Mamlakatimiz o'z taraqqiyotining yangi bosqichiga qat'iy qadam qo'yganini anglatadigan jadal islohotlarning pirovard maqsadi tom ma'noda inson, uning xuquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari eng yuksak qadriyat sifatida tan olinadigan demokratik huquqiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyatini qurishdir.
Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida: “Yangi O'zbekistonni buyuk tarix, buyuk davlat, buyuk madaniyat yaratgan, mehnatkash, azmu shijoatli, adolatni qadrlaydigan xalqimiz bilan birgalikda barpo etamiz hamda islohotlar natijasida xalqimiz uchun farovon va munosib turmush sharoitini yaratib berishimiz zarur”, deb ta'kidlagani maqsadimiz qat'iyligiga yana bir dalolat. “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” degan yangi g'oya kundalik faoliyatimizga tobora chuqur kirib borayotgani ana shu serqirra jarayonning mazmun-mohiyatini anglatadi.
E'tibor beraylik, ushbu g'oyalar davlat va jamiyat boshqaruvi, sud-huquq va ijtimoiy-gumanitar sohalarda, iqtisodiyotni erkinlashtirish va tashqi siyosat borasida oxirgi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli, tizimli, bir-birini to'ldiruvchi va taqozo etuvchi demokratik islohotlar va tub o'zgarishlarni o'zaro bog'lab turadi.
Yangilanayotgan O'zbekistonda fuqarolik jamiyati deganda shaxsning o'zini o'zi rivojlantirishga va inson kapitali oshishiga xizmat qiladigan, uning manfaatlari, huquq va erkinliklari maksimal darajada ro'yobga chiqishiga ko'maklashadigan, qonun ustuvorligi va adolat mezonlari tantana qilgan ijtimoiy makon tushuniladi.
Xalqaro hamjamiyat uchun ochiq, barqaror rivojlanayotgan O'zbekistonning eng muhim paradigmalari, ustuvor tamoyillari va amaliy hayot mezonlari davlatimiz rahbari belgilab berayotgan vazifalarda o'z aksini topmoqda. Bu jihatdan yangi O'zbekistonni barpo etishda quyidagi omillar ustuvor ahamiyat kasb etmoqda:
birinchidan, islohotlarning bosh maqsadi inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, or-nomusi, ehtiyojlari va manfaatlariga qaratilgani. Eng muhimi, butun xalqimiz va davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va biznes hamjamiyati, hayotning barcha jabhalarini erkinlashtirish, Harakatlar strategiyasida belgilangan olijanob maqsadlarga erishish g'oyalari atrofida jipslashayotgani;
ikkinchidan, jamiyat qurilishi va davlat boshqaruvi tubdan o'zgarib, “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” tamoyiliga amal qilinayotganligi;
uchinchidan, qonun va adolat ustuvorligi tamoyillarini hayotga qat'iy tatbiq etish, korruptsiyaga qarshi kurashish tizimi samarali faoliyat ko'rsatayotgan davlatlar qatoriga kirishga intilish, adolatli qonun va qarorlar qabul qilish, aholining adolatli sudlovga ishonchini oshirish islohotlarning muhim tarkibiy qismiga aylanayotgani;
to'rtinchidan, jadal yangilanishdan jamiyat taraqqiyoti va gullab-yashnashi tomon, “xalq boy bo'lsa, davlat ham boy va qudratli bo'ladi”, monopoliyaning har qanday ko'rinishiga yo'l qo'ymaslik va raqobat muhitini qo'llab-quvvatlash, shaxsiy mulkni hurmat qilish kabi tamoyillar hayotga tatbiq etilayotgani;
beshinchidan, erkinlik, mas'uliyat, halollik, adolat, bag'rikenglik va imkoniyatlar tengligi davlat va jamiyat rivojida dasturilamal bo'layotgani, shaxs, jamiyat va davlat manfaatlari uyg'unligiga tayanadigan adolatli fuqarolik jamiyati barpo etilayotgani, konstitutsiyaviy parlament demokratiyasi, erkin bozor iqtisodiyotining mamlakatimiz va xalqimiz ravnaqi asosiga aylanayotgani;
oltinchidan, rivojlangan davlatlar “to'rtinchi sanoat inqilobi” arafasida turgan bir paytda O'zbekistonning raqobatbardoshligini oshirish, mamlakatimizning innovatsion rivojlanish yo'lidan jadal harakatlanishi, “bilimlar iqtisodiyoti”, “raqamli iqtisodiyot”, “erkin axborot jamiyati” hamda insonparvar axborot maydoni shakllantirilayotgani;
yettinchidan, yuqori fuqarolik mas'uliyati, zamonaviy dunyoqarashga ega bo'lgan va hozirda yangi O'zbekistonni barpo etayotganlarning navqiron avlodi, barkamol yoshlar uchun munosib hayot sharoitlari, innovatsion ta'lim va umuminsoniy tamoyillarga asoslanadigan milliy tarbiya muhiti va uning samarali tizimi yaratilayotgani.
