, biz O'zbekiston tashqi siyosatini faollashtirish yuzasidan boshlagan keng ko'lamli ishlarni, milliy manfaatlarimizga javob beradigan, ochiq, pragmatik va chuqur o'ylangan tashqi siyosat kursini davom ettiramiz. Olis va yaqindagi barcha davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini, uzoq muddatli va ko'p qirrali sheriklikni yanada kuchaytiramiz.
Bu borada Murojaatnomada quyidagi ustuvor jihatlarga e'tibor qaratildi.
Birinchidan, Markaziy Osiyo mintaqasidagi mamlakatlar bilan barcha sohalarda o'zaro do'stlik, yaxshi qo'shnichilik va strategik sheriklik ruhidagi munosabatlarni sifat va mazmun jihatdan yangi bosqichga olib chiqishimiz zarur.
Ikkinchidan, Rossiya Federatsiyasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Amerika Qo'shma Shtatlari, Yaponiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Yevropa Ittifoqi va Osiyo mamlakatlari bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirishga alohida ahamiyat beramiz.
Uchinchidan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy kengash va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar doirasida, ko'p tomonlama hamkorlikni jadallashtirishni davom ettirishimiz zarur.
Orol muammosini hal etishda xalqaro hamkorlikni kuchaytirish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan tuzilgan Orol dengizi mintaqasida inson xavfsizligini ta'minlash bo'yicha ko'p tomonlama Trast fondiga katta ishonch bilan qaraymiz.
To'rtinchidan, Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi va Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida faoliyatimiz samarasini yanada oshirishimiz zarur. O'zbekistonning 2020 yilda Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligiga raislik qilishi biz uchun tarixiy ahamiyatga ega.
Biz Hamdo'stlikda savdo-iqtisodiy va transport-tranzit sohalarida hamkorlikni kengaytirish, tashkilot tomonidan qabul qilingan qarorlarning amaliy natijadorligini oshirish va a'zo davlatlar o'rtasida gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlash uchun barcha salohiyat va imkoniyatlarni ishga solamiz, dedi davlatimiz rahbari.
Shanxay hamkorlik tashkiloti bilan munosabatlarni rivojlantirish O'zbekiston tashqi siyosatining muhim yo'nalishi bo'lib qoladi. Bundan tashqari, joriy yilda Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi, Markaziy Osiyo, Yevropa Ittifoqi va Osiyo mamlakatlari bilan oliy darajadagi ikki va ko'p tomonlama tadbirlar o'tkazilishi kutilmoqda.
O'zbekiston Prezidenti tomonidan BMT Bosh Assambleyasi minbaridan ilgari surilgan muhim xalqaro tashabbus – BMTning Yoshlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyasini ishlab chiqish jarayonlarida parlamentimiz ham faol bo'lishi kerak. Bu yangi xalqaro huquqiy hujjatning qabul qilinishi globallashuv va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanib borayotgan bugungi sharoitda yoshlarga oid siyosatni amalga oshirishga xizmat qilishi bilan juda muhimdir.
Joriy yilda tashkil etiladigan Inson huquqlari bo'yicha Samarqand forumi ham aynan yoshlar huquqlariga bag'ishlanishi bejiz emas. Ma'lumki, 2018 yili qadimiy va navqiron Samarqandimizda Inson huquqlari bo'yicha ilk Osiyo forumi tashkil etilganligi xalqaro jamoatchilik tomonidan yuqori baholandi.
O'zbekiston BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi a'zoligiga ilk bora saylanish uchun nomzodini ko'rsatgan. Joriy yilning kuzida bo'ladigan ushbu saylovda yorug' yuz bilan kutilgan natijaga erishishimiz ham qarz, ham farzdir. Davlatimiz rahbari bu borada barcha choralarni ko'rish uchun zarur topshiriqlar berdi.
Inson huquqlari bo'yicha milliy strategiyani qabul qilishni ham tezlashtirish kerakligiga e'tibor qaratildi.
