O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Yaponiya Bosh vaziri Sindzo Abening taklifiga binoan 2019 yil 17-20 dekabr kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo'ladi.
Yaponiya Bosh vaziri Sindzo Abe, Parlamentning Maslahatchilar palatasi prezidenti Akiko Santo, Parlamentning Vakillar palatasi spikeri Tadamori Osima, Bosh vazir o'rinbosari, moliya vaziri Taro Aso bilan muzokaralar bo'lib o'tadi, deb xabar berdi O'zA. Tomonlar O'zbekiston-Yaponiya munosabatlarini, shu jumladan, istiqbolda rivojlantirishning uzoq muddatli ustuvor yo'nalishlarini muhokama qiladilar, xalqaro ahamiyatga molik dolzarb muammolar yuzasidan fikr almashadilar.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Yaponiya Imperatori Naruxito tomonidan qabul qilinadi.
Tashrif dasturidan Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) prezidenti Sinichi Kitaoka, yetakchi sanoat va moliya tuzilmalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o'rin olgan. Mamlakatlarimiz ishbilarmonlik doiralari o'rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, Yaponiya kompaniyalari vakillarini O'zbekistondagi yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishga o'zaro manfaatli shartlarda jalb qilish masalalarini ko'rib chiqish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari Yaponiyaning eng muhim iqtisodiy markazlaridan biri – Nagoya shahriga tashrif buyurib, shaharlar va ta'lim muassasalari o'rtasida sheriklik aloqalarini o'rnatish istiqbollarini muhokama qilish uchun Aichi prefekturasi gubernatori Xideaki Omura, shahar meri Takasi Kavamura, Nagoya universiteti rektori Seyichi Matsuo bilan uchrashadi.
Muzokaralar natijasi bo'yicha O'zbekiston bilan Yaponiya o'rtasida strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirish to'g'risida Qo'shma bayonot qabul qilinishi, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, bojxona, turizm, ilmiy-texnik va boshqa sohalardagi hamkorlikning shartnoma-huquqiy asosini mustahkamlashga qaratilgan qator hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.
*
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Yaponiyaga rasmiy tashrifi arafasida milliy parlament a'zolari, davlat tashkilotlari rahbarlari va fuqarolik jamiyati institutlari faollaridan iborat O'zbekiston delegatsiyasi ushbu mamlakatda bo'lib turibdi. Mamlakatimiz delegatsiyasi a'zolari kunchiqar yurtdagi turli muloqot va tadbirlarda ishtirok etmoqda.
13 dekabr kuni O'zbekiston parlamenti delegatsiyasi a'zolari Yaponiya Adliya vazirining o'rinbosari bilan uchrashdi. Yaponiyaning Ichki ishlar va kommunikatsiyalar vazirligida ham delegatsiyamiz a'zolari ishtirokida qiziqarli muloqot bo'lib o'tdi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
(Suratlar delegatsiya a'zosi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Eldor Tulyakovning “Facebook”dagi sahifasidan olindi)
- Qo'shildi: 14.12.2019
- Ko'rishlar: 5372
- Chop etish