Yana bir necha kundan so'ng O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining beshinchi yalpi majlisi boshlanadi. O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 11 iyun kuni bo'lib o'tgan majlisida Senat yalpi majlisini joriy yil 19 iyun kuni chaqirish to'g'risida qaror qabul qilindi, deb xabar tarqatdi senat.uz sayti.
Videokonferentsaloqa shaklida o'tkaziladigan yalpi majlisda bir qator dolzarb masalalar ko'rib chiqilishi rejalashtirilgan. Xususan, “Innovatsion faoliyat to'g'risida”gi, “Ov qilish va ovchilik xo'jaligi to'g'risida”gi, “Fuqarolarning jamoat tartibini saqlashda ishtirok etishi to'g'risida”gi, “Geodeziya va kartografiya faoliyati to'g'risida”gi qonunlar shular jumlasiga kiradi.
Bundan tashqari, “Energiyadan oqilona foydalanish to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonuniga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish haqida”gi, “O'zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta'minlashga qaratilgan o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi, “O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi qonunlar senatorlar tomonidan muhokama qilinishi kutilmoqda.
Senatda muhokama qilinadigan barcha muhim masalalar qatori ko'rib chiqiladigan yangi qonunlarga ham ularning inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlashga nechog'lik xizmat qilishi nuqtai nazaridan qat'iy yondashiladi. Bu haqda so'z borganda, “O'zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta'minlashga qaratilgan o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi qonunni misol sifatida keltirish mumkin.
Parlament manbalarining qayd etishicha, Ispaniya, Janubiy Koreya, Turkiya, Frantsiya, Estoniya, Yaponiya, Belarus`, shuningdek qo'shnilarimiz Qozog'iston, Qirg'iziston va Turkmaniston davlatlarining tajribasini batafsil o'rganish asnosida Jinoyat-ijroiya kodeksiga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish bo'yicha zamon talabiga mos qonun ishlab chiqilgan. Unda jazo muddatini o'tash davomida mahkumlar shaxsiy xavfsizligini ta'minlash bilan bog'liq choralar kengaytirilmoqda.
Jumladan, yangi norma bilan ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxsning xavfsizligiga tahdid yuzaga kelgan taqdirda, u o'z shaxsiy xavfsizligini ta'minlash to'g'risidagi ariza yo xabar bilan jazoni ijro etish muassasasi yoki organining har qanday xodimiga murojaat qilishga haqli ekanligi belgilangan. Mahkumning arizasi yo xabari olinishi hamon zudlik bilan shaxsiy xavfsizlikni ta'minlash choralari ko'rilishi shart.
Yangi qonunda mahkumlar huquq va erkinliklarini yanada kengaytirish maqsadida voyaga yetmaganlarning ota-onasi yoki ularning o'rnini bosuvchi shaxslar bilan uchrashuvlaridagi amaldagi cheklovlar bekor qilinmoqda. Mahkumalar bilan voyaga yetmagan farzandlari uchrashuvlarining alohida tartibi belgilanmoqda.
Muxtasar aytganda, mazkur qonun mahkumlar huquqlari va erkinliklarini kengaytirish, qonuniy manfaatlarini ishonchli tarzda himoya qilishga qaratilgan. Qonun jazoni ijro etish tizimida shaxsni axloqan tuzatish, uning jamiyatga ijtimoiy moslashuvini amalga oshirishda huquqiy asos bo'lib xizmat qiladi.
Ushbu qonun Parlament yuqori palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo'mitasi tomonidan viloyatlarda o'tkazilgan sayyor yig'ilishlarda Oliy Majlis deputatlari, viloyat, shahar va tuman Kengashlari deputatlari ishtirokida atroflicha muhokama qilingan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 16.06.2020
- Ko'rishlar: 4113
- Chop etish