Mamlakatimizning yangi qiyofasi ana shunday omillar va serqirra islohotlar jarayonida barpo etilmoqda. Buning natijasida xalqimiz va mamlakatimizning zamonaviy qiyofasi shakllanmoqda.
Ayni paytda bularning barchasi yangi jamiyatni barpo etish yo'lidagi islohotlarning ortga qaytmasligi, bu yo'ldan qat'iyat va sobitqadamlik bilan borilayotganini anglatadi. Yangi O'zbekiston Prezidentimizning hayotbaxsh g'oyalari asosida, xalqimizning fidokorona mehnati evaziga barpo etilmoqda.
Shubhasiz, Murojaatnomada ushbu yo'nalishda belgilangan ustuvor vazifalarni bajarish uchun aholining keng qatlamlarini fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish, demokratik institutlar faoliyati samaradorligini ta'minlash orqaligina hal qilish mumkin. Shuning uchun ham so'nggi paytlarda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining barcha sohalarda o'zgarishlarni amalga oshirishdagi roli va ahamiyatini kuchaytirish bo'yicha muhim choralar ko'rilmoqda.
Avvalo, ular faoliyatining huquqiy asoslari takomillashtirilmoqda. Chunonchi, qisqa vaqt ichida NNTlar faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan 210 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi va ularni har tomonlama qo'llab-quvvatlash uchun zarur institutsional baza yaratildi.
Bular, xususan, «Yoshlarga oid davlat siyosati to'g'risida»gi, «Jamoatchilik nazorati to'g'risida»gi, “Ijtimoiy sheriklik to'g'risida»gi, «Kasaba uyushmalari to'g'risida»gi va «Volontyorlik faoliyati to'g'risida»gi qonunlardir.
Fuqarolik institutlari faoliyatining institutsional asoslarini mustahkamlash bo'yicha tashkiliy-huquqiy choralar ko'rildi. Jumladan, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo'yicha maslahat kengashi hamda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari qoshidagi ijtimoiy sheriklik bo'yicha jamoat kengashlari tuzildi.
Nogironlar, ayollar va oilalar, “Yoshlar – kelajagimiz” jamg'armalari tashkil etildi, ko'plab jamoat tashkilotlari faoliyati tubdan yaxshilandi. Ushbu institutlar barcha darajadagi davlat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari o'rtasida tizimli va samarali muloqot o'rnatish, mamlakatni jadal va har tomonlama barqaror rivojlantirishga qaratilgan sa'y-harakatlarni birlashtirishga xizmat qilmoqda.
O'zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi qabul qilinishi jamoat birlashmalarining saylovga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazishda tutgan o'rnini sezilarli darajada kuchaytirdi. Ilk bor fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlarining 11 mingga yaqin vakili saylovda kuzatuvchi sifatida ishtirok etdi. Saylovdagi demokratiya, ochiqlik va oshkoralikni ta'minlashga ko'ngillilar, shuningdek, xotin-qizlar qo'mitalari, O'zbekiston yoshlar ittifoqi va boshqa jamoat birlashmalari vakillari katta hissa qo'shdilar.
Parlament va jamoat nazorati, ijtimoiy sheriklik va fuqarolik jamiyati rivojlanishini monitoring qilish mexanizmlari mustahkamlandi. Bu borada jamoatchilik nazoratining samarali shakllarini joriy etish va ommaviy axborot vositalari vakillarining qonuniy huquqlariga zulm qilishning har qanday shakliga yo'l qo'ymaslik muhim ahamiyatga ega.