Parlament – xalq irodasining haqiqiy ko'zgusi
Prezidentimiz parlamentga Murojaatnoma taqdim etishidan oldin yangi saylangan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining birinchi majlislarida, shuningdek, har ikki palataning ilk qo'shma yig'ilishida ishtirok etdi hamda nutq so'zladi. Bu jarayonlarda parlament palatalarining rahbariyati tasdiqlandi, qo'mitalar va komissiyalar tuzildi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti yangi O'zbekistonning yangi saylovlar asosida saylangan yangi parlamenti tarkibini ana shu ulug'vor g'oyani amalda namoyon etishga chaqirdi.
"El-yurtimiz sizlarga haqli ravishda katta umid va ishonch bilan qaramoqda", deb ta'kidladi davlatimiz rahbari.
Bu haqda so'z borganda, Prezidentimiz parlament a'zolari bilan keyingi uch yil ichida 11 marta uchrashganini alohida ta'kidlash lozim. Davlat rahbari bu muloqotlarda har gal parlament va siyosiy partiyalar rolini oshirishga, davlat boshqaruvini tubdan isloh qilishga, jamiyatda Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta'minlashga, inson huquqlarini himoya qilishga ustuvor ahamiyat bermoqda.
O'zbekiston Prezidentining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a'zolari bilan navbatdagi uchashuvi bu borada yangi, tarixan yuksak bosqichga asos soldi. Davlat rahbari davlat va jamiyat hayotining turli sohalaridagi ko'plab dolzarb muammolarni ko'tardi. Mavjud kamchiliklarni ochiq va achchiq tanqid qildi, istiqboldagi ustuvor vazifalarni belgilab berdi.
Davlat rahbari tomonidan “Yangi O'zbekiston – yangi saylovlar – yangi parlament” degan ustuvor g'oya dolzarb vazifa sifatida kun tartibiga qo'yildi.
Yangi O'zbekistonda vaziyat tubdan o'zgargan bugungi davrda, ya'ni yangilangan O'zbekiston sharoitida yangi parlament qanday bo'lishi kerak?
Avvalo, yangi saylangan, o'zgargan deputatlarni odamlar sezishi lozim. Yangi parlamentning yangicha faoliyatini xalq sezsin va munosib baholasin.
Bu, o'z navbatida, yangi parlamentdan o'rin olgan siyosiy partiyalar va ularning vakillari saylovoldi dasturlari va va'dalarini nechog'lik bajarishlariga bog'liq. Sodda qilib aytganda, yangi parlament aholining talab va ehtiyojlariga javob berishi lozim.
Aholi esa endilikda siyosiy mudroqlikdan uyg'ondi va bu o'ziga xos siyosiy uyg'onish bo'ldi. Keyingi bir necha yil ichida odamlarning siyosiy saviyasi o'sdi, dunyoqarashi o'zgarmoqda.
Shunday ekan, ongli ravishda faoliyat yuritadigan deputatlar yangi parlamentning yuzini ko'rsata bilishlari kerak. Deputatlik ma'suliyati degani ham shu, aslida.
Yangidan shakllangan parlamentimiz a'zolarining aksariyatini ilk bor deputat bo'lib saylangan shijoatli insonlar, o'z ishining ustalari tashkil etadi. Lekin ularning barchasi bugundanoq qonun yozishga qodir, deb aytolmaymiz.
Albatta, ushbu hamkasblarimizdan har biri o'z sohasining yuksak iqtidorli mutaxassisi ekaniga shubha yo'q. Ammo juda qisqa muddatlarda ular o'zlarining qonun ijodkorligi, qonun texnikasi va parlamentning boshqa faoliyatiga taalluqli sohalardagi bilim va ko'nikmalarini oshirib ulgurishlari taqozo etiladi.
Shu ma'noda, Prezidentimiz tomonidan Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan birgalikda deputatlarning malakasini doimiy oshirib borish yuzasidan yangicha tizim – deputatlik o'quvlarini joriy etish taklif qilingani ayni muddaodir.
Bizning muammolarimizni hech kim tashqaridan kelib hal qilib bermaydi. Deputatlar befarq bo'lmasliklari kerak. Yangi parlamentning samarali faoliyati deputatlarning saviyasi va professionalligiga bog'liq. Islohotlar natijasiga deputatlar ham ma'sul va javobgardir. Deputatlik – bu buyuk ma'suliyat va javobgarlikdir.
Oddiy odamlarning ovozini olib, saylangan deputat shu oddiy odamlarning dardu tashvishi bilan yashashi shart. Odamlarni qanday qilib rozi qilish mumkin? Albatta, xalq bilan qancha ko'p uchrashilsa, muloqot qilinsa, shuncha kam xato qilamiz va ko'p natijaga erishamiz.
Murojaatnomada bayon etilganidek, Prezidentning Virtual va Xalq qabulxonalariga o'tgan yilda bir milliondan ziyod murojaat tushgan. Ana shu murojaatlar odamlarni qanday muammo va tashvishlar qiynayotgani haqida xulosa chiqarishga imkon bermoqda.
Prezidentimiz bundan buyon murojaatlar tahilili asosida amaliy ishlar olib borilishini qayd etdi. Bu kabi vazifalarni bajarish barcha davlat organlari, ayniqsa senator va deputatlar zimmasiga alohida mas'uliyat yuklaydi.
Yangi parlament – xalqparvar parlament bo'lishi kerak. Xalq vakillari faoliyat olib boradigan parlament – aslida, Xalq uyidir.
Hozirgi kunda parlament qonunchilik faoliyati zamon talablariga to'la javob beradi deya olmaymiz. Ishlab chiqayotgan qonunlarimiz aniq bir sohadagi ayrim vazifalarnigina hal qilishga xizmat qiladi. Ular hali kompleks xarakterga ega yoki kodifikatsiyalashgan emas. Bu borada qiladigan ishlarimiz talay.
Qonun ijodkorligimiz hozirgi islohotlar shiddati va sur'atlaridan ancha ortda qolmoqda. Vaholanki, qonun ijodkorligi islohotlardan sal bo'lsa ham ilgariroq yurishi kerak.
Bu borada biz hali islohotlardan ilgarilash u yoqda tursin, jamiyat va davlat hayotidagi tub o'zgarishlarning qonuniy asoslarini hayot, zamonamiz va bugungi kun talablaridan kelib chiqib ta'minlab borishga ham to'la erishganimiz yo'q.
Ayniqsa, yaqinda bo'lib o'tgan saylovlar oldimizda parlamentarizmni va ko'ppartiyaviy tizimni yanada mustahkamlash, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, xalqimizning huquqiy ongi va tafakkurini, huquqiy bilim va ko'nikmalarini oshirish borasida hali talaygina vazifalar turganini ko'rsatdi. NNT va siyosiy partiyalarning faoliyatini qo'llab-quvvatlash borasidagi qonun hujjatlarini ham kodifikatsiyalash lozim.
Murojaatnomada alohida ta'kidlanganidek, yangi Parlament va Hukumatning kelgusi 5 yildagi faoliyatining pirovard maqsadi – O'zbekistonda yashayotgan ko'p millatli xalqimiz hayotini yuksaltirishdan iborat bo'lishi shart.
“Shu munosabat bilan deputatlarimizga murojaat qilib, shuni aytmoqchiman. Saylovoldi uchrashuvlarida aholi tomonidan ko'tarilgan dolzarb masalalarni hal etish bo'yicha, aniq dastur va “yo'l xaritasi”ni ishlab chiqish hamda uni mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda to'liq amalga oshirish zarur”, dedi Prezidentimiz.
“Parlament diplomatiyasi” – muhim imkoniyatdir
Yangi parlament O'zbekistonning xalqaro obro'sini oshirishga o'z hissasini qo'shishi darkor. Ayniqsa, “Demokratiya indeksi”, "Qonun ustuvorligi indeksi", "Korruptsiyani nazorat qilish indeksi"da yangi O'zbekiston o'zining namuna bo'lgulik sifatlarini namoyon etishi zarur.
Keyingi davrda O'zbekistonning xalqaro reytinglardagi mavqeini oshirish bo'yicha Prezidentimizning 12 ta farmon va qarorlari qabul qilindi. Mazkur hujjatlar bu borada muayyan ijobiy o'zgarishlarga erishishimiz uchun mustahkam huquqiy asos vazifasini o'tamoqda.
Xususan, mamlakatimiz "Biznes yuritish indeksi"da 100 pog'onadan ko'proq yuqoriladi va hozir 69-o'rinda turibdi. Shuningdek, O'zbekiston keyingi davrda “Iqtisodiy erkinlik indeksi”da 26 pog'onaga, “Logistika samaradorligi indeksi”da esa 19 pog'onaga ko'tarildi.
Yaqin orada "So'z erkinligi va hisobdorlik indeksi", "Jahon matbuoti erkinligi indeksi" kabi xalqaro reytinglarda ko'rsatkichlarimizni butunlay yangilashimiz taqozo etiladi.
Binobarin, O'zbekistonning halqaro iqtisodiy va ijtimoiy reytinglar, siyosiy muhitni aniqlashga oid indekslardagi o'rnini yaxshilab borishda – bu “duing biznes” bo'ladimi, investitsiya muhitiga oid bo'ladimi, inson huquqlari yoki matbuot va so'z erkinligi sohasidami, “innovatsion rivojlnishga tayyorlik”ga tegishli bo'ladimi va hokazo – ushbu jarayonlarda nafaqat ijro xokimiyati, balki vakillik hokimiyatining ham ahamiyati yuksakdir.
Parlamentning tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy siyosat borasidagi faoliyatini, uning ustuvor yo'nalishlarini aniqlash, nufuzli xalqaro tashkilotlarda O'zbekistonning milliy manfatlarini himoya qilish kabi vazifalarini samarali amalga oshirish talab etiladi.
Xususan, mintaqamizda yaxshi qo'shnichilik muhitini mustahkamlash, iqtisodiy va ijtimoiy-gumanitar sohalarga investitsiyalar jalb etish kabi yo'nalishlarda O'zbekiston bilan xorijiy mamlakatlar o'rtasidagi parlamentlararo ikki tomonlama hamkorlik guruhlari, xalqaro tashkilotlar doirasidagi parlamentlararo tuzilmalardagi ishtirokimizdan samarali foydalanish bugungi kunning dolzarb talablaridandir.
Biz qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil va xalqaro hamkorlik bo'yicha faoliyatimizda ushbu masalalarga alohida e'tibor qaratishimiz zarur.
Keyingi davrda Oliy Majlis Prezidentimiz tashqi siyosiy yo'lining faol ishtirokchisiga aylangani, shubhasiz, mamlakatimizda parlament diplomatiyasi rivojlana boshlaganini ko'rsatadi. Zero, O'zbekiston parlamenti endilikda parlamentlararo xalqaro tashkilotlarda ishtirok etmoqda. Ikki tomonlama deputatlik guruhlari ko'payib, 28 taga yetdi va ular izchil faollashdi.
Ayni chog'da, Prezidentimiz parlamentning nafaqat islohotlarni ta'minlash uchun zarur qonuniy asoslarni yaratib berish, balki mamlakat manfaatlarini har tomonlama himoya qilish va ilgari surish borasidagi faoliyatini ham tubdan qayta ko'rib chiqish zaruriyatiga e'tiborni qaratdi. Haqiqatan ham, hali biz “parlament diplomatiyasi”, “xalqona yoki partiyaviy diplomatiya” imkoniyatlaridan yetarli darajada foydalanmadik.
Shu o'rinda O'zbekiston Prezidentining Oliy Majlis Qonunchilik palatasining kelgusi faoliyati bo'yicha bildirgan fikrlariga to'xtalish maqsadga muvofiqdir.
Birinchidan, Konstitutsiyaga muvofiq, Qonunchilik palatasining eng muhim vakolatlaridan biri – bu xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya yoki denonsatsiya qilish hisoblanadi. Shu bilan birga, Prezidentimiz uqtirganidek, O'zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining Hukumat tomonidan izchil bajarilishini nazorat qilish ham quyi palataning asosiy vazifasi bo'lishi kerak.