Shu ma'noda, Murojaatnomadagi jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish, davlat va jamiyat o'rtasida o'zaro yaqin hamkorlik o'rnatish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Jamoatchilik palatasini tashkil etish taklifi asl hayot haqiqatini, bugungi davr talabini aks ettiradi.
Ayni paytda bu BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarishda parlament, hukumat va fuqarolik jamiyati institutlarining amaliy hamkorligini yo'lga qo'yish, mazkur masala bo'yicha muntazam ravishda parlament va jamoatchilik eshituvlarini tashkil etish lozimligini anglatadi.
Samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda, jamoatchilik fikrini shakllantirishda va aholining fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlashda ommaviy axborot vositalari va “fuqarolar jurnalistlari” hissasi bebahodir. Umuman olganda, so'z erkinligini ta'minlash, fuqarolik institutlari, NNTlar rolini rivojlantirish va kuchaytirishga qaratilgan islohotlar jamiyat hayotida tub o'zgarishlarni amalga oshirdi.
Faqatgina 2019 yilning o'zida NNTlar inson huquq va erkinliklarini himoya qilish va ta'minlash, kichik biznes, xususiy tadbirkorlik va fermerlik harakatini rivojlantirish, ijtimoiy-iqtisodiy va ma'naviy-gumanitar sohalarda davlat dasturlarini amalga oshirishda huquqni qo'llash amaliyotining holati ustidan 700 marta jamoatchilik monitoringini o'tkazdi. Ularning natijalari bo'yicha hokimiyat vakillik organlarida ommaviy eshituvlar bo'lib o'tdi.
Bugungi kunda NNTlar mamlakatda inson huquqlari bo'yicha 70 dan ortiq xalqaro hujjatning bajarilishini monitoring qilishda, shuningdek, parlamentdagi va boshqa davlat idoralaridagi turli ishchi guruhlar faoliyatida qatnashmoqda.
Murojaatnomada milliy qonunchilikni yanada takomillashtirishdan maqsad faqat qonun qabul qilish emas, aksincha, yangi qonunlar ertaga odamlarga qanday amaliy naf berishi, ularning hayotini qanday yengillashtirishi haqida bosh qotirishdan iborat bo'lmog'i lozimligi alohida qayd etildi. Bu, albatta, qonun hujjatlari aholining keng qatlamlari, fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokida atroflicha muhokama qilingandan keyin qabul qilinishi kerakligidan ham dalolat beradi.
Ta'kidlash joizki, 2019 yilda 1,3 ming NNT vakillari ishtirokida “Faol investitsiya va ijtimoiy rivojlanish yilida Harakatlar strategiyasini amalga oshirish davlat dasturi” doirasida ishlab chiqilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining 60 dan ortiq jamoatchilik va ekspertlar muhokamasi tashkillashtirildi.
Bu jarayonni yangi O'zbekistonning yangi parlamenti faoliyatida sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish nazarda tutilgan.
Yuqorida qayd etilgan choralar fuqarolik jamiyatini shakllantirish, uning institutlari roli va ahamiyatini kuchaytirish masalalari jamiyat va davlatning barqaror rivojlanishida, xalq farovonligini oshirishda muhim omillar ekanini yana bir bor ko'rsatmoqda.
Prezidentimiz Murojaatnomasida NNTlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bugungi kunda aholini o'ylantirayotgan muammolarga davlat idoralari e'tiborini qaratib, o'zlarining asoslangan takliflarini berib borishlari maqsadga muvofiqligi ko'rsatib o'tildi.
Shuningdek, ijtimoiy sheriklik institutini yanada rivojlantirish, Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlash jamoat fondi faoliyatini takomillashtirish borasidagi vazifalar ham belgilab berilganligi alohida diqqatga sazovordir.
Muxtasar aytganda, amaliy natija bilan mustahkamlangan, barakali samara berayotgan islohotlar odamlarning qalbiga, shuuriga kirib bormoqda. Bu ezgu niyat bilan boshlangan islohotlar shiddatini hech kim, hech qanday kuch to'xtata olmaydi. Eng muhimi, islohotlar samarasini har bir fuqaro, oila bugun o'z hayotida his etib turibdi.
Ma'ruf USMONOV,
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi bosh mutaxassisi
- Qo'shildi: 10.02.2020
- Ko'rishlar: 5190
- Chop etish