Ikkinchidan, Qonunchilik palatasi bundan buyon Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish bo'yicha vazirlar hisobotlarini eshitishni yo'lga qo'yishi
lozim.
Uchinchidan, Inson huquqlarini himoya qilishda Qonunchilik palatasi rolini oshirish, xalqaro tashkilotlar tavsiyalari ijrosini tashkil etish, “yo'l xaritalari”ni ishlab chiqish va ijro etish ham quyi palataning diqqat markazida bo'lishi kerak.
To'rtinchidan, bugungi kunda jahon parlamentarizmida ilg'or tajriba bo'lmish, ya'ni nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlarini qo'llab-quvvatlash amaliyoti xalqaro darajada e'tirof etilmoqda. Shu bois, davlatimiz rahbari qayd etganidek, ushbu nomdagi Parlament komissiyasi faoliyati izchil muvofiqlashtirib borilishi muhim.
Beshinchidan, Oliy Majlis huzurida Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tuzilgan. Bu institut qonun loyihalarini tayyorlashda, ularni muhokama qilishda, qabul qilingan qonunlar mohiyatini jamoatchilikka yetkazishda parlament a'zolariga haqiqiy yordamchi bo'lishi lozim.
Oltinchidan, qonun ijodkorligi faoliyatiga ilmiy-innovatsion omilni keng joriy etish ham bundan keyin quyi palataning muhim vazifasi bo'lib qolishi kerak.
Bugungi kunda O'zbekistonimiz o'z taraqqiyot yo'lidan jadal ilgarilab bormoqda. O'tgan uch yil davomida amalga oshirgan islohotlarimiz dastlabki samaralarini bera boshladi. Jahon hamjamiyatida O'zbekistonga qiziqish va e'tibor, mamlakatimizning kuch va imkoniyatlariga, uning kelajagiga bo'lgan ishonch tobora ortib bormoqda.
Bu, o'z navbatida, taraqqiyotning yangi bosqichiga chiqish, ko'zlagan maqsadlarimizga yetish uchun mustahkam zamin yaratmoqda. Shunday ekan, bag'rikeng, mehnatkash va olijanob xalqimizning ishonchiga sazovor bo'lgan har birimiz o'z joyimizda bu yuksak ishonchni amaliy ishlar bilan oqlashimiz kerak. Prezidentimiz ta'kidlaganidek, “Bu bizning nafaqat fuqarolik, balki, eng avvalo, ona Vatanimiz oldidagi farzandlik burchimizdir”.
Xulosa qilib aytganda, davlat boshlig'ining parlamentga Murojaatnomasi – dasturiy siyosiy-huquqiy hujjatdir.
Murojaatnomada, birinchidan, Prezidentning mamlakatni yaqin istiqbolda rivojlantirishga doir strategik yo'nalishlar bo'yicha nuqtai nazari bayon qilindi;
ikkinchidan, siyosiy, iqtisodiy, g'oyaviy-mafkuraviy qoidalar bilan bir qatorda, parlamentning qonun ijodkorligi faoliyatiga taalluqli aniq takliflar ilgari surildi;
uchinchidan, u jahon konstitutsiyaviy amaliyotida hokimiyat vakolatlari bo'linishi printsipini ta'minlashga qaratilgan muhim huquqiy institut sifatida namoyon bo'ldi.
O'zbekiston Prezidenti Oliy Majlisga Murojaatnomasini keng jamoatchilikka havola qildi. Agar ushbu muhim siyosiy-huquqiy tadbir televidenie kanallari va internet tarmog'i orqali to'g'ridan-to'g'ri namoyish etilganini hisobga olsak, Prezident Shavkat Mirziyoevning Murojaatnomasi nafaqat milliy parlament a'zolariga, balki butun O'zbekiston xalqiga bevosita murojaat sifatida yanada ahamiyatlidir.
Akmal Saidov,
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari
- Qo'shildi: 24.01.2020
- Ko'rishlar: 5673
- Chop